TENNISCHILARIMIZNING G‘ALABALI ODIMLARI
Melburn shahrida tennis bo‘yicha davom etayotgan “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi eng nufuzli to‘rt turnirdan dastlabkisi – Avstraliya ochiq chempionati bellashuvlarini hamyurtlarimiz g‘alaba bilan boshladi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida Oqgul Omonmurodova dastlabki bosqich uchrashuvida fransiyalik Matilda Yoxanssonni 6:4, 6:2 hisobida yengdi. Endi Oqgul italiyalik Roberta Vinchiga qarshi kortga chiqadi.
Erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida qatnashayotgan Denis Istomin ham muxlislarni xushnud etdi. Mohir tennischimiz gollandiyalik Igor Siyslingga birinchi setida 4:6 hisobida yutqazganiga qaramay, qolgan uch setda 6:3, 6:4, 6:2 hisobida zafar quchdi. D.Istomin navbatdagi uchrashuvni italiyalik Andreas Seppiga qarshi o‘tkazadi.
Hindistonda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan xalqaro turnirda Jo‘rabek Karimov yakkalik bahslarida mezbonlar vakili Anush Singh Bxattini 6:0, 6:0 hisobida yengib, birinchi bosqichda eng tezkor g‘alabaga erishgan tennischi bo‘ldi. Jo‘rabek juftlik bahslarida xitoylik Aoran Vang bilan hamkorlikda hindistonlik Anvit Bendre va Xitoy Taypeyi vakili Chin Chun Tang ustidan 6:2, 3:6, 13:11 hisobida g‘alaba qozondi.
Zohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA sharhlovchisi