HUSNIXAT SARI BIR QADAM
Har bir ota-ona farzandining savodli, chiroyli husnixatga ega bo‘lishini istaydi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra yozuvi bir qolipga tushgan kishilar ham dastxatini chiroyli qilishi mumkin. Ammo buning uchun undan kuchli xohish-istak va qunt talab etiladi.
Takror-takror qilingan mashqlar ham yaxshi natijaga erishishga yordam berishi tayin. Quyidagi maslahatlarimiz farzandining husnixati namunali bo‘lishini istovchi ota-onalar uchundir. Ta’kidlash joizki, bolani 4-5 yoshdan boshlab yozuv ko‘nikmalariga o‘rgatib borish zarur. Bu paytda uning yozuvga bo‘lgan layoqati to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Bu borada ota-onalar quyidagilarga e’tibor bermog‘i lozim:
* Avvalo, bolaning yozuv stoliga e’tibor bering. U bolaning gavdasiga nisbatan baland ham, past ham bo‘lmasin. Unda ortiqcha buyum turmasin. Ruchka va qalamlarning dizayni va qulayligi ham bolaning mashg‘ulotlarga ishtiyoqi oshishiga xizmat qiladi. Yozuv jarayonida to‘g‘ri o‘tirishiga e’tibor qarating: qaddini to‘g‘ri tutsin, o‘rindiqqa suyanmasin, tirsagi stoldan osilib turmasligi lozim, qo‘llari bilan baravar tutsin, aks holda bolaning qo‘li tezda toliqib qoladi.
* Bola va yozuv daftari orasidagi masofa 30 sm. dan oshmasin. Ruchkani to‘g‘ri tutishga o‘rgating. Qalamni uchta asosiy barmog‘ida ushlasin. Bosh, ko‘rsatkich va o‘rta barmoq bilan. Unga toza va ozoda daftar bering. Daftarni chiroyli qilib muqovalashni unutmang. Bolangizni ham uni ozoda va bo‘yamasdan tutishga o‘rgating.
* Avvalo bola bosma harflarni to‘g‘ri yozishni o‘rganib olsin. Bu unga oson va qulay ko‘rinadi. Bunda u bevosita kitobni ham hijjalab o‘qishga kirishadi.
* Ilk yozuv ko‘nikmalarini bola qalamda boshlagani ma’qul. Bola turli shakllar, shuningdek, turli chiziqlar bo‘ylab qo‘l harakatini shakllantirib olsin. Agar sizda husnixat namunalari bo‘lmasa, uni o‘zingiz tayyorlab berishingiz mumkin. Daftarga katak, uchburchak, chiziqlar kabi geometrik shakllarni unga namuna sifatida ko‘rsatib bering.
* Bolaning yozuvini namunadagiga o‘xshatishga undang. Natija sizni qoniqtirsagina harflarga o‘tishingiz mumkin. Harflarni ham turli qismlarga bo‘lib chiqing. Har bir bo‘lagini bola to‘g‘ri chizmagunga qadar keyingisiga o‘tmang. Uni bola tartibli bajarishiga e’tibor bering.
* Qo‘lning motorikasini yaxshi rivojlantirish uchun bolaga asosan barmoqlar harakatga keladigan mayda o‘yinlarni tavsiya eting. Misol uchun turli kubiklarni o‘ynash, bo‘yoq daftarlarni bo‘yash, plastilinlardan turli shakllar va hayvonchalar yasash, shuningdek, mozaykalardan foydalanish lozim.
* Harflarni o‘zlashtirib olgan bolaga endi ularning yozma usulini o‘rgating. Uning yozuvi chiroyli va tekis chiqishi uchun yozuv daftariga bilintirmasdan qora qalamda chiziq tortib bering. Bu bolaning harflarni va shakllarni chiziqdan o‘tkazib yubormasligiga yordam beradi. Yoki daftarining tagiga chiziqli qog‘oz qo‘yib bering. Bundan bola bir xil yozishga harakat qilgunicha foydalanishingiz lozim.
Muxtasar qilib aytganda bolalar bizning kelajagimiz. Ularning chiroyli va savodli husnixati go‘zal yuzu ko‘zini ifoda etadi. Bu esa faqat o‘zimizga bog‘liq.
Ma’rifat TOLIPOVA tayyorladi.