Mustaqillikka mening hissam
Yoshlar ijod saroyida “Mustaqillikka mening hissam” shiori ostida “Ishbilarmon o‘quvchi – 2016” stipendiyasi uchun ko‘rik-tanlovning Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab ishbilarmon yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan tanlovda tuman va shahar bosqichlarida yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan kollej va akademik litseylarning 30 nafar o‘quvchisi qatnashdi.
Bellashuvda yoshlar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlari ko‘rgazmasini namoyish etib, biznes loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Ularning yurtimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlarga oid bilimlari suhbat va savol-javoblar orqali aniqlandi.
Tanlov yakunida mutaxassislar yoshlarga o‘z loyiha va tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘z muxbirimiz