Murodjonni murodiga yetkazgan orzular

Bolaligida Murodjonning yaqinlari, tanish-bilishlar uning nimjonligi, jussasining kichkinaligi haqida ko‘p gapirishardi. Bolakayning onasi Oysha opa esa doimo shunday der edi: “O‘g‘lim ulg‘ayib bir yigit bo‘lsin, bir yigit bo‘lsin. Hali ko‘rasizlar, kelajakda Murodjon elning eng oldi o‘g‘loni bo‘ladi”, deya yaxshi niyat qilardi.

O‘shanda Murodjon Ahmadaliyevning boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori bo‘lib, yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olishini kim ham o‘ylabdi, deysiz.

Oysha opaning orzulari ro‘yobga chiqib, farzandi o‘zi niyat qilgandek yigit bo‘lib kamol topdi. U bilan suhbatlasharkanmiz, o‘g‘li haqida to‘lib-toshib hayajon bilan gap boshladi.

– Farzandim bolaligidan sportga o‘zgacha mehr qo‘ydi. Futbol deysizmi, stol tennisimi, suzishmi barchasi bilan jiddiy shug‘ullangan. Lekin, boksga nisbatan qiziqishi o‘zgacha edi. Yodimda, o‘shanda Murodjon 2-sinfda o‘qirdi. Dadasining yoniga kelib, meni boks to‘garagiga olib boring, deb turib oldi. Otasining ham sportga mehri bo‘lakcha bo‘lganli uchun o‘g‘limizni Chustdagi boks to‘garagiga yetaklab borgan. Farzandimning boksga qiziqishi shu darajada ortib ketdiki, 6-sinfni tugatgach, Chirchiqdagi olimpiya zahiralari kollejiga o‘qishga kirishini aytdi. Kollejga qabul qilingach, juda ko‘plab yutuqlarga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston chempioni degan unvonni Murodjon Ahmadaliev 9-sinfda o‘qib yurgan kezlarida Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan musobaqada qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng u ko‘pgina xalqaro turnirlarda ishtirok etib, ketma-ket chempion bo‘ldi. Sportchimiz Braziliyaning Rio-de Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medal sohibi bo‘lgach, qo‘lga kiritdi.

– O‘qituvchilik faoliyatim davomida o‘quvchilarga istiqlol yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, jumladan, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tanitayotgan mashhur sportchilarimiz haqida faxr bilan so‘zlab beraman, – deydi Oysha opa Fayozova. – Maqsad bolalar qalbida Vatanga muhabbat, qolaversa, sportga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otishdir. Shunday kezlarda ich-ichimdan farzandlarim, o‘quvchilarimning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishishini niyat qilardim. Ming shukrlar bo‘lsinki, bugun ko‘plab o‘quvchilarim jamiyatimizning turli sohalarida samarali mehnat qilishmoqda. Shu qatori farzandim Murodjon ham. Bu yutuqlarning barchasi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar mahsulidir. Buning uchun yurt bolalarini o‘zimning o‘g‘il-qizlarim deb ardoqlab kelayotgan Yurtboshimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Joriy yilning 21-iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportida XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik bokschilarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu tadbirda Murodjon Ahmadaliyev bilan suhbatlashib, uning Olimpiadadagi ishtiroki haqidagi fikrlari bilan qiziqdik:

Yana o‘qing:  Jayronlarni ko‘paytirish borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?

– Yozgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashish har bir sportchining ulkan orzusidir. Men ana shunday baxtga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat xursandman.

Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, yurtimizda biz sportchilarning to‘rt yillikning muhim musobaqasiga puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Ushbu g‘amxo‘rliklarga javoban musobaqada yaxshi natijalarni qayd etishga harakat qilamiz. Nasib qilsa, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytamiz, – deydi M. Ahmadaliyev.

Barcha sportchilarimizga yaqinlashib kelayotgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida yurtimizga oltin medal bilan qaytishini tilab qolamiz!

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: