DOLZARB MAVZULAR MUHOKAMA ETILDI
Poytaxtimizdagi Turin politexnika universitetida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining VII Boshqaruv yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda 60 ga yaqin boshqaruv a’zolari hamda 140 ga yaqin davlat va jamoat tashkilotlarining mas’ul xodimlari, hududiy Xotin-qizlar qo‘mitalari raislari ishtirok etdi. Yig‘ilishda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, Xotin-qizlarning ta’lim olishi, ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan ishlash, ayollar bandligini ta’minlash kabi 10 dan ziyod dolzarb mavzular muhokama etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining hamkorlikdagi faoliyati tahlil etilib, Sog‘lom ona va bola yilida amalga oshirilishi kutilayotgan vazifalar muhokama qilindi.
Xususan, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom oilani shakllantirish, xotin-qizlar va oilaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalariga alohida urg‘u berildi. So‘nggi 5 yillik natijalariga ko‘ra tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘iladigan bolalar soni 1, 3 marta kamayib, xotin-qizlarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 67 yoshdan 75 yoshgacha oshganligi qayd etildi. Xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar rivojlanayotgan 125 ta davlat orasida yetakchi o‘rinda baholangan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova ishtirok etdi.
M. XO‘JAMURODOVA