Tamakiga “tutqunlik” yoki sog‘liq…

tanlash ixtiyori Sizda

Chekish sog‘liq uchun zararligini hamma biladi. Lekin yildan-yilga chekuvchi kashandalar soni butun dunyo bo‘yicha ortib bormoqda. Har bir sigaret qutisiga “Chekish insonni o‘ldiradi” degan jumla yozib qo‘yilgan. Lekin barcha chekuvchilar o‘ylaydiki, bu so‘zlar ularga taalluqli emas.

Mashhur sayyoh Xristofor Kolumb Amerikani kashf etganiga ham 500 yil bo‘ldi. Ammo uning ta’qiqlariga qaramasdan dengizchilar Yevropaga yangi qit’adan turli o‘simliklar, jumladan, tamakining barg va urug‘larini keltirishdi.

Qadimda yerli aholi o‘z diniy marosimlarida yovuz ruhlarni haydash maqsadida tamakini tutatishgan. Undan chiqqan tutun kishini karaxt va mast qilgan. Hozirda chekish dunyo aholisi o‘rtasida eng keng tarqalgan illat bo‘lib, u shuningdek giyohvandlik debochasi ham hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra har 6 soniyada dunyoda 1 nafar odam tamaki chekish bilan bog‘liq kasallik tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Buning natijasida dunyoda har yili 6 mln. ga yaqin odam nobud bo‘ladi. Ularning 600 mingdan ziyodini “passiv chekuvchilar” tashkil qiladi. Agar vaziyat shunday davom etaversa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich yiliga 10 mln. ga yetishi mumkin. 2030 yilga borib esa tamaki chekish erta o‘limga olib keluvchi eng kuchli omillardan biriga aylanadi.

Dunyo olimlarining ma’lumotlariga ko‘ra har bir chekilgan sigaret kashandaning 6 daqiqa hayotini qisqartiradi.

Chekuvchilarda chekmaydiganlarga nisbatan o‘pka saratoni 30 marta, stenokardiya 13 marta, me’da yarasiga 10 marta ko‘proq uchraydi. O‘pka saratoni bilan kasallanganlarning 96-100 foizini va sil bilan xastalanganlarning 95 foizini, me’da yarasi bilan og‘riganlarning 96-97 foizini kashandalar tashkil etadi. Hozirda chekish va o‘pka saratoni o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligi isbotlangan. Tamaki tutuni tarkibidagi moddalar saraton kelib chiqishini tormozlab turuvchi p53 genini parchalaydi.

Bundan tashqari chekuvchi insonlarda ovozning bo‘g‘ilishi, tishlarning sarg‘ayishi, og‘izdan badbo‘y hid kelishi, yuz terisining so‘lg‘inligi, xotira pasayishi, jinsiy faoliyatning susayishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi.

Ko‘pincha chekuvchilar tamakini tinchlantiruvchi ta’sirga ega deb o‘ylashadi. Aslida esa nikotin – kimyoviy stimulyator (rag‘batlantiruvchi) hisoblanadi. Agar odamning tomir urishini o‘lchab, so‘ngra unga ketma-ket ikki dona sigaret chektirib, qaytadan uning tezligi o‘lchansa, pulsning oshganligini kuzatamiz. Deyarli barcha chekuvchilar tushlik paytida “xumor bosdi” qilishni yoqtirishadi.

Yana o‘qing:  O‘smirlik davri psixologiyasi

Nikotin asab tizimini zaharlovchi moddalar qatoriga kiradi. Tamaki chekilganda 20 soniyada nikotin qonga o‘tib, asab tizimiga ta’sir etadi. U oz miqdorda asab hujayralarining qo‘zg‘aluvchanligini oshiradi. Nafas olish va yurak urishini tezlashtiradi. Yurakning qisqarish ritmini buzadi, ko‘ngil aynishiga olib keladi. Ko‘p miqdorda esa markaziy hamda vegetativ asab tizimi hujayralarini tormozlaydi va falajlaydi. Asab tizimining ta’sirlanishi ish qobiliyatining susayishi, qo‘l qaltirashi va xotiraning pasayishida namoyon bo‘ladi. Nikotin miya hujayralarining kimyoviy tarkibini ham o‘zgartirib yuboradi. Germaniyaning Bonn universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotda bu yana bir bor o‘z isbotini topdi. Tajribada 43 nafar kashanda tanlab olingan va ularning miyalari o‘rganilgan. Ularda miya ish faoliyati uchun juda zarur bo‘lgan N-atsetilaspartat aminokislotasining kamayib ketganligi ma’lum bo‘ldi. Bu chekuvchilardagi hayotdan zavqlanish, xursand bo‘lish tuyg‘ularini cheklaydi va biror xastalikda og‘riqlarga bo‘lgan bardoshni kamaytiradi. Bundan tashqari tamaki ta’sirida miya faoliyati uchun eng zarur bo‘lgan xolin moddasi ham kamayadi. Buyrak usti beziga ta’sir qilib, adrenalin gormoni ajralib chiqishini kuchaytiradi. Buning natijasida qon tomirlar torayib, puls va arterial qon bosimi oshadi. Jinsiy bezlarga salbiy ta’sir etib, erkaklarda jinsiy zaiflikning rivojlanishiga olib keladi.

Kashanda odam faqat o‘zinigina emas, balki atrofdagilarni ham zaharlaydi. Bular uning ota-onasi, do‘stlari, turmush o‘rtog‘i va farzandlari bo‘lishi mumkin. Tibbiyotda bunday kishilar “passiv chekuvchilar” deb ataladi. Yana shu narsa ham ma’lumki, kashanda insonlarning farzandlari turli yuqumli kasalliklar bilan tez-tez kasallanishadi. Ularni bronxit (bronxlarning yallig‘lanishi), pnevmoniya (zotiljam) kabi nafas yo‘llari kasalliklari o‘z domiga tortadi.

Tamaki tutuni tarkibida 400dan ziyod zaharli kimyoviy moddalar bo‘lib, ularning 40dan ziyodi saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Bular nikotin, sianin, simob, formaldegid, is gazi, sinil kislotasi, benzopiren, nitrozamin va boshqalar. Poloniy, vismut va qo‘rg‘oshinning radioaktiv izotoplari mavjud. Bir kunda 1 quti sigaret chekish bu 1 yilda 500 rentgen nuridan zararlanish degan gap.

Bitta sigaret 6-8 mg. nikotin saqlaydi, uning 3-4 mg. miqdori qonga o‘tadi. Inson uchun o‘limga olib keluvchi doza 50-100 mg. (yoki 2-3 tomchi) nikotin, shuncha miqdor har kuni 20-25 ta sigaret chekadigan kishi organizmiga tushadi. Bu miqdor asta-sekinlik bilan organizmga kirgani uchun chekuvchi o‘lmaydi. 30 yil davomida kashanda odam o‘rta hisobda 20 ming dona sigaret chekadi. Bu bilan u 160 kg. tamaki yoki 800 gramm nikotinni ichiga yutadi.

Tamaki tutuni homilador ayolga va homilaga o‘ta xavfli ta’sir qiladi. Homilador ayol xoh faol, xoh nofaol ravishda chekuvchi bo‘lsa yo‘ldoshda qon tomirlari spazmi (torayishi) kuzatiladi. Homila bir necha daqiqaga kislorod yetishmovchiligi holatiga tushadi. Doimiy ravishda chekish esa homilada muntazam surunkali kislorod yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida homilaning ona qornida rivojlanishi sekinlashadi. U turli nuqsonlar bilan tug‘iladi yoki bola muddatidan oldin, chala, vazn yetishmovchiligi bilan tug‘ilishi mumkin. Chekuvchi ayoldan tug‘ilgan chaqaloqlar tutqanoq xurujlariga moyil bo‘lishadi. Epilepsiya bilan ko‘proq kasallanishadi va aqliy rivojlanishdan orqada qoladi. Homiladorlikda chekish bola nobud bo‘lish ehtimolini 15 marotaba oshiradi. Chekuvchi ona sutining 1 litrida 0, 5 mg nikotin bo‘ladi, sut yoqimsiz hidli va ta’mi ham buziladi. Bunday sutni emishdan bola bosh tortadi.

Yana o‘qing:  Parhez taomlar dasturxoni

Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan ibratli maqol bor. Demoqchimanki, ko‘pchilik hollarda chekuvchi insonlarning farzandlari ham kelajakda kashanda bo‘lishi mumkin. Bu esa yomon holatlardan biridir. Agar o‘smir ikkita sigaret chekib ko‘rgan bo‘lsa, 70 foiz hollarda ular keyinchalik butun hayoti davomida chekishadi. Bu tadqiqotlarda o‘z tasdig‘ini topgan.

Chekish – bu faqatgina insonning shaxsiy muammosi bo‘libgina qolmasdan, balki ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan butun jamiyat muammosidir. Bugunga kelib dunyoning 140 davlatida chekishni chegaralash bo‘yicha turli qonunlar qabul qilingan. Butun Yer sharida yiliga ikki marta xalqaro chekishga qarshi kun o‘tkaziladi. Bularning birinchisi 1988 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan va har yili 31 mayda o‘tkaziladi. Ikkinchisi xalqaro chekishni tashlash kuni bo‘lib, bu kun 1977 yil Amerika Onkologlar jamiyati tomonidan tashkil etilgan. Har yili bu sana 18 noyabr kuni o‘tkaziladi. Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad dunyo aholisi orasida tamakining zarari va uning salbiy oqibatlarini targ‘ib etishdir.

 

Aziz yurtdoshlar!

Har kim o‘z salomatligi va oila a’zolari hamda yaqinlarining sog‘ligini o‘zi asrashi zarur.

 

Zulxumor MUTALOVA,

Salomatlik va tibbiy statistika instituti direktori,

tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: