Tog‘rayhonning shifobaxshligi xususida nimalarni bilamiz?
Tog‘rayhon labgullilar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘t bo‘lib, bo‘yi 30–60 sm ga yetadi. O‘simlikning poyasi to‘rt qirrali, yuqori qismi shoxlangan bo‘ladi. Barglari tuxumsimon yoki cho‘ziq, uchi nishli, asosi keng, ponasimon ko‘rinishga ega. Tog‘rayhon gullari poyaning yoki novdalarning uch qismida deyarli bandsiz joylashgan bo‘lib, ro‘vaksimon shaklda to‘p – gulni tashkil qiladi. Mevaci – to‘rtta yong‘oqcha.
U iyun – avgust oylarida gullaydi. Tog‘rayhon Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi barcha tog‘li hududlarda mayda toshli, chirindiga boy bo‘lgan qo‘ng‘ir va qoratuproqlarda o‘sadi. Hozirgi kunda uning xonaki turlari hamma yerda o‘stiriladi.
Tog‘rayhon oshko‘k va ziravor sifatidagina emas, balki shifobaxshligi bilan xalq orasida mashhur.
Tog‘rayhon tarkibida 2, 2 % efir moyi, 6-% tanid moddasi, mikroelementlar, organik kislotalar, vitamin S, karotin kabi moddalar mavjud.
Xalq tabobatida tog‘rayhon o‘tidan tayyorlangan damlama terlatuvchi omil sifatida shamollash bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklarga tavsiya etiladi. Shuningdek, u me’da-ichak faoliyatinig sustligida, umumiy darmonsizlikda ham davo sifatida ishlatiladi.
Tog‘rayhon Origonum vulgare bosh og‘rig‘ida, uyqusizlikda (buning uchun o‘simlikdan tayyorlangan damlama bilan bosh yuvilishi lozim), raxit kasalligida kompress sifatida qo‘llaniladi. O‘simlik damlamasi yo‘tal, nafas siqish, o‘pka kasalligida ham iste’mol qilinsa, yaxshi bo‘ladi.
Olim S. Sahobiddinovning ma’lumotlariga ko‘ra, tog‘rayhon bilan uzum sirkasining aralashmasi ko‘ngil aynish hamda qayt qilishni qoldiruvchi omil sifatida ishlatiladi. O‘simlik o‘tidan tayyorlangan damlama hiqchoqni to‘xtatadi. Tog‘rayhon o‘tidan tayyorlangan kukun hidlansa tumovga foyda qiladi.
Ilmiy tibbiyotda tog‘rayhon damlamasi ichak faoliyati zaiflashganda ishlatiladi. Ishtaha ochuvchi, ovqatning hazm bo‘lishini yaxshilovchi, siydik va yel haydovchi, balg‘am ko‘chiruvchi, gijja haydovchi vosita sifatida ham tavsiya etiladi.
Uy sharoitida bu o‘tdan dori-darmon tayyorlash uchun ikki choy qoshiq maydalangan tog‘rayhon olib, 400 gramm qaynoq suv bilan damlanadi. Mazkur damlamani bir sutka davomida iste’mol qilish mumkin.
Tog‘rayhonli moyni tayyorlash uchun esa bir siqim maydalangan rayhon o‘tiga 0, 5 litr zaytun yoki pista (kungaboqar) moyi bilan aralashtirib, 8 soat davomida damlab qo‘yiladi. So‘ngra ezib, dokada suziladi. Bu moy paxtaga shimdirilib, tish kovagiga qo‘yilsa og‘riqqa barham beradi.
O‘zbekistonning shifobaxsh o‘simliklaridan biri bo‘lgan tog‘rayhonning keyingi paytlarda kamayib ketayotgani kishini tashvishga solmoqda.
Shuni eslatib o‘tish kerakki, tog‘rayhonni iloji boricha gullagandan keyin o‘rib olish kerak, chunki bu davrda o‘simlikning shifobaxshlik xususiyati qiyomiga yetgan bo‘ladi. O‘simlikni vaqtidan ilgari, ildizi bilan yulib olish, uning kamayib ketishiga sabab bo‘ladi.