“SALOMATLIK POYEZDI” NAVOIY VILOYATIGA JO‘NAB KETDI
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik poyezdi” Navoiy viloyatiga jo‘nab ketdi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaralari haqida so‘z yuritildi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilayotgan “Salomatlik poyezdi” xayriya tadbirlari davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning chekka, ekologik noqulay hududlari aholisi, jumladan, ayollar va bolalar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Navoiy viloyatiga yo‘l olgan navbatdagi “Salomatlik poyezdi”ning yuqori malakali shifokorlari hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Tadbir davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi va nogironlarga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga 650 million so‘mlikdan ziyod dori-darmon, gigiyena vositalari yetkazib beriladi.
V. PO‘LATOVA