MILLIY QADRIYATLARIMIZ KO‘ZGUSI
Andijon viloyatida “Milliy qadriyatlarimiz ko‘zgusi” shiori ostida milliy va zamonaviy liboslar forumi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda hunarmandlar, modelyer-dizaynerlar, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yosh hunarmandlarning milliy hamda zamonaviy uslubdagi liboslari, shuningdek, chevar, zardo‘z va do‘ppido‘zlar tayyorlagan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda namoyish etilgan liboslarda zamonaviylik va milliylik, taqinchoq va akssesuarlarning matolar rangiga uyg‘unligi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, atlas, adras, beqasam singari matolardan tikilgan milliy liboslarning ko‘rkam va xushbichimligi, o‘ziga xosligi alohida e’tirof etildi.
Professional modelyer-dizaynerlar, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari o‘quvchi va talabalari tomonidan tayyorlangan liboslar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Mirolim ISAJONOV