BOLAJONLARNING QUVONCHLI LAHZALARI
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning jismoniy va ma’naviy kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu ishlar unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay, har jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishlarida muhim omil bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda yigirma yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident archasi” bayrami tantanalari ham barcha o‘g‘il-qizlarning doimo mehr va g‘amxo‘rlik og‘ushida kamol topayotganidan yorqin dalolatdir.
Bu yil ham Yangi yil bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarning shahar va tumanlarida “Prezident archasi” bayrami tantanalari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarga joylardagi Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlar o‘quvchilari, xizmat burchini o‘tash paytida halok bo‘lgan huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda harbiy xizmatchilarning, shuningdek, kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari taklif etildi.
Bayram tadbirlarida mamlakatimizda yosh avlodni har jihatdan yetuk va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish, ular kelajagi yurtimiz kelajagiga bevosita daxldor masala sifatida davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi alohida e’tirof etildi. Bolajonlarga Prezidentimizning bayram sovg‘alari topshirildi.
Viloyatlardagi musiqali drama va qo‘g‘irchoq teatrlari, akademik hamda xalq badiiy jamoalarining bayram tomoshalari, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonandalari va bolalar badiiy jamoalarining chiqishlari tantanalarga yanada fayz, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Ulkan archa atrofida turli ertak qahramonlari bilan birgalikdagi quvnoq qo‘shiqlar, shodon raqslar bolajonlarga bir olam zavq, bayramona kayfiyat baxsh etdi.
– “Prezident archasi” bayrami bizda juda katta taassurot qoldirdi, – deydi Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Komila Jabborova. — Rang-barang o‘yinchoqlar bilan yasatilgan ulkan archa atrofida qo‘shiq aytdik, raqsga tushdik. Ayniqsa, Prezidentimizning sovg‘alaridan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bizga ko‘rsatilayotgan beqiyos e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun cheksiz minnatdormiz.
– Yangi yil bayrami biz bolalar uchun eng sevimli bayramdir, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohinur Abduhalimova. – Yurtboshimizning “Mening farzandlarim” deya biz yoshlarga ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori va g‘amxo‘rligiga javoban el-yurtimizga munosib farzand bo‘lishga intilamiz.
Mamlakatimizning barcha hududlaridagi ta’lim va sog‘liqni saqlash, bolalar muassasalarida yuksak saviyada tashkil etilgan “Prezident archasi” shodiyonalarida yosh avlodning hech kimdan kam bo‘lmay o‘sishi va kelajakda jamiyatda o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun ko‘rsatilayotgan mehr va g‘amxo‘rlik yana bir bor o‘zining amaliy ifodasini topdi. Mazkur tantanalarda mamlakatimizda har bir farzandning davlat va jamiyat e’tiboridan chetda emasligi, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik fazilatlari yana bir bor yorqin namoyon bo‘ldi.
O‘zA