Chempionat yakunlandi
Toshkent viloyatida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida tashkil etilgan chempionatda yuzga yaqin polvon kurash olib bordi. Musobaqaga bo‘lgan qiziqish har yilgidan ham katta bo‘ldi. Boisi, aynan shu turnirdan so‘ng murabbiylar joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etuvchi sportchilar nomini e’lon qiladi.
Erkaklar o‘rtasidagi vazni 56 kilogrammgacha atletlar bahsida Bekzod Abduhamidov dast ko‘tarishda 95 kilogramm, siltab ko‘tarishda 116 kilogramm natijani qayd etdi. U ikkikurash yakuniga ko‘ra, 211 kilogrammlik natija bilan uchta oltin medal sohibiga aylandi.
62 kilogrammgacha vazn toifasida qatnashgan Doniyorbek Saidnazarov shtangani dast ko‘tarishda 109 kilogramm, siltab ko‘tarishda 131 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra, 240 kilogramm natija bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Xotin-qizlar o‘rtasida esa Manzura Mamasoliyeva, Madina Mamasoliyeva, Dina Tojiyeva o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
T. ORTIQOVA