Maroqli hordiq

Bolalarni oromgohga yuborishda nimalarga e’tibor berish zarur?

Bu yerda ular uchun kun bo‘yi ochiq havoda sayr qilish, organizmni chiniqtirish uchun zarur muolajalarni olish (yuvinish, hovuzlarda cho‘milish), sarxil sabzavot va mevalar bilan boyitilgan ovqatlarni iste’mol qilish uchun barcha sharoit muhayyo qilingan.

Shu o‘rinda ota-onalarda “oromgohga farzandimizni yuborish uchun nima qilish zarur?” degan haqli savol tug‘iladi.

Avvalo, bolaga maktabning tibbiy xodimi ma’lumotnoma to‘ldiradi. Unda quyidagilar ko‘rsatiladi: o‘quvchining salomatligi (agar bola dispanser nazoratida tursa tashxisni ko‘rsatish kerak), uning yuqumli kasallik bilan og‘riganligi, emlangan vaqti, jismoniy rivojlanish darajasi, tavsiya qilinadigan tartib, jismoniy faollik guruhi. Ushbu ma’lumotnoma bilan bolajonlar tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Oromgohning tibbiy xodimi o‘g‘il-qizlarning dam olish maskanida bo‘lgan davri mobaynida salomatligida yuz bergan o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlarni yozib boradi.

Shuningdek, bolalarni oromgohga jo‘natish oldidan ota-onalar o‘g‘il-qizlarining ozodaligiga alohida e’tibor berishlari zarur. Har bir bola ust va oyoq kiyimi, tish chyotkasi va pastasi, taroq, shampun va sovun kabi shaxsiy gigiyenik vositalarni olishlari lozim.

Ular uchun tavsiya etiladigan kiyimlar havoni yaxshi o‘tkazadigan, terni shimadigan, quyosh nurini qaytaradigan bo‘lishi kerak. Shuningdek, libos keng va tanaga yopishib turmaydigan, ip gazlama va ipak shoyidan tikilgan bo‘lishi lozim. Oyoqqa terisi tekis charmli poyabzal (krossovka) va yumshoq shippak olish maqsadga muvofiq. Qimmatbaho bezaklar (tilla uzuk, zirak, soat va h. k.), telefon, kompyuter, fotoapparatlarni olishga ruxsat berilmaydi. Chunki, ushbu narsalar uchun hech kim javobgarlikni bo‘yniga olmaydi.

Oromgohlar shahar chekkasidagi aholi yashovchi maxsus joylarda, o‘rmonlarda, suv havzalari (daryo, ko‘l, dengiz, hovuzlar ) yaqiniga, suv va elektr manbai bor yerlarga joylashgan. Joy tanlashda temir yo‘l, avtomobil yo‘llarining borligi, chiqindi suvlarning chiqib ketishi va tozalash inshootlarini qurish uchun lozim bo‘lgan qulayliklar hisobga olinadi. Har bir ajratilgan yer maydoni umumiy sanitariya-gigiyena talablariga javob bera olishi (tuproqning tozaligi, yetarli darajada bug‘lanishi va shamollashi, yer osti suvining chuqur bo‘lishi, yomg‘ir suvlari yaxshi oqib ketishi) kerak.

Oromgoh kun tartibida asosan bolalarning uzoq muddat mobaynida ochiq havoda bo‘lishi, sog‘lomlashtirish tadbirlarini olib borish nazarda tutiladi. Ular quyidagilar: quyosh vannasi, suv muolajalari, serharakat o‘yinlar, o‘rmon va dalalarga sayrga chiqish. Shuningdek, kun tartibida bolalarning uxlashi, muntazam tartibda ovqatlanishi, ommaviy mehnat faoliyati, tabiiy omillardan foydalanishning to‘g‘ri tashkil qilinishi nazarda tutiladi. Shu bilan birga dam oluvchilar uchun kun tartibini tuzishda ularning salomatligi ham e’tiborga olinadi.

Yana o‘qing:  Chaqaloqlar nega cho‘chib uyg‘onadi?

 

Bolalar bo‘sh vaqtlarida o‘zlari qiziqadigan mashg‘ulotlar bilan band bo‘ladilar. Bular o‘qish, kundalik yozish, to‘qish, rasm chizish va boshqalardir. Har bir o‘g‘il-qiz sport bilan shug‘ullanishi, ashula va raqs o‘rganishi, adabiy to‘garak mashg‘ulotlarida band bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

 

Farzandlarimizni oromgohlarga yuborishimizdan maqsad ularni mustaqil hayotga tayyorlashdir. Tabiat qo‘ynida dam olgan bolalar uning qadriga yetishni o‘rganadi, ekologik madaniyati hamda tibbiy savodxonligi oshadi. Shuningdek, hayotda sodir bo‘ladigan qiyin vaziyatlarga moslashish, do‘stlashish, ozodalikka rioya qilishni o‘rganadilar.

 

Sanobar ShAMSUTDINOVA,

Salomatlik va tibbiy statistika instituti shifokori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: