Ota-ona bo‘lishga tayyormisiz?
To‘rt muchasi sog‘lom ota-onalardan sog‘lom farzandlar dunyoga kelishi sir emas. Har bir ayol uchun ona bo‘lish – eng katta baxt. Sog‘lom farzand – nafaqat ota-onaning shuningdek, jamiyatning ham kelajagi hisoblanadi. Bo‘lajak onaning yuragi tagida uradigan yana bir yurak yangi hayot nishonasidir.
Dilbandimizni yuksak marralarga yetishini niyat qilar ekanmiz, eng avvalo u sog‘lom bo‘lishi kerak. Sog‘lom farzandni sog‘lom ota-ona dunyoga kelishiga sababchi bo‘ladi. Demak, eng avvalo ota-ona sog‘lom bo‘lishi zarur. Homiladorlikka tayyorlanish zarurmi? Ha, albatta, shart va zarur. Axir, biror tadbir o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz reja tuzasiz. Ayol kishi farzand ko‘rishni orzu qilar ekan homiladorlik davriga tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi kerak. Nima uchun?
Quyida Sizga hayotiy bir voqeani misol tariqasida keltiraman.
Nasiba opa kelini Zilolaxonni shifokor huzuriga olib keldi: “Kelinimning ikki oylik homilasi bor. Hammasi yaxshi edi, lekin 2-3 kundan beri uning isitmasi chiqyapti, hayronman,” dedi qaynona. Kelinchakni tekshirganimizda unda buyrak yallig‘lanishi va kamqonlik aniqlandi. Uni kasalxonaga yotqizib dori-darmonlar bilan davolashga to‘g‘ri keldi. Bemorning ahvoli yaxshilandi, lekin yana ikki oydan keyin buyrak kasalligi yana qaytalandi. Zilolaxon davolanishiga qaramay, 7 oylik homiladorligida uning qon bosimi oshib, muddatiga yetmasdan “ko‘zi yoridi”. Muddatiga yetmay tug‘ilgan chaqaloq tug‘ruqxonada uzoq davolandi. Uning farzandi haligacha nevropatolog ko‘rigidan tez-tez o‘tib turadi. Agar bo‘lajak ona homilador bo‘lishidan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tib, xastaligi aniqlanib davolanganida, kasallik asoratlarining oldi olingan va farzandining sog‘lom tug‘ilishiga asos yaratgan bo‘lardi.
Homilador bo‘lishni niyat qilgan har bir bo‘lajak ota va ona shifokor huzuriga borishi kerak. Mutaxassis ularga maslahat beradi. Er-xotin tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Aniqlangan kasalliklari davolanadi. Profilaktik davo choralari o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘rik paytida bo‘lajak ota va onaning irsiy kasalliklari haqida to‘liq ma’lumot to‘planadi. Bunday xastaliklar mavjud bo‘lsa farzandida ham kuzatilish xavfi aniqlanadi. Uning oldini olish choralari belgilanadi. Agar oilada avvalgi homilaning tushishi yoki farzandi erta tug‘ilishi yoki nobud bo‘lishi kabi holatlar kuzatilgan bo‘lsa ularning sababi tekshirilganmi, qanday davo choralari ko‘rilganligi haqida va keyingi homiladorligida shunday asoratlarning oldini olish haqida ma’lumot beriladi. Ko‘pincha bo‘lajak ona “Mening ikkita homilam 6-7 haftaligida tushgan, hozir bu uchinchi homilam, besh haftalik bo‘ldi. Menga yordam bering”, deb murojaat etadi. Shunda “singlim, sizning homilalaringiz nima sababdan tushganligini aniqlashimiz uchun tekshirishimiz zarur. Keyin sizni davolab, navbatdagi homilangizda ham shu asoratlar bo‘lmasligining oldini olish choralarini ko‘rishimiz kerak edi. Nimaga kech keldingiz?” deb aytishga majbur bo‘lamiz. Chunki, bo‘lajak onaning akusher-ginekologga kech murojaat etishi ba’zi paytlarda ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordamga qaramay yana salbiy natijalarga olib kelishi mumkin.
Shifokor yana bo‘lajak ota va onaning kasbu kori haqida ma’lumot yig‘adi. Agar ular zararli va xavfli ishda ishlasalar homilaga ziyon yetkazuvchi moddalardan ehtiyot bo‘lish zarurligi uqtiriladi. Oilaviy juftlik farzand ko‘rishni rejalashtirayotgan bo‘lsa boshqa ishga o‘tishi tavsiya qilinadi. Masalan, simob, kislotalar, og‘ir metallar, nurlanuvchi moddalar bilan ishlash zararli.
Er-xotinga shifokor zararli odatlar haqida ham ma’lumot berishi kerak. Chekuvchi ayollarda homila tushishi, uning yaxshi rivojlanmasligi, ulardan tug‘ilgan chaqaloqning vazni kichik bo‘lishi, go‘daklar o‘limi besh marta ko‘proq kuzatiladi. Alkogol, giyohvand moddalar ona qornida yo‘ldosh (platsenta) orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri homilaga o‘tadi. Homilaning miyasi, jigari, taloq, me’da osti bezi kabi a’zolariga ziyon yetadi. Zamonaviy tibbiy ilmiy tadqiqotlar ota-onaning spirtli ichimliklar ichishi homilada rivojlanadigan aqliy zaiflikning asosiy sababi deb topilgan. Shuning uchun er-xotin homiladorlikdan avval zararli odatlarga chek qo‘yishi kerak.
Agar homilador 20 yoshdan kichik bo‘lsa, unda 30 foizgacha homilaning yaxshi rivojlanmasligi, chaqaloq vazni kichik bo‘lishi, tug‘ilgan farzand o‘limi holatlarining ikki baravarga oshishi, yosh onalar orasida onalarning o‘limi holati uch baravarga oshishi kuzatiladi. Shu o‘rinda qizlarini erta turmushga berayotgan ota-onalarga: “Azizlar, shoshmang, hali qizingiz yosh, uning organizmi to‘liq yetilgani yo‘q, uning hayotini, bo‘lajak farzandi hayotini xavf ostiga ko‘ymang!”, deyman. Yoshi 35 dan oshgan ayollarda ham homiladorlik davrida kuzatiladigan asoratlar xavfi oshadi. Shuning uchun farzand ko‘rish uchun va homiladorlik davrida asoratlar kam uchraydigan ideal yosh – 20 yoshdan 35 yoshgacha hisoblanadi.
Shifokorlar bo‘lajak ota-onaga maslahat berayotgan paytida ularga tug‘ilajak farzandining sog‘lom bo‘lishi uchun zamin yaratish zarurligi uqtiriladi.
Shohida BOBOJONOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi,
Respublika Perinatal markazi direktori o‘rinbosari