Sportchilarimiz katta musobaqaga otlandi

Bir necha kunlardan so‘ng barchamiz oynai jahon orqali XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarini kuzatib boramiz. Ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz farzandlari ona Vatanimiz sharafini himoya qilib, bayrog‘imizni balandga ko‘tarishadi.

Ular bilan nafaqat oila a’zolari, balki butun o‘zbek xalqi faxrlanadi. Sportchilarimiz barcha yurtdoshlarimizning ko‘ngliga quvonch ulashadi.

Kuni kecha O‘zbekiston sport delegatsiyasi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahriga “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining maxsus samolyotida jo‘nab ketdi.

Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor professional sportchilarni tarbiyalashda muhim omil bo‘layotir. Buning samarasida sportchilarimiz nufuzli musobaqalar – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishayotir. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016–yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, sportchilarimiz mazkur nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rdi.

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tadigan bu galgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, trampolin, o‘q otish, erkin va yunon-rum kurashi kabi qator sport turlari bo‘yicha bahslashadi.

– Prezidentimiz xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida meni bag‘riga bosib, Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lishimga ishonch bildirdi. Bunday yuksak ishonch menga dalda bo‘ladi, – deydi boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Bahodir Jalolov. – Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish menga topshirilganidan faxrlanaman. Betakror yurtimizda sportchilarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban Olimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishish uchun barcha kuch va salohiyatimizni ishga solamiz.

 Shuni ta’kidlash joizki, 2012-yili bo‘lib o‘tgan Londondagi musobaqalarda 63 nafar sportchimiz ishtirok etgan bo‘lsa, bu yilgi o‘yinlarda 100 nafarga yaqin sportchimiz qatnashishi keyingi to‘rt yil ichida professional sportimiz shiddat bilan o‘sganini yaqqol ko‘rsatadi.

 Prezidentimizning 2016-yil 12-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi va ishtiroki to‘g‘risidagi qarori olimpiyachilarimizning to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida munosib qatnashishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Яна ўқинг:  Юрт жамоли рассом нигоҳида

Bu yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida tashkil etilayotgani ham o‘ziga xos ma’no-mazmunga ega. Zero, istiqlolimiz tufayli iste’dodu salohiyatda hech kimdan kam bo‘lmagan va hech qachon kam bo‘lmaydigan, jahon maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, yuksak g‘alabalarni tantana qiladigan sportchilar yetishib chiqayotganidan faxrlanamiz.

– Biz ne-ne ulug‘ allomalarga beshik bo‘lgan buyuk yurt farzandlari ekanimizdan faxrlanamiz, bobolarimizga munosib voris bo‘lishni burchimiz, deb bilamiz, – deydi taekvondo (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nigora Tursunqulova. – Maqsadimiz Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiadada O‘zbekiston sportchilari iste’dodu salohiyatda, tajriba va mahoratda hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini yana bir bor isbotlashdir.

Sportchilarimiz bu yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan shiorni qalbiga jo qilib, bo‘lajak bellashuvlarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga va eng ulug‘, eng aziz bayramimizga munosib tuhfa bilan qaytishga ahd qilgan.

 

Navro‘z NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: