Hunar – zar, hunarmand – zargar

Har kimning umr yo‘llari turlicha, taqdir yo‘llari turfadir. Muhimi bu yo‘llarni bosib o‘tish emas, unga mazmun kirita olish. Albatta, bunda inson uchun hayoti davomida tanlash imkoniyati bo‘ladi. Ikkilanmay ishonch bilan qilingan qaror esa umrning salmog‘ini oshiradi, unga mazmun baxsh etadi.

Toshkentlik Jamoliddin aka Abdullayev ham ana shunday tanlovlarda umrining yangi sahifasini ocha olgan kishilardan biri. U o‘zi tanlagan yo‘l orqali nafaqat hayotini yaxshilay oldi, balki o‘zbek xalq amaliy san’atiga ham yangilik kiritdi.

– Sinovlar kishi irodasini mustahkamlaydi, – deydi Jamoliddin aka.

– Paytlar bo‘ldiki, hayotimga o‘zgartirish kiritish, yangi ish boshlashga to‘g‘ri keldi. Zero, oila, farzand tarbiyasi, turmushning o‘ziga yarasha mas’uliyati va burchi shuni taqozo etdi. Bunda akam, mohir naqqosh – Kamoliddin Abdullayev yaqin ko‘makdoshga aylandi. Vaholanki, men shu choqqacha bu yo‘nalishga umuman qo‘l urib ko‘rmagan edim. Akam hamda ustozlarimdan Jasur Bahodirovning ko‘rsatgan yo‘l-yo‘rig‘i, shu kasbga undashi va qiziqtira olishi 33 yoshimda xalq amaliy san’ati yo‘nalishida mo‘yqalam tebratishimga turtki bo‘ldi. Hayot yo‘lida tanlovning erta-kechi bo‘lmas ekan.

2006 yilning oxirlarida Toshkentdagi Abulqosim madrasasida naqqosh bo‘lib endigina ish boshlagan Jamoliddin Abdullayev dastavval ishni qutilar chetiga naqsh tushirishdan boshladi. Ilk ishi mohir naqqoshnikidek bo‘lmasada akasi Kamoliddin akaning rag‘bati bilan ishlashda davom etdi. Mahorati tobora sayqal topib boravergach rang berish, gullar rasmini solish jarayoniga o‘ta boshladi. Endi uning xayolini butkul o‘zbek millatining ruhiyati, milliy madaniyati va qadriyati aks ettirilgan turfa naqshlaru, rangin so‘zanalar band etdi. Ko‘cha-ko‘yda, atroflarda rang berilgan, yoki naqsh tortilgan mato ko‘rdimi uning chiziqlari va ranglar uyg‘unligi haqida bosh qotiradigan, yana qanday ishlov berilsa, ko‘rkam va chiroyli bo‘lishi borasida o‘ylaydigan bo‘ldi. Naqqoshlikning nozik sirlarini ko‘p yil bosqichma-bosqich qunt bilan o‘rgandi, tajriba orttirdi. Endi uning qo‘l mehnatini nafaqat ustozlari, balki xorijlik mehmonlar ham e’tirof etib xarid qila boshlashdi.

Oradan ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng Jamoliddin aka hamkasbi Abdug‘ofur Bahodirov bilan o‘z ishida yangilikka qo‘l urishdi. Hunarmandlar nafis milliy naqshlaru ranglar jilosini endilikda qutilarda emas, aksincha, ayollarning turli zebu ziynat va taqinchoqlarida aks ettira boshlashdi. Natijasi esa mahsulotning tezda o‘z xaridorlarini topganida bilindi. Asta-sekinlik bilan bu yo‘nalish orqali daromad ortib, mahsulotlar turi va soni oshib bordi. O‘zgalarnikiga o‘xshamaydigan yagona ko‘rinishga ega taqinchoqlarni buyurtma asosida tayyorlab, unga qo‘l mehnati orqali naqshlar solina boshlandi O‘ziga xos ko‘rinishdagi mahsulotlarni ommaga yanada kengroq tanishtirish maqsadida Jamoliddin aka ko‘plab tanlov va festivallarda ishtirok etdi. Tabiiyki, natija ham mehnatga yarasha yuqori bo‘ldi. U “Tashabbus – 2013” ko‘rik-tanlovining g‘olibiga aylandi. Yangi yo‘nalishdagi mahsulotlarga talab tobora ortib bordi. Natijada usta hunarmand Jamoliddin hamda Abdug‘ofur aka milliylik nafasi ufurib turgan “Art-anor” zeb-ziynat do‘koniga asos solishdi.

Yana o‘qing:  VATANPARVARLIK saboqxonasi

– Har bir inson o‘z kasbida yangilik yaratishi lozim. Bu uning shu sohada mavqeini oshiradi, o‘ziga xoslikni namoyon etadi. Shukr Yaratganning inoyati bilan biz buning uddasidan chiqa oldik, – deydi Jamoliddin aka.

Jamoliddin aka hamda shogirdlari tomonidan yaratilayotgan zebu ziynatlarni ko‘zdan kechirar ekansiz, o‘zbek ayolining milliylik nafasi bilan zeb berilgan zamonaviy qiyofasi ko‘z oldingizda gavdalanadi. Ustaning ta’kidlashicha zebigardonlarda aks ettirilgan naqshlar va ranglar uyg‘unligi boshqasida sira uchramaydi. Bu uning noyobligini belgilab beradigan muhim xususiyat bo‘lib, mahsulotning qiymatini ham oshiradi. Bu esa hunarmandlarni tinimsiz izlanishiga va o‘z sohasida ko‘plab yangiliklar yaratishga undaydi. Usta boshlangan kunini o‘z ishiga bir yangilik kiritmasdan kech qilmaydi. Izlanishlarning samarasi hamisha xayrli bo‘ladi. Endilikda usta hunarmandning kolleksiyasida nafaqat ayollar taqinchoqlari, balki bejirim va nafis qo‘l soatlari, shuningdek, erkaklar ko‘ylagining qo‘l tugmalari va bo‘yinbog‘ qistirgichlarini ham topishingiz mumkin. Hozirda ular tomonidan yaratilayotgan o‘ziga xos milliy naqshlar va ranglar bilan zeb berilgan mahsulotlar nafaqat yurtimizda, balki ko‘plab xorijiy davlatlarida ham tobora ommalashib taqinchoqlarga kun sayin talab ortmoqda.

Usta naqqosh joriy yilning bahorida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro ko‘rgazmalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: