“SALOMATLIK” POYEZDI sahro bekatlarida

Avval xabar berganimizdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida “Salomatlik” poyezdi Qoraqalpog‘iston Respublikasining uzoq hamda borish qiyin bo‘lgan hududlarida istiqomat qiluvchi ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga tibbiy yordam ko‘rsatish hamda insonparvarlik yordamlarini yetkazish maqsadida Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Jasliq – Toshkent yo‘nalishida tashkil etildi.

Mamlakatimizda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tibbiy-ijtimoiy loyihalarning hayotga tatbiq etilayotgani, onalar va bolalar salomatligini saqlashga qaratilayotgan e’tibor bunga yorqin misoldir.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bu boradagi vazifalarni keng yo‘lga qo‘yish maqsadida qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

…Poyezd Qo‘ng‘irot tumanining “Jasliq” bekatiga yetib keldi. Vokzal bayramona bezatilgan. Hammaning ko‘zida hayajon, quvonch, mamnuniyat. Ayniqsa, mezbonlarning bu uchrashuvga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rganligi nigohlaridan sezilib turardi. Mehrning qudratini qarangki, ular bilan xuddi uzoq yillik qadrdonlardek ko‘rishib, bir zumda samimiy suhbat boshlandi.

Darhaqiqat, mazkur xayriya aksiyasi yurtimizda inson va uning manfaatlari nechog‘li ulug‘ ekanidan bir nishonadir. “Salomatlik” poyezdi doirasida amalga oshirilayotgan tibbiy va insonparvarlik yordamlari mamlakatimizning olis va ekologik jihatdan sharoiti noqulay bo‘lgan chekka hududlarida ham sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yurtimiz kelajagiga o‘z hissasini qo‘shadigan barkamol avlodni voyaga yetkazishda munosib xizmat qilayotir.

Bu galgi “Salomatlik” poyezdi tarkibidagi malakali shifokorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda fondning hududiy filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasining tajribali mutaxassislaridan tashkil topgan. Ular aholini, jumladan, ayollar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ehtiyojmand aholiga manzilli yordam ko‘rsatdi. Poyezdda tibbiy ko‘riklarni yuqori saviyada tashkil etish, zamonaviy tibbiy-diagnostika vositalari yordamida kasallikka aniq tashxis qo‘yish, xastalikni erta bosqichlarda aniqlash va sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud.

– Ushbu aksiyamiz davomida 1 ming 743 nafar kishiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AKning “Salomatlik” tibbiy sanitariya yordam poyezdi shifokori O‘tkirjon Mardonov – Ko‘rikdan o‘tganlarning 536 nafarini ayollar (ulardan 483 nafari fertil(tug‘ruq) yoshidagi ayollar), 400 nafarini bolalar va o‘smirlar tashkil etdi. Malakali tibbiy tekshiruvlar davomida shifokorlar tomonidan jami 3 ming 280 ta tavsiya va maslahatlar berildi.

Yana o‘qing:  TA’LIM SIFATI VA SAMARADORLIGI OSHMOQDA

Tadbir davomida 57-umumta’lim maktabida ta’lim oluvchi va sport bilan shug‘ullanuvchi bolalarga 4 turdagi sport inventarlari topshirildi.

Prezidentimizning “Qiz bola sog‘lom va baxtli bo‘lsa, u quradigan oila ham, uning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat baxtli va farovon bo‘ladi. Buni hech qachon yodimizdan chiqarmasligimiz zarur”, – deya ta’kidlagani bejiz emas. Mazkur o‘quv muassasasida tibbiy ko‘rikdan o‘tish, salomatlikni asrash, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini oldini olish mavzularidagi bukletlar tarqatilib, turli mavzularda davra suhbatlari o‘tkazildi.

Ma’lumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan hududlarda yashovchi aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlar o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois, tibbiy ko‘rik davomida aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yiladi. Jumladan, 620 nafar fuqaro EKG tekshiruvi, 746 nafar fuqaroga ultratovush tekshiruvi hamda 637 nafar fuqaroga 1 ming 911 ta laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi.

Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoyalash fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir. Shu bois, mamlakatimizda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar hamda yolg‘iz qariyalarga insonparvarlik, mehr-muruvvat yordamlarini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotir.

 – Ushbu xayriya aksiyasi davomida 2 ming nafardan ziyod fuqaroga hamda 11 ta tashkilot va maxsus muassasalarga 1 milliard 101 million so‘mga teng bo‘lgan dori-darmon, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yuklari yetkazib berildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “Onalik va bolalik” bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov.

Fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, ko‘p tarmoqli bolalar markazi, tug‘ruq majmuasiga 348 million so‘m miqdoridagi tibbiy anjomlar va dori-darmonlar yetkazib berildi. Shuningdek, Xo‘jayli tumani 1-sonli “Mehribonlik” uyi, Taxiatosh “Go‘daklar” uyiga 18 million 400 ming so‘mlik kiyim-kechak, dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordamlari topshirildi.

Hayot davomiyligining asosi bo‘lgan ayolni, naslimiz davomchisi farzandlarimiz salomatligini asrash – bu millatni, xalqni asrashdir. Binobarin, ayolga, onaga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Prezidentimiz tomonidan 2016 yilning mamlakatimizda Sog‘lom ona va bola yili deb e’lon qilinishi zamirida ham ana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam.

Yana o‘qing:  Yangi vaksina tatbiq etildi

O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom va intellektual shaxs etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish bu olis safarimizning oliy maqsaddir.

 

Navro‘z NORBOBOYEV,

Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: