Bolalari sog‘lom yurtning ertasi nurli

Bu hayotda har bir ota-ona farzandining sog‘lom, zehnli, kasb-hunarli va el-yurtiga sodiq bo‘lib voyaga yetishini istaydi. Bu ezgu maqsadni amalga oshirish istiqlolning ilk yillaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Konstitutsiyamizda bola huquqlari mustahkam kafolatlangan bo‘lib, Asosiy Qonunimizning 45-moddasida voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyamizning 64-moddasiga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.

Bosh Qomusimizning 65-moddasiga binoan esa farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Milliy huquqiy tizimimizda bola huquqlariga oid qonunlar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ushbu sohada 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Bu borada, ayniqsa, 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjatda, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oilaviy muhit va jamiyatga moslashuvi, uy-joyi, ijtimoiy himoyasi hamda ta’lim olishi bilan bog‘liq huquqlari kafolatlangan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Mustaqil O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan birinchi xalqaro-huquqiy shartnoma – “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyadir. Ushbu xalqaro hujjatni jahon bolalarining o‘ziga xos Konstitutsiyasi deyish mumkin. Bundan tashqari O‘zbekiston bola huquqlariga oid o‘nga yaqin xalqaro shartnomalarning a’zosi hisoblanadi.

2015 yil 1 yanvardan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunning kuchga kirishi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Chunki, bu qonun normalari asosida ushbu institutlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari va ajratiladigan mablag‘lar hajmi yanada ortdi. Jumladan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mana bir necha yildirki, ijtimoiy ahamiyatga molik tibbiy, insonparvarlik, madaniy-ma’rifiy, o‘quv-sog‘lomlashtirish sohalarida turli loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga e’tibor, g‘amxo‘rlik, ularning oilalariga huquqiy, ijtimoiy va boshqa turdagi ko‘mak ko‘rsatish yanada kuchaytirildi. O‘tgan yillar davomida onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalar sportini rivojlantirish kabi sohalardagi islohotlar bir-birini to‘ldirib, uzviy tizim shaklini oldi. Bugun zamonaviy tibbiyot markazlari, ta’lim muassasalari, sport inshootlari har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Yana o‘qing:  Farzandlikka olishning qonuniy tartibi

O‘z navbatida, 2016 yilga mamlakatimizda “Sog‘lom ona va bola yili” deb nom berilgani va shu asosda Davlat dasturi qabul qilingani bu borada keyingi yillarda ustuvor yo‘nalishga aylangan amaliy harakatlarning izchil davomi sifatida namoyon bo‘ldi. Binobarin, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz tayanchimiz va suyanchimiz, g‘ururimiz va iftixorimiz bo‘lmish bolalarimizga, farzandlarimizga ishonch bilan, hurmat-e’tibor bilan qarashni kelajagimizga bo‘lgan ishonch, millatimizga, xalqimizga bo‘lgan hurmat-e’tibor ifodasi”, deb bilamiz.

Butun dunyoda bolalarni himoya qilish, bola huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar jahon hamjamiyatining doimiy diqqat-e’tiboridagi global muammolardan biriga aylangan hozirgi murakkab bir davrda O‘zbekistonda bu borada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, albatta, ahamiyatlidir. Chunki, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bolalar o‘z huquqlaridan mahrum etilgan, ya’ni ularning sog‘-salomat yashab, to‘laqonli rivojlanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratilmagan.

Hatto ba’zi industrial rivojlangan mamlakatlarda ham yosh bolalar har kuni ko‘chalarda giyohvand moddalar iste’mol qilish, zo‘ravonliklar girdobiga tushish xavfiga duch kelmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 110 million nafar bola umuman maktabga jalb etilmagan va ta’lim olish huquqidan mahrum bo‘lib qolmoqda.

Bizning mamlakatimizda esa, ta’limga yo‘naltirilayotgan xarajatlar davlat byudjetining 35 foizdan ortig‘ini tashkil etmoqda. Jahon bankining qayd etishicha, yurtimizdagi savodxonlik darajasi dunyo miqyosida eng yuqori ko‘rsatkichlardan bo‘lib, 99,7 foizga teng. Shuning o‘ziyoq, O‘zbekistonda barkamol avlod ta’lim-tarbiyasiga nechog‘lik ustuvor ahamiyat qaratilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Shunday qilib, diyorimizda, bir tomondan, ona va bola huquq hamda manfaatlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam huquqiy asos yaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, davlat va jamiyatning e’tibori bu boradagi ezgu ishlarni aniq maqsadli asoslarda hayotimizga teran tatbiq etishga qaratilgandir.

E’tiborli jihati shundaki, istiqlol yillarida yurtimizda o‘ziga xos milliy ta’lim modeli shakllantirilib, sohaning mustahkam huquqiy asosi yaratildi.

Bu o‘rinda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va “Maktab ta’limini rivojlantirish” Davlat Umummilliy dasturi bilan bir qatorda, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganini alohida qayd etish lozim.

Istiqlolimizning chorak asrlik to‘yini nishonlayotgan bo‘lsak-da, shu qisqa vaqt ichida yurtimiz hayotining barcha sohalarida ko‘lami va miqyosi jihatidan asrlarga tatigulik natijalar qo‘lga kiritildi.

Yana o‘qing:  ISTIQLOL SOLNOMASI

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ezgu ishlar 2016 yil – Sog‘lom ona va bola yilida, nafaqat izchil davom etmoqda, balki yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda. Zotan, ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi.

Dilafro‘z ZAYNIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: