7 kun davomida
Toshkentda qiymati 55 milliard so‘mni tashkil etuvchi yangi diagnostika korpusi bunyod etiladi. Mazkur loyiha doirasida Toshkent viloyati, Qibray tumanida joylashgan Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiyasi markazining 200 o‘rinli davolash-diagnostika korpusi va muhandislik kommunikatsiyalarini qurish va jihozlash rejalashtirilgan. Qurilish ishlari SYNECTA a. s. (Slovakiya) kompaniyasi tomonidan beriladigan beg‘araz yordam mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AK yaqinda Toshkent va Buxoro o‘rtasida tezkor poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yadi. Buning natijasida yo‘lga ketadigan avvalgi 7-8 soatlik vaqt 3,5 soatgacha qisqaradi.
Toshkent shahrida yangi “Anhor-Lokomotiv” ko‘ngilochar maskani ish boshladi. Istirohat bog‘idagi respublikada eng katta hisoblangan kartodrom (maydoni 12 000 kv. m.), filmlar namoyish etiladigan, konsertlar o‘tkaziladigan yozgi maydon, retro-mashina shaklidagi elektr qayiqli sun’iy suv havzasi, 4 ta kinozal, 320 o‘rinli restoran, yangi kafe, avtoturargoh yurtdoshlarimizga xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda “Nexia II” avtomobillarining ishlab chiqarilishi to‘xtatildi. Endilikda yurtimiz avtosalonlarida uchinchi avlod “Nexia” sotila boshlandi.
Yangi “T250” modeli “General Motors”ning Shanxay bo‘linmasidagi konstruktorlik byurosida loyihalangan va Osiyo, Janubiy va Shimoliy Amerikada – hammasi bo‘lib 12 ta davlatga eksport qilinadi.
“Sog‘lom avlod” muxbirlari xabarlari asosida tayyorlandi