Hunarda halol nasiba bor
Mansurjon ota-bobosining kasbi – yog‘och o‘ymakorligining sir-asrorlarini Murod bobosidan qunt bilan o‘rgandi. Sirdaryo tumanidagi “Ziyokor” mahallada yashovchilar ushbu avlod vakillarini usta hunarmandlar sifatida yaxshi bilishadi.
Yo‘lingiz tushib mahalladagi bu hunarmandlar xonadonida bo‘lsangiz, stol-kursilar, xontaxta, nafis ishlangan ko‘plab naqshinkor quticha kabi hunarmandchilikning beqiyos namunalarini ko‘rib, hayratingiz oshadi. Ular yong‘oq, chinor, qayrag‘och kabi daraxtlardan ishlangan bo‘lib, qattiq va chidamli buyumlar sirasiga kiradi.
Yaqinda biz ham Murod otaning ustaxonasida bo‘ldik. Egnida ish kiyimi o‘ziga yarashib turgan Mansurjonning ishlarini kuzatdik. Uning butun diqqat-e’tibori navbatdagi buyurtmani nihoyasiga yetkazishga qaratilgandi. Ustaxona sahni saranjom-sarishta, tokchalarga zarur asbob-uskuna va hunarmadchilik buyumlari tartib bilan terilgan. O‘rtada yong‘oq daraxti bir necha bo‘laklarga ajratilib, randalab chiqilgan. Tayyor buyumlarni ko‘rganingizda yog‘och o‘ymakorligining barcha mashaqqatlarini his qilavermaysiz. Aslida bu juda nozik, o‘ta e’tibor talab ishdir. Hunarmandchilikning bu turi bilan shug‘ullanuvchi ham rassom, ham usta bo‘lishi kerak. Zamonaviylik va qadimiylik uyg‘unlashib ajib manzara kasb etgan bejirim buyumlarni kuzata turib, zabardast qo‘llarga tasannolar aytasiz.
Piru badavlat otaxon Murod Rajabov yog‘och bo‘laklarini silliqlab randalashdan to biror buyum tayyor bo‘lguncha farzandlari Bahrom, Ma’murjon va Umidjon Rajabovlar yonidan ketmaydi. Ham ota, ham talabchan ustoz sifatida bo‘sh vaqtlarida yog‘och o‘ymakorligining o‘ziga xos milliy an’analaridan so‘zlaydi, ularni asrashga undaydi. O‘g‘illarini o‘z hayotlariga mazmun kiritishi va turmushining farovon bo‘lishi uchun bu hunarni e’zozlab-qadrlab, muntazam shug‘ullanib kelishlariga da’vat etadi.
Yog‘och o‘ymakorligi sulolasining uchinchi avlodi vakili, Guliston davlat unversiteti pedogogika fakultetining 3-bosqich talabasi Mansurjon Rajabov mana olti yildirki, kasbini e’zozlab, yoshlarga ham hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘rgatishdan, tinimsiz izlanishdan charchamaydi. Shogirdlari bilan birga tayyorlagan bezak uchun ishlatiladigan koshinlar, naqshlar, kichik hajmdagi o‘yinchoqlar, turli quticha va shu kabi buyumlari bilan respublika hamda viloyat miqyosida o‘tkazib kelinayotgan turli savdo ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelmoqda. Mansurjonning o‘zi esa “Tashabbus – 2016”respublika ko‘rik-tanlovida qatnashib, u yasagan buyumlar ko‘pchilikning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, o‘tgan yili “Xalqaro turizm” respublika ko‘rgazmasida faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
– Hunar xonadon to‘kinchiligini ta’minlaydi, – deydi Mansurjon. – Hunarmandchilik buyumlari qadr-qimmatini hech qachon yo‘qotmaydi. Qalb qo‘ri bilan yaratilgan bu san’at asarlari umrboqiydir.
Endigina yigirma uch bahorni qarshilayotgan sulola davomchisi Mansurjon Rajabov hunarmandchilik buyumlari, chizgan suratlarini bolajonlarga sovg‘a qilishni yoqtiradi. O‘quvchilar ham vaqti-vaqti bilan “Murod ota”nomli usta-shogird maktabida bo‘lib, hunarmandchilik kasbini o‘rganishga harakat qilishmoqda. Mansurjon o‘zini hali shogird maqomida his qilsa-da, undan hunarmandchilikning sir-asrorlarini o‘rganganlar soni bugun 20 nafardan oshdi. Quvonarlisi, ular hozirda mustaqil ravishda ish olib borishmoqda.
Abdulla SAIDOV,
Sirdaryo viloyati