BOLA SALOMATLIGIGA E’TIBOR
Uning barkamol ulg‘ayishiga zamin yaratadi
Har bir inson tibbiyot fani ishlab chiqqan gigiyena me’yorlari va qoidalariga rioya qilishi hamda kasalliklarga qarshi faol kurashishi nafaqat o‘zining, balki oila a’zolarining ham salomatligi uchun zarup.
Bolani to‘g‘ri ovqatlantirish uning jismoniy tarbiyasiga va aqliy jihatdan kamol topishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Lekin ba’zi onalar bola baquvvat o‘ssin deb unga ko‘p ovqat yediradi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Semiz bola kamharakat bo‘lib, ko‘p kasal bo‘ladi. Bolani yoshiga, organizmining o‘ziga xos xususiyatlariga qarab ovqatlantirish lozim.
Nimjon bolalarga oz-ozdan tez-tez, vitaminlarga boy ovqatlar berib turish kerak. Ba’zi bolalarning ishtahasi past bo‘ladi. Bunday holda uni shifokorga ko‘rsatish lozim. Lekin ba’zi sog‘lom bolalarning ham ishtahasi past bo‘lishi mumkin. Rus fiziolog olimi I. Pavlov ilmiy ishlarida ovqat hazm bo‘lishining asab tizimiga bog‘liq ekanligini bayon etgan edi.
Bolaning ovqati sifatli, vitaminlarga boy bo‘lishi lozim. U doim ma’lum bir vaqtda ovqatlanishi kerak. Shunda me’dada ana shu paytga kelib shira ajralib chiqadi va ovqat yaxshi hazm bo‘ladi. Bolani to‘rt mahal ovqatlantirgan ma’qul (nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik, kechki ovqat).
Tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sinoning tavsiyasiga ko‘ra issiq ovqat iste’mol qilgandan keyin ichiladigan suyuqliklar ham issiq yoki iliq bo‘lmog‘i lozim. Chunki, me’daga issiq ovqat tushgandan keyin uning tomirlari kengayib, qon oqimi kuchayadi va me’dada shira ajralib chiqa boshlaydi. Agar issiq ovqat ustiga birdaniga sovuq suyuqlik ichilsa, bu birinchidan me’da shirasi ajralishini to‘xtatib qo‘yadi. Ikkinchidan me’da-ichak tizimida qon tomirlarining torayishiga sabab bo‘ladi. Natijada ovqat o‘z vaqtida hazm bo‘lmaydi. Oqibatda me’da-ichaklar kasallikka chalinishi mumkin.
Bolaning och qolishi juda zararlidir. Bunda organizmning kasallikka qarshi chidami-immunitet susayib salga charchaydi. Ko‘pgina kasalliklar tozalikka e’tiborsizlik natijasida kelib chiqishini hamma yaxshi biladi. Shu sababli bolani to‘g‘ri parvarish qilishda ota-onalar sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishlari muhim ahamiyatga ega. Go‘dakni hamisha pokiza tutishga, uni cho‘miltirishga, yuvintirishga, kiyim-kechaklari, ko‘rpa-to‘shagi, idish-tovog‘ining toza bo‘lishiga katta e’tibor berish kerak.
Bolalarning og‘iz bo‘shlig‘ini toza tutishga barvaqt o‘rgatish lozim. Tish va og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga to‘la rioya qilganda tishlar uzoq vaqtgacha sog‘lom bo‘ladi. Farzandingiz sog‘lom o‘sishi uchun toza havoning ahamiyati katta. Uyning havosi og‘ir, dim bo‘lsa chaqaloqqa zarar qiladi. Ochiq havoda kam bo‘ladigan go‘dakning rangi oqarib ketadi, ishtahasi yaxshi bo‘lmaydi. U har xil kasalliklarga tez chalinadi.
Go‘dak yashaydigan uyda chang bo‘lmasligi lozim. Uyni nam latta bilan har kuni artish va shamollatib turish kerak. Xona havosi almashtirib turilmasa, odam nafas bilan birga chiqaradigan karbonat angidrid gazi havoda ko‘payib ketadi. Nafas bilan chiqadigan bug‘lar havo namligini oshiradi. Bunday xonada bola lohas bo‘ladi, nimjon bo‘lib o‘sadi, organizmining turli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati ham susayadi.
Quyosh nurlari ko‘p tushishi va umuman xonaning yorug‘ bo‘lishi organizmda moddalar almashinuviga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Bu nur tarkibidagi ultrabinafsha nurlar ta’sirida organizmda D vitamini hosil bo‘ladi. Ushbu vitamin kalsiy almashinuvini boshqaradi va suyaklarning me’yorda rivojlanishini ta’minlaydi. Organizmda D vitamini yetishmagan bolalar raxit kasalligiga uchraydi. Raxitga uchragan bolalarning suyaklari qiyshayib qoladi. Ular tashqi muhit ta’siriga chidamsiz bo‘lib, nimjon o‘sadi. Turli kasalliklarga tez chalinib turadi va yaxshi o‘smaydi.
Bola go‘dakligidanoq alohida o‘rinda yotishi zarur. Unga taxta karavotga qattiqroq to‘shak solib berish kerak. Prujinali karavotda yotganda bolaning umurtqa pog‘onasi noto‘g‘ri rivojlanishi mumkin. Chaqaloqqa va umuman bolalarga tabiiy tolali matolardan kiyim kiydirish, ularning sog‘lig‘i uchun muhim. Uni havoga qarab kiyintirish lozim. Poyabzal yumshoq, oyoq panjalarini siqmaydigan bo‘lishi kerak.
Bola qanchalik yosh bo‘lsa, u shunchalik ko‘p uxlashi zarur. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar kechqurun kechi bilan soat 9-9: 30 da uxlashi lozim. Farzandingiz uxlashga yotishdan oldin ko‘p yugurmasligi, serharakat o‘yinlar o‘ynamasligi kerak. Chunki, bunda markaziy asab tizimi ortiqcha qo‘zg‘aladi. Natijada u yaxshi uxlay olmaydi. Uyqu tartibiga rioya etish lozim. Ma’lum vaqtda uyquga yotish va ma’lum vaqtda turish kerak. Shunda organizmda shartli refleks paydo bo‘ladi va odamga o‘z vaqtida uxlash va uyg‘onish odat bo‘lib qoladi. Bola yotadigan uyda shovqin bo‘lmasligi, radio, televizor va chiroqlarni o‘chirib qo‘yish lozim. Nimjon bolalar uchun tushlikdan keyin bir-ikki soat uxlash foydalidir. Birinchi sinf o‘quvchisi uchun maktabga borish uning hayotida katta burilish davri hisoblanadi. Birinchi yili o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda bola birmuncha qiyinchiliklarga uchraydi. Bunda o‘qituvchilar va ota-onalar o‘quvchi bolaga yordam berib, unga qulay sharoit yaratib berishlari kerak. Bolaning sog‘lig‘ini saqlash, organizmining uyg‘un rivojlanishi uchun yetarli sharoit yaratib berish unga atrof-muhitni o‘rganishida yordamlashish kerak. Shuningdek, uning o‘z vaqtida dam olib, to‘yimli va sifatli ovqatlanishi hamda ochiq havoda sayr qilishiga imkon yaratish kerak.
Shahnoza QURBONOVA,
Guliston tibbiyot kolleji “Onalikda hamshiralik parvarishi” fani o‘qituvchisi