Barchasi farzandlarimiz baxti uchun

…Umumta’lim maktabini tamomlagan o‘g‘lim akademik litseyga o‘qishga kirdi. U bilan o‘quv maskaniga kirib borar ekanman, ta’lim dargohining muhtasham binosi meni hayratga soldi.

Keng va yorug‘ yo‘laklar zamonaviy jihozlangan sinf xonalar tomon yetaklaydi. O‘quvchilar o‘zaro fikr almashib, suhbat qurishi uchun katta faye, har bir fan yo‘nalishi uchun esa alohida qavatlar ajratilgan. Ixtisoslik bo‘yicha barcha sinfxonalar zarur o‘quv qurollari, texnik anjomlar bilan ta’minlangan. Katta sport zali, kutubxona kishi havasini keltiradi. O‘g‘lim ana shunday bilim maskanida ta’lim olishini o‘ylab, ko‘zimga yosh keldi. Xursandchilik, baxtiyorlik ko‘z yoshlari. Shukronalik ko‘z yoshlari. Tinch-osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, bolalarimiz baxti uchun masrurlik ko‘z yoshlari…

…Esimda, bizning bolalik paytimizda ixtisoslik bo‘yicha dars o‘tiladigan sinf xonalari qishda sovuq bo‘lgani uchun paltolarda o‘tirar edik. Barmoqlarimni nafasim bilan isitib, yozardim. Ba’zan stul yetishmaganligidan partada ikki emas, uch kishi amallab o‘tirgan paytlarimiz bo‘lgan. Ustozlarimiz paltolarini yelkalariga tashlab doskaga yozganlarini eslayman. Darsliklar negadir yetishmasdi. Ammo biz bunga ko‘nikib ketgandik. Odatiy hol edi bu. Dugonalar ikki-uch kishi bo‘lib dars tayyorlar edik. Ona tili darsligini aniq eslayman. Negadir ingichka, ozg‘ingina to‘q yashil rangdagi bu kitob ikki yil o‘qish uchun mo‘ljallangan edi. Biz darsliklarni yamab, gazeta qog‘ozlariga o‘rab tutar edik. Do‘kon peshtaxtalarida maktab anjomlari yetishmaganidan har katakka yozib, bitta daftarni ikki yilga yetkazishga harakat qilganmiz. Negadir daftarlargina emas, kundalik ehtiyoj mollari ham uzoqdagi bir do‘konda oiladagi kishi boshiga o‘lchab berilgan. Biz darslarga kechga qolmaslik uchun navbat olib, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilardik. Rahmatli buvim ham urush yillarini gapirib berardilar. O‘sha davrda “zabor kartochka” tarqatganlarini, hayot qiyin bo‘lsa-da, odamlar orasida mehr-oqibat bo‘lganligini so‘zlab berardilar. Buvimning ana shunday hikoyalari tufayli men o‘zimni undan ko‘ra baxtliroq his qilib, faqat kitob o‘qish bilan ovunib yashardim.

…Hozir farzandlarimiz uchun maktablarda yangi, chiroyli bezatilgan darsliklar beriladi. Kitoblarning oppoq varaqlarini ochsangiz, ko‘zingiz quvnaydi. Ularning qo‘lida eskirgan, bir necha o‘n yil tutilgan kitob darsliklarni ko‘rmaysiz. Do‘konlarda istagancha maktab qurollarini sotib olish mumkin. Bozor peshtaxtalari oziq-ovqat mahsulotlariga to‘la. Biz ko‘rgan qiyinchiliklarni ko‘rmay o‘sayotgan bugungi kun yoshlarining bo‘ylari baland, o‘zlari esa jismonan sog‘lom. Ularning dunyoni zabt etgudek ulkan orzularidan hayratga tushasiz. Bolalik xotiralarimni so‘zlab bersam, ishonishmaydi. “Mustaqillik davrining bolalari-da”, – deb qo‘yaman o‘zimga-o‘zim.

Яна ўқинг:  Хонадонларимиз файзи фаришталари

Bularning bariga shukr qilaman. Bolalarimning tinch, osuda, mazmunli hayotini ko‘rib, men baxtliman degim keladi. Ba’zida, bolaligimdagi voqealarni ko‘rmaganimda, balki bu kunlarning shukronasini ham bilmas edim-mi, deb o‘ylayman. Farzandlarimga havasim keladi. Haqiqatdan, ular bizdan ko‘ra aqlli, bilimli, kuchli. Mustaqillikning eng aziz ne’matlarini bolalarimizning baxtida ko‘rish barchamizga nasib etsin.

Yulduz ORTIQOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: