Suzish havzalari – orombaxsh

faqat xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni unutmang!

Yozning jazirama kunlari insonlar soya-salqin joylarga talpinadi. Ayniqsa, bunday paytda mazza qilib cho‘milish tanaga huzur bag‘ishlaydi.

– Suzishning inson salomatligiga foydasi katta. Muntazam suv sporti bilan shug‘ullanish, ham jismonan, ham ruhan sog‘lom bo‘lishga yordam beradi. Ammo suv havzalariga borishdan avval ba’zi jihatlarga e’tibor qaratish muhim, – deydi Toshkent shahar Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi Kommunal gigiyena bo‘limi mudiri Temur Musayev. – Suvning musaffoligi, uning xatardan xoli deyishga asos bo‘lolmaydi. Zero, suv orqali kishi turli teri-tanosil, ko‘z kasalliklarini yuqtirib olishi mumkin.

Shu o‘rinda aytish kerakki, DSENM tomonidan suzish havzalarida har oy suv tarkibi o‘rganilib boriladi. Shuningdek, rejali ravishda bu kabi maskanlar haftada bir marta tekshiruvdan o‘tkaziladi. Mikrobiologik, kimyoviy va parazitologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha suv tahlil qilinadi. Tahlil natijalariga ko‘ra ayrim cho‘milish havzalarining suv namunalari bakteriologik ko‘rsatgichlar bo‘yicha talabga javob bermasligi ma’lum bo‘lganda tegishli korxona, tashkilot rahbarlariga ana shu joydagi suvni to‘ktirib tashlash va zararsizlantirish ishlarini o‘tkazish bo‘yicha talabnomalar beriladi. Undan so‘ng qayta suv namunalari olinib, sanitariya me’yorlariga javob bersa, basseynlarni ishlashi uchun ruxsat beriladi.

Sun’iy suv havzasida nazoratchilar kelganlarning salomatligi borasidagi ma’lumotnomasiz cho‘milishga ruxsat bermasligi lozim. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ruxsatnoma uch kungacha amal qiladi. Sun’iy suzish havzalarida cho‘milishdan oldin kishi zaruriy ko‘rsatmalarga amal qilish va albatta maxsus kiyim (rezina shlyapa, cho‘milish kiyimi, rezina oyoq kiyim, ko‘zoynak)lardan foydalanishi lozim. Bu suvning gigiyenik holatining yomonlashishidan saqlaydi.

Suv havzasiga tushganda quyidagi jihatlarga e’tibor bering:

– basseynlarning kafellari sirpanchiq bo‘lsa, bu suvning eskirganidan dalolat beradi. Bunday havzalarda suv uch kunda almashtirilib borilishi lozim.

– ota-onalar o‘z farzandini aslo kattalar uchun mo‘ljallangan suv havzalarida cho‘miltirmasligi kerak.

– basseyn suvi 22-23 darajadan oshmaslik lozim.

– sovuq suvda cho‘milish tomir tortishishiga olib kelishi mumkin.

Ba’zan yoz faslida manzarali favvoralarda bolalarning cho‘milish holati kuzatiladi. Aslida favvoralar cho‘milish uchun emas, balki ushbu hududdagi mikroiqlimni mo‘tadillashtirish va shahar husniga chiroy qo‘shish maqsadida foydalaniladigan inshoot hisoblanadi. Aksariyat favvoralarning suvi aylanma tarzda ishlaydi va kun bo‘yi maxsus mexanizmlar yordamida aylanadigan suvlar havo tarkibidagi changlar orqali ifloslanadi. Bundan tashqari, manzarali favvoralarning suv otib beruvchi temir moslamalar bolalarning cho‘milishi va suvga sakrashlari paytida ularga tan jarohati yetkazishi ehtimoldan holi emas. Shuning uchun ota-onalar farzandlarining favvoralarda emas, aksincha, shahrimiz xududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha shart-sharoitlarga ega, maxsus tekshiruvdan o‘tkazilgan cho‘milish hovuzlarida cho‘milishlarini ta’minlasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yana o‘qing:  Mitti yurakda Vatan tuyg‘usi

 

M. TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: