Til o‘rgatish me’yorlari

Taxminan, ikki yoshdan boshlab bola o‘z ona tilini ongli ravishda bila boshlaydi. Unda til va tafakkurning rivojlanishi birgalikda kechadi. To‘rt yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan oraliqda esa unda xorijiy tilni o‘rganish ko‘nikmasini hosil qilish mumkin.

Asosiysi, xorijiy tilni erta o‘rganishning talablariga amal qilish kerak. Jumladan, MTM yoshidagi bolalarga xorijiy tilni o‘rgatish alohida e’tibor va mas’uliyatni talab etadi. Bunda grammatika qoidalarini tushuntirishdan voz kechib, bolaning dunyoqarashi va qiziqishlaridan kelib chiqib, oson, o‘zlashtirishga qulay bo‘lgan dars olib borish maqsadga muvofiq. Bunda ayniqsa, sodda matnlar, she’rlar, matal va hikoyalarning o‘rni katta. So‘z va matnlarni rasmlar bilan izohlash, ko‘rgazmali qurollardan imkon qadar ko‘proq foydalanish yaxshi samara beradi.

Shuningdek, til o‘rgatish jarayonida bolani gapirishga ko‘proq undash lozim. Chunki, talaffuz chet tilini o‘rganishning muhim tarkibi hisoblanadi. Bunda texnik vositalarni ishga solish yaxshi natija beradi. Bola ovozli matnlarni qayta-qayta tinglash orqali uni xotirasida saqlab qoladi va taqlidan og‘zaki nutqqa ko‘chiradi. Masalan, qofiyali matnlar, she’r va qo‘shiqlardan foydalanish bolaga zavq beradi. Bunday matn uning xotirasida tez saqlanib qoladi. Bundan tashqari bolalar o‘yin shaklidagi dars jarayonini yoqtiradi. Turli bellashuvlar va sahna ko‘rinishlari shular jumlasidan. Qiziqarli mashqlarga yo‘naltirilgan dars jarayoni esa o‘quv samaradorligini oshiradi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, kichik yoshlilarga xorijiy tilni o‘rgatishda asosiy mas’uliyat o‘qituvchi zimmasiga tushadi. Muallim dars vaqtida qo‘llamoqchi bo‘lgan vositalarni tanlayotganda bola hayoti va qiziqishlariga yaqin bo‘lgan obyektlarga e’tibor qaratishi lozim. Buning uchun esa, o‘qituvchi, o‘quvchisi haqida, uning bilim darajasi, o‘rganish ehtiyoji va imkoniyatlari to‘g‘risida mukammal ma’lumotga ega bo‘lishi zarur. Shuningdek, muallim darsda imkon qadar xorijiy tilda gapirishi lozim. Shunda bolaning yot so‘zlarni tushunishi tezlashadi. O‘qituvchi o‘quvchisining xato qilayotganini bilsa-da, uning gapini bo‘lmasdan tinglashi va so‘ngra ko‘ngliga tegmasdan tuzatishi lozim. Topshiriqlarni berishda o‘quvchining o‘zi ishtirok etsa, bu uni darsga yanada yaqinlashtirib, ertangi mashg‘ulotga nisbatan qiziqishini oshiradi.

Bolaning yangilikka o‘ch bo‘lishini hisobga olsak, yangi-yangi darsliklar, turli o‘quv vositalaridan foydalanish bolani zerikishdan himoya qiladi. Muloqotsiz xorijiy tilni o‘rganishning imkoni yo‘q. Eng sodda va qisqa muloqotlar kutilganidan ortiq samara beradi. Dars jarayonida sinfdagi barcha o‘quvchilarning ishtirokini birdek ta’minlash zarur. Mashg‘ulotlar qiziqarli va tushunarli bo‘lishi bilan birga, vazifalar ham mohiyati va mazmuniga qarab bir xil taqsimlanishi kerak.

Яна ўқинг:  Баркамол ёшлар маскани

Darhaqiqat, bugungi kunda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan talab kundan-kunga ortib bormoqda. Endilikda ota-onalar bevosita tashabbus ko‘rsatib, darsdan tashqari olib borilayotgan mashg‘ulotlar natijasida farzandlari va o‘zlari birdek xorijiy tilni o‘zlashtirmoqda. E’tiborlisi, oilada shakllangan o‘zaro muloqot natijasida tilni o‘rganish oson va qiziqarli kechmoqda.

Rahima MAMAJONOVA,

Angren Ko‘mir sanoat kolleji chet tili fani o‘qituvchisi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: