REPRODUKTIV SALOMATLIK – SOG‘LOM ONALIK GAROVI

Reproduktiv salomatlik nafaqat ayolning, balki erkakning ham o‘zidan sog‘lom zurriyod qoldira olish davridagi salomatligidir.

Ayniqsa, bu borada o‘smir-yigit-qizlarning salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Bo‘lajak onaning qachon va qanday sharoitlarda ona bo‘lishini nazorat qilish, uning va tug‘ilajak bolaning ham salomatligi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratish muhim. Hozirgi kunda bo‘lajak onalar farzandini dunyoga keltirishdek o‘ta mas’ulyatli vazifaga tayyorgarlik ko‘rishda tibbiy jihatdan savodxonmi? Bu boradagi maxsus adabiyotlar, gazeta, jurnallar o‘qish uchun xotin-qizlarimiz vaqt topa olishayaptilarmi?

Reproduktiv salomatlik masalasi faqatgina tug‘ruqlar oralig‘i uch yildan kam bo‘lmasligiga e’tibor qaratishdangina iborat emas. Balki u o‘z ichiga kengroq vazifalarni qamrab oladi. Bunda asosiy e’tibor oila farovonligini ta’minlash, ularda ijobiy psixologik iqlimning hukm surishi, onalar va bolalar salomatligini saqlash, oilalarning tom ma’noda mustahkamligini ta’minlash kabilar nazarda tutiladi. Albatta 16-17 yoshlardagi qiz bola organizmi hali to‘la yetilgan bo‘lmaydi. Erta farzand ko‘rish yosh ona salomatligiga ham, undan tug‘ilajak bola salomatligiga ham ma’lum darajada xavf tug‘dirishi mumkin.

Bo‘lajak onalar bo‘lmish qizlarimizning reproduktiv salomatliklarini muhofaza qilishni barcha ta’lim muassasalarida keng ko‘lamda amalga oshirish kerak. O‘spirinlik – nozik davr. Ayniqsa, ota-onalar va pedagoglar bu davrda bolalar bilan o‘zaro munosabatda do‘stona yo‘l tutishlari kerak. Bu davrda o‘spirinlar jadal o‘sgani bois ularning organizmida turli xil a’zolarning muvozanati buziladi. Qiz bolalar reproduktiv salomatliklarining shakllanishida jismoniy tarbiya darslari imkoniyatlaridan foydalanish va bunday mashg‘ulotlarni ko‘paytirish tajribasi ijobiy natijalar berishi aniqlangan. Qiz bolalarda reproduktiv salomatlikning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli omillar qatorida ichki sekretsiya bezlari va moddalar almashinuv jarayonlarining buzilishi, vegetativ asab tizimi kasalliklari, allergik kasalliklarni ko‘rsatib o‘tish, shuningdek, ularning oldini olishda oila va tibbiy xodimlar, pedagoglar tomonidan maqsadga qarab yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini uqdirib o‘tish joizdir. Mutaxassislar tomonidan notinch, ichuvchi, giyohvand moddalarni iste’mol qilish kabi zararli odatlari mavjud oilalarga katta e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Qiz bola organizmiga bulardan tashqari tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, giyohvandlik kabi zararli odatlar o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ko‘rsatib o‘tilgan xavf omillari keyinchalik ularda homiladorlikning fiziologik kechishiga to‘siq bo‘lib, patologik tug‘ruqlarga sabab bo‘ladi.

Yana o‘qing:  O‘z salomatligimizga mas’ullik hushyorlikka chorlaydi

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, qizlarda va bo‘lajak onalarda reproduktiv salomatlikni shakllantirish ularning maktab davridanoq boshlash kerak. Ular ham jismonan, ham ma’nan, ham psixologik nuqtai nazardan sog‘lom bo‘lib shakllansa va muqaddas sanalgan oila to‘g‘risida yetarli ko‘nikma, malaka va bilimga ega bo‘lsalargina, umuman olganda sog‘lom turmush tarzini shakllantirsalargina ulardan tug‘ilajak farzandlar ham sog‘lom rivojlanib, oilalarimiz farovon hayot kechiradilar.

Munira YARKINBOYEVA,

O‘zMU magistranti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: