DOKTOR XAUS – SHERLOK XOLMSDAN ILHOM OLADI
Mana bir yildan buyon “O‘zbekiston” teleradiokanali orqali namoyish etilayotgan “Doktor Xaus” seriali barchani qiziqtirib qo‘ygani sir emas. Nazarimda, syujetning qiziqarliligi, tibbiy masalalarning tafsilotlari, ayniqsa, mushohadali hazil va tahlilga boy dialoglarning mavjudligi bunga sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Serialni har bir qismini tomosha qilar ekanman, garchi doktor Xausni tushunishim qiyin bo‘lsada, uning yangi qirralarini ko‘rganday bo‘laman. Lekin u inson sifatida qanday bo‘lmasin, shu narsa aniqki, mutaxassis sifatida o‘z ishining haqiqiy ustasi va, albatta, eng asosiysi inson hayoti uning uchun birinchi o‘rinda.
Zero, serial syujetlarida Xausning hamkasblariga nisbatan qattiqqo‘lligini, ularga nisbatan nafsoniyatiga tegish, shaxsiy hayotiga aralashish, ruhini sindirish kabi harakatlarni ko‘rsakda, biroq Xaus ulardan ayrilgisi yo‘q. Bu shunchaki Xausning yana bir qirrasi. Uning xarakteridir. Serialdagi bu voqealar shunday yoritilganki, biz Xausni yomon deya olmaymiz. Unga e’tiroz bildirmaymiz ham. Bu esa film ssenariysining naqadar yuqori saviyada, yuksak bilim va aql bilan yozilganligidan dalolat beradi. Ssenariy muallifining iqtidori shundaki, serialning barcha xalqlar uchun birdek ahamiyatli bo‘lishi uchun qilgan harakatlari zoye ketmagan. Axir gap salomatlik, inson hayoti va tibbiyot yangiliklari haqida boradi. Shuning uchun ham “Doktor Xaus” butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Ishonchim komilki, namoyish etilayotgan qator romantik seriallardan farqli o‘laroq bu filmda ilm, aql, o‘z ishiga sadoqat, mutaxassis burchi va mas’uliyati kabi tushunchalar birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Shu bilan birga insonning hayotiy voqealarga romantik yo xayoliy emas, aynan haqiqiy reaksiyasi aks ettirilgan.
Endi serialning yaratilishi xususida to‘xtalsak. AQSH kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Doktor Xaus” serialining ilk qismi 2004 yilning 16 noyabr kuni “FOX” telekanali orqali efirga uzatilgan bo‘lib, 8 ta mavsumdan iborat ushbu serialning suratga olish ishlari haligacha davom etmoqda. Telekanalning ma’lum qilishicha, serial bu yil yakuniga yetadi.
“Doktor Xaus” seriali bemorlar hayotini saqlab qolish uchun harakat qiladigan doktor va uning yonidagi hamkasblari xaqida. Serialda insonlarning o‘zaro munosabatlari, shifokorlarning tashxis qo‘yish jarayonidagi qiyinchiliklari, insonlarning psixologik holatlari yoritib berilgan. Shuningdek, tibbiyot serialning asosini tashkil etgandek tuyulsa-da, unda detektiv voqealar ko‘proq uchraydi.
Buni qarangki, mashhur detektiv Sherlok Xolms obrazi serial uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan ekan.
G‘oya muallifi Devid Shorning aytishicha, Xaus familiyasini Xolmsga hurmat ma’nosida atayin unga o‘xshash uchun tanlagan. Qiziqarli jihati shundaki, Sherlok Xolms 221-B raqamli xonadonda yashagan. Xaus esa 221-uyda istiqomat qiladi. Serialning 7-mavsumida Xausning haydovchilik guvohnomasidagi “yashash manzili” degan joyda “Baker Street” manzili ko‘rsatilgan. Vaholanki, bu ko‘chada Sherlok Xolms yashagan.
Sherlok Xolms butun film davomida hamma narsadan shubhalanadi, hech kimga ishonmaydi. Faqatgina ko‘zi bilan ko‘rganlaringga ishonish kerak, deb hisoblaydi. Xausning esa bir bora shogirdlari tomonidan aldanganligi uchun “hamma aldaydi” yoki “bemor yolg‘on gapiryapti” degan jumlalarni tez-tez ishlatadi.
Xolms barcha ma’lumotlarni to‘plash uchun jinoyat joyidagi buyumlaridan foydalanishdan ham tap tortmaydi. Xaus esa bemorlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish uchun ularning uyini noqonuniy ravishda ko‘rib chiqaveradi. Xolms ham, Xaus ham izquvarlardek harakat qilishadi.
Yana bir misol, Xausning doktor Jeyms Vilson bilan do‘stligi Sherlok Xolmsning doktor Vatson bilan do‘stligini eslatadi. Nomlari ham bir-biriga yaqin: Vilson — Vatson. Serialda ushbu obrazni eslatadigan o‘xshashliklar yana juda ko‘p uchraydi. Masalan, Doktor Xaus ham Xolms singari musiqa asboblarini chalishga ishqiboz va hakozo.
Bevosita aktyorlar jamoasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, serialda Liza Edelshteyn – Liza Kaddi, Robert Shon Leonard – Jeyms Uilson, Omar Epps – Erik Forman, Jennifer Morrison – Ellison Kemeron obrazlarini ijro etishgan.
Doktor Xaus rolini mahorat bilan ingliz aktyori Xyu Lori ijro etgan bo‘lib, aktyor bu roli uchun 2006-2007 yillarda ikki bor “Oltin globus” mukofoti bilan taqdirlangan.
Mayna HASANOVA tayyorladi.