MEZONI YO’Q XAYRU SAXOVAT
Valentina aya Smorodina qismatning ayanchli zarbidan yolg‘iz qolgan ayoldir. U Qarshi shahrining “Oydin” mahallasida istiqomat qiladi. Yaxshi insonlarning, saxovatli tashkilotlarning boriga shukurki, ularning g‘amxo‘rligi va e’tibori tufayli ayolning holidan doimo boxabar bo‘lib turishadi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining Qashqadaryo viloyati mintaqaviy filiali tomonidan 2013 yil – “Obod turmush yili” munosabati bilan yolg‘iz va ijtimoiy himoyaga muhtoj qariyalardan manzilli xabar olinib zaruriy dori-darmonlar tarqatildi.
– Qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla faollari, turli tashkilotlardan kelgan vakillar bilan uyim doimo gavjum. Ularning beminnat tashrifi xonadonimni to‘ldirib, ko‘nglimni tog‘dek ko‘taradi. Yaxshi insonlarning boriga shukur, – deydi Valentina Smorodina mamnuniyat bilan.
Shuningdek, jamg‘armaning mintaqaviy filali Qarshi shahar, Koson, Yakkabog‘, Qamashi tumanlarida istiqomat qilayotgan, jami 56 nafar yolg‘iz keksalar, nafaqaxo‘rlar va nogironlar holidan xabar olib, ularga zaruriy dori vositalari, tibbiy anjomlar topshirildi. Qashqadaryo viloyati “Urush va mehnat fahriylari” shifoxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 30 maydagi “2011-2015 yillarda yolg‘iz keksalar, faxriylar va nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat faxriylariga jamg‘arma tomonidan ajratilgan dori-darmonlar, gigiyena vositalar, tibbiy anjomlar tarqatildi. Joriy yilning o‘zida jamg‘armaning filiali viloyatdagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quv muassasalarida jami 4963 nafar o‘smir va yoshlar o‘rtasida “Sog‘lom turmush tarzi asoslari”, “Jinoyatchilik va aqidaparastlik oqibatlari”, chekish, ichkilikbozlik, jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi infeksion kasalliklar, giyohvandlik kabi mavzularda davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, yoshlarni bo‘sh vaqtlarida madaniy hordiq olishlari uchun jamg‘arma tomonidan Shahrisabz, Yakkabog‘, Kitob tumanlarida joylashgan “Ziyo chashma”, “Lochin”, Ulug‘bek, Oxunboboyev, “Aloqachi”, “Yosh alangachi” kabi ko‘plab oromgohlarda dam olayotgan bolalar uchun shu jumladan, kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga xomiylar tomonidan tashkil etilgan madaniy dam olish kunlarida jamg‘arma filiali hamda shahar va tuman tayanch maskanlari va jamoat tashkilotlari ishtirokida “Bolalar –bizning kelajagimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy hamda sport tadbirlari tashkil etildi. Faol ishtirokchi bolalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Surayyo O‘RINOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining Qarshi shahar tayanch maskani direktori