Bo‘sh vaqtga mazmun naqd
Toshkent shahar, Chilonzor tuman “Barkamol avlod” bolalar markazida bugungi kunda ko‘plab iste’dodli yoshlar kamol topmoqda.
Markazning asosiy maqsad va vazifasi o‘sib kelayotgan yosh avlod iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishdan iborat. Markazda bugungi kunda 40 turdagi to‘garak faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 700 nafar o‘quvchi bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda.
Markazda o‘quv mashg‘ulotlari darsdan tashqari, haftasiga ikki soatdan ikki marta tashkil etiladi.
– Bu yerda milliy raqs, aviamodellashtirish, munchoqli bezak, zargarlik, tasviriy san’at, libos dizayni, yosh jurnalist va notiq, chet tili kabi ko‘plab to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. O‘quvchilarimiz shahar va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etib, muntazam ravishda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar. Jumladan, 2016 yil Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tkazilgan “Yoshlar festivali”da markazning “Eleks” bal raqslari to‘garagi a’zolari faol ishtirok etib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi, – deydi markaz rahbari Umida Turg‘unova.
Yurtimizda ana shunday yangicha usulda bunyod etilgan ta’lim-tarbiya va madaniyat maskanlarida tahsil olayotgan yoshlarni ko‘rib, dilingiz quvonchga to‘ladi. O‘zbekistonning buyuk kelajagini bilimi, aql-zakovati bilan quradigan yosh avlod kamol topayotganini erishayotgan yutuqlari misolida ko‘rish barchamizni cheksiz quvontiradi.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri