O‘zbekiston – bezgakdan xoli hudud

Buni dunyo shifokorlari e’tirof etmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra har yili dunyo bo‘yicha 400 mln. dan ortiq odam bezgak dardiga chalinib, ularning 1 mln. dan ziyodi vafot etadi.

Jumladan, vafot etganlarning 90 foizini Ekvatorial Afrikadagi yashovchilar tashkil etib, shundan 18 foizi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Bezgak – anofeles (bezgak) chivinining chaqishi orqali yuqadigan, bemorning sovqotib qaltirashi, tana haroratining ko‘tarilishi, jigar hamda taloqning zararlanishi va kamqonlik bilan kechadigan xavfli va o‘tkir yuqumli kasallik hisoblanadi. Xastalikni plazmodiy deb atalmish parazitlar qo‘zg‘atadi. Plazmodiylarning 4 turi mavjud bo‘lib, ularni faqat mikroskop ostida ko‘rish mumkin. Bu parazitlar inson qonida yashab, ko‘payadi va qizil qon tanachalarida joylashib, ularni parchalaydi hamda qon ishlab chiqarish, asab, yurak qon-tomir va organizmning boshqa tizimlari ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kasallik manbai bemor odam va parazit tashuvchi xasta kishi, uning tarqatuvchilari esa anofeles avlodiga mansub chivinlar hisoblanadi.

2007 yilning may oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti assambleyasining 60-sessiyasida “25 aprel – Xalqaro bezgakka qarshi kurash kuni” deb e’lon qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bugungi kunda bezgak dunyoning 100 dan ortiq davlatlari aholisining sog‘lig‘iga jiddiy xavf solib kelmoqda. Kasallik asosan Afrika, Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Yevropaning ayrim hududlarida ro‘yxatga olinmoqda. Bezgak avval eliminatsiya (bartaraf) etilgan MDH mamlakatlari (Tojikiston, Qirg‘iziston, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya va boshqa davlatlar)da yana qayd etilishi kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda bezgak kasalligi 1925 yildan 1960 yilgacha keng tarqalgan bo‘lib, o‘sha davrda 700 mingdan ortiq xastalik holatlari ro‘yxatga olingan edi. O‘tgan asrning 60-yillarida O‘zbekistonda ushbu kasallikni yo‘q qilishga erishildi. Ammo 1980–1990 yillarda O‘zbekiston bilan qo‘shni bo‘lgan davlatlar – Afg‘oniston va Tojikiston Respublikalarida bezgak kasalligining epidemiyasi kuzatildi. Shuningdek, ushbu davlatlar o‘rtasida aholining faol qatnovi (migratsiya) natijasida bezgak kasalligini respublikamiz hududiga kirib kelishning ayrim holatlari kuzatila boshlandi. O‘tgan asrning 90-yillari boshida Tojikistonning bezgak kasalligi tarqalgan hududlari bilan chegaradosh bo‘lgan mamlakatimizning janubiy viloyatlarida chegaraning uzunligini hisobga olgan holda 1999 yilda Surxondaryo viloyatida uch kunlik bezgakning past darajada mahalliy yuqishi yuzaga keldi.

Yana o‘qing:  ShIVIT HAQIDA ShIVIRLAMANG...

Keyinchalik Qashqadaryo viloyatida xastalikning yangi faol o‘choqlari qayd etildi. Qo‘shni Qirg‘izistonda 2002 yili infeksiyaning epidemik tarqalishi sodir bo‘lib, 2744 nafar bezgak bilan kasallanish holati qayd etildi, hamda respublikamizning chegaraga yaqin bo‘lgan viloyatlariga kasallik kirib kelish va tarqalish xavfi yuzaga keldi.

JSSTning tashabbusi bilan Toshkent shahrida 2005 yilning 18-20 oktyabr kunlari Yevropa mintaqaviy hududida bezgakning mahalliy kasallik sifatida yuqishini bartaraf etish va uning eliminatsiyasiga erishish uchun I xalqaro anjuman o‘tkazildi. Xastalik tarqalgan mamlakatlarda “Bezgakni orqaga qaytaramiz” mintaqaviy loyihasi O‘zbekiston tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. So‘ng “Kurashdan bezgakning eliminatsiyasiga o‘tish” Toshkent deklaratsiyasi tasdiqlandi.

Bezgak bo‘yicha Milliy dasturni kuchaytirish maqsadida 2005–2010 yillar mobaynida “O‘zbekistonda bezgakka qarshi kurashni kengaytirish 2005–2009 yillarda yuqish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga asosiy e’tiborni qaratish” bo‘yicha “OITS, sil va bezgak kasalliklariga qarshi kurash Global jamg‘armasi” tomonidan moliyalashtirilgan loyiha amalga oshirildi.

JSSTning “Bezgakni orqaga qaytaramiz” mintaqaviy strategiyasiga binoan Milliy dasturlar Global jamg‘armasi tomonidan ushbu infeksiya bilan kurashishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishildi. Kasallikning epidemiologik nazorat tizimida bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

Jumladan, xastalik holatlarini erta aniqlash, uni laboratoriya usuli bilan tashxislash, kasallik manbai bo‘lgan bemor va parazit tashuvchilarni o‘z vaqtida davolash, epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bezgakning faol o‘choqlaridagi aholi orasida kimyoviy profilaktika o‘tkazish amalga oshirildi. Entomologik nazorat va chivinlarga qarshi kurash kompleks chora-tadbirlari, amaliy-ilmiy izlanishlar, aholini chivinlar hujumidan shaxsiy va guruhli himoyalash choralari, fuqarolar orasida kasallikning oldini olish bo‘yicha sanitariya-targ‘ibot ishlari kuchaytirildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik ta’minoti yaxshilandi. Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari yanada jadallashdi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikada 2010 yildan buyon mahalliy bezgak kasalligi ro‘yxatga olinmadi.

Xurshida AHMEDOVA,

Respublika DSENM

parazitologiya bo‘limi shifokori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: