KARIYES PROFILAKTIKASIDA MUHIM ChORA
Sog‘lom va serjilo tishlar nafaqat chiroyimizni ochadi. Balki u me’da-ichak tizimining to‘g‘ri faoliyat yuritishida ham o‘ziga xos o‘rniga ega.
Kattalar tish og‘rig‘i azobi nima ekanligini yaxshi bilishadi. Stomatolog huzurida kichik yoshdagi bemorlarni ham ko‘p uchratamiz. Salomatlik borasida bunday muammolarga duch kelishimizning asl sababi nimada? Ular ham kattalarga o‘xshab tish og‘rig‘idan dard chekmasliklari uchun nimalarga e’tibor berishi lozimligi haqida oliy toifali shifokor-stomatolog Ra’no Subhonova quydagilarni so‘zlab berdi…
Avvalo, sog‘lom tishlar hech qachon issiq yoki sovuq ta’sirini sezmaydi. Ammo havo sovushi bilan sovuqlikni sezadigan bo‘lsa, demak ular kasal tishlar hisoblanadi. Ular kariyes va turli kasallikka chalingan bo‘lib, vaqtida davolatish zarur. Tishning ildiz qismi ochilib qolgan bo‘lsa, sovuq havo o‘sha tishga ta’sir ko‘rsatadi. Noto‘g‘ri nafas olish orqali ham tishlarga zarar yetadi. Ba’zi holatlarda insonlar burnidan nafas olmasdan og‘zidan nafas oladi. Natijada odam organizmidagi ichki havo bilan tashqi havoni bir-biriga keskin ta’siri natijasida tishlarda og‘riqli holatlar kuzatiladi.
Homiladorlikdan boshlab ona tishlarining sog‘lomligiga bo‘lgan e’tibor, o‘z navbatida tug‘ilajak farzandning ham tishlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Tug‘ruq jarayonidan so‘ng ko‘pgina onalarda tishini yo‘qotish kuzatiladi. Buning asosiy sabablaridan biri onada kalsiy moddasining yetishmovchiligi va tishlarni o‘z vaqtida davolatmaganidadir. Bola dunyoga kelgach unda ham tish bilan bog‘liq bir qancha muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan ma’qul, shunday ekan bolajonlarning ovqatlanishiga e’tiborli bo‘lish lozim. Zero, to‘g‘ri va sifatli ovqatlanish tishlarning sog‘lom bo‘lishi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Noto‘g‘ri ovqatlanish natijasida me’daga zarar yetadi. Tishlarda ham toshlar paydo bo‘ladi. Og‘iz bo‘shlig‘idagi so‘lakning ovqat hazm bo‘lish jarayonida ahamiyati katta.
Bolajonlarimizda tish og‘rishiga asosiy sabab shirinliklarni ko‘p is’temol qilishidadir. Bundan tashqari tishlar orasidagi turli ovqat qoldiqlari ham sabab bo‘lishi mumkin. Uy sharoitida og‘izni qaynagan iliq suvda yaxshilab chayish va tishlarni yuvish tavsiya etiladi. Agarda shunda ham tish og‘rig‘i qolmasa shifokorga murojaat qilish lozim.
Tishi qimirlab turgan bolaning tishini qo‘l bilan olib tashlash mumkin emas. Chunki, qo‘lda turli mikroblar bo‘lib, tishning qonagan sohasiga zarar yetadi va u gazak olib ketishi mumkin. Har bitta tishning o‘z o‘rni bor. Uy sharoitida tishlarni davolash natijasida ularni o‘rni o‘zgarib noto‘g‘ri joylashishiga sabab bo‘ladi.
Tishlar inson ko‘rki. Ularni sog‘lomligida asrash, vaqtida tish shifokoriga murojaat etish faqat o‘zimiz uchun foydalidir. Chunki, organizmga barcha oziq-ovqat mahsulotlari og‘iz bo‘shlig‘i orqali tushadi. Bu borada bolajonlarimiz uchun biz kattalar o‘rnak bo‘lishimiz zarur.
Charos XUSHVAQTOVA
yozib oldi.