Nefroptozning davosi bormi?
– Shifokor tibbiy ko‘rik jarayonida menda nefroptoz (buyraklarning pastga siljishi)ni aniqladi. Nima uchun bu holat sodir bo‘ladi? Buyraklarim yana o‘z joyiga qaytadimi?
Sayohat MAHKAMOVA, Samarqand viloyati
– Nefroptoz xastaligining sababi turlicha bo‘lishi mumkin. Bel sohasining shikastlanishi, og‘ir jismoniy mehnat, haddan ortiq og‘ir yuk ko‘tarish, birdan ozib ketish, buyraklarning yuqumli kasalligi va shu kabilar.
Bu xastalikka chalingan bemor sakrash va silkinishdan o‘zini asrashi zarur. Og‘ir yuk ko‘tarish mumkin emas. Taomnomada go‘sht hamda tuz iste’molini cheklash kerak. Xastalikning ilk bosqichlarida bandaj taqish darkor. Hamda bemorga shifokor davolash fizkulturasi muolajalarini tavsiya etadi. Shuningdek, buyraklar joyidan pastga siljiganida xasta odam muntazam dispanser nazoratida bo‘lishi kerak. Yana buyraklar UTT qilinib, peshob tahlili ham amalga oshiriladi.
– Sariq tusli ko‘zoynaklar uyqusizlikka davo deb eshitdim. Shu haqida ma’lumot bersangiz.
Olimjon XOLOV, Navoiy viloyati
– Shifokorlarning kuzatishlariga ko‘ra gadjetlar ekranidan chiquvchi havorang nurlar organizm bioritmini izdan chiqarar ekan. Shu sababli uyqu chaqiruvchi gormon melatonining organizmda ishlab chiqarilishi susayib ketadi. Gadjetning zararli nurlarini sariq tusli ko‘zoynak bartaraf etadi. Shu sababli kechqurun shu rangdagi ko‘zoynak taquvchi insonlar tezroq uyquga ketadi.
Savollarga oliy toifali shifokor Dilorom KENJAYEVA javob berdi.