Mutolaa – yagona yechim

Badiiy adabiyotga, umuman kitobga munosabat haqida yozishga qaror qildi-mu, o‘ylanib qoldim. Chunki, gap faqatgina kitobga qiziqish haqida emas, balki bu qiziqish ortida turgan ma’naviy-ruhiy tarbiya, insonning shaxs sifatida ulg‘ayishi haqida bormoqda. Maqolani hayotiy bir misol bilan boshlasam.

Yaqinda xorij safaridan qaytgan tanishim Praga bog‘larida sayr qilib yurganida o‘zini taajjubga solgan bir hodisa haqida so‘zlab qoldi. Istirohat bahona shahar bog‘iga kelgan ota-ona, bobo-buvi, xullas yosh-u qari maysazorda, daraxtlar soyasida o‘ynab yurgan kichkintoylardan boxabar bo‘lgan holda kitob o‘qish bilan band ekan.

Odamlarning metro vagonlari, bekatlarda ham kitobni qo‘ldan qo‘yishmaganini ko‘rib, do‘stim hayratga tushganini ta’kidladi. Yuzimdagi ishonchsizlik alomatini ko‘rib, aytayotganlari shu kecha-kunduzning gaplari ekanini ta’kidlab, meni ham o‘z taajjubiga sherik qildi…

Kitob – buyuk mo‘jiza! Bir donishmand aytganidek, “Kitob hayotning egri-bugri so‘qmoqlari, alg‘ov-dalg‘ov past-balandliklaridan o‘tishda insonga madad beradi, g‘amli onlarida yupatadi, bemorlik paytlarida o‘rnak bo‘ladi”.

Tanishimning gapi o‘yga toldirib, xayolim olis bolalik tomon uchdi. Endi maktabga qatnab, dunyoda kitob degan ulug‘ qadriyat borligini murg‘ak qalbim ila his qila boshlagan, keyinroq she’r mashqiga dil bog‘lab, ijod hissiyoti asiriga aylangan kunlarim xotirotiga berildim.

Rahmatli buvim uzoq yillar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars bergan, ziyoli inson edi. Biz nabiralariga kitob olib berishni kanda qilmasdilar.

“Bolam, “Donishmand cho‘pon”ni o‘qidingmi? “Kenja botir”ni-chi?”, deya so‘roqqa tutardilar. “Shirin qovunlar mamlakatida”, “Mittivoy va Karlson”, “Mening ismim – Xo‘ja” kabi qiziqarli kitoblar olis bolaligim dunyosini yoritgan asarlardir.

Avstriya yozuvchisi Stefan Sveygning boshdan-oyoq kitobga bag‘ishlangan “Kitob – turfa dunyoning ochqichi” nomli ajoyib maqolasi bor. Unda kitob haqidagi teran va batafsil mulohazalardan tashqari savodsiz, umrida biror asar o‘qimagan, umuman, xat tanimaydigan odamning qiyofasini chizib beradi. Adib o‘zining hayratini bunday ifodalaydi:

“… qanday qilib kitoblardan esuvchi dunyo shabadalaridan bebahra nafas olmoq mumkin. Men… kitob o‘qishni bilmaydigan va shu vajdan ma’naviyat olamidan ajralgan odamning ahvolini tasavvur qilishga urindim… Ammo bunaqa odamning miyasini tasavvur qila olmadim, garang odam birov gapirib berganiga qarab musiqaning sehrli kuchini anglamaganidek, men ham butun umr davomida kitob o‘qimagan insonning fikrlash tarzini anglay olmadim”.

Яна ўқинг:  Нефроптознинг давоси борми?

Meni bir narsa har damda o‘ylantiradi: biz aslida jon qadar, iymon qadar avaylash zarur bo‘lgan juda ko‘p narsalarni o‘tkinchi hoyu-havas, mol-dunyo, yaltiroq hayotning arzon garov bezaklariga almashamiz. Jumladan, kitobni ham… Axir biz insonmiz! Inson ongu tafakkurini, bilim va zakovatini oshirish yo‘lida zahmat chekishi suv va havodek zarur, deb o‘ylayman.

Farzandlar – jon tomirimiz. Har bir inson nasli davomchisi bilan faxrlanishni istaydi. Bunga erishish uchun to‘g‘ri tarbiya va kitobning ahamiyati katta. Farzand yuragida kitobga mehr o‘yg‘otish, kelajagi uchun bebaho xazinaga yo‘l ko‘rsatish bilan barobar. Xo‘sh, bolada mutolaaga mehrni qanday uyg‘otish mumkin? Bu murakkab ish emas. Dilbandingizga tug‘ilgan kunida kitob sovg‘a qiling, albatta, vaqt ajratib u bilan kitob do‘koniga boring, bolalar adabiyotining sara namunalaridan tanlashga ko‘maklashing. To‘g‘ri tanlangan kitob – yaqin do‘st kabidir. Yaxshi asar fikrlashga o‘rgatadi, dunyo haqida bilim beradi. Turli mamlakatlar tarixi, jo‘g‘rofiyasi, urf-odatlari haqida bir umrga xotiradan o‘chmaydigan tasavvurlar beradi. Shuningdek, “inson” degan g‘oyatda murakkab, ziddiyatli, tilsimli bir mavjudotning psixologiyasi, ichki dardlari, yashash uchun kurashi, zo‘rligi va ojizligi haqida tasavvur beradi.

Aslida har bir bolaning o‘z olami, qiziqishi va qobiliyati bo‘ladi. Demak, har bir bolaga e’tibor kerak. Uyali aloqa, internet, parabolik antenna orqali eshik taqillatmasdan kirib kelayotgan yot g‘oyalar, g‘ayriaxloqiy ta’sirlar farzandlarimiz ongini zaharlashga ulgurmasin. Zero, bunga qarshi qudratli qurol kitob, ma’rifatdir.

 

Dilafro‘z ZAYNIYEVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: