VUJUD QO‘RG‘ONI HIMOYASIDA
Tabiatdagi tabiiy antibiotiklar
O‘tgan sonimizda kimyoviy antibiotiklar xususida so‘z yuritgan edik. Ma’lumki, sun’iy antibiotiklar faqat shifokor ruxsati bilangina bemorlarga tavsiya etiladi. Ularning hapdorilarni o‘zboshimchalik bilan ichishi yoki ukol (emdori)larni qabul qilishi faqatgina organizmga ziyon yetkazibgina qolmay, balki foydali ichak mikroflorasi faoliyatini ham buzadi. Natijada disbakterioz xastaligi rivojlanadi. Bemorning ba’zan ichi qotib, uni qabziyat bezovta qilsa, ba’zan esa kasal odam ichi ketishidan shikoyat qiladi. Bu hali hammasi emas. Dori vositasi ta’sirida paydo bo‘ladigan allergik reaksiyalarning salbiy oqibatlari mavjud. Bemor xastalanganda shifokor unga albatta antibiotikning qaysi turini qo‘llashi lozimligini bilishi uchun ushbu dori vositalariga mikrob, bakteriya va viruslarning sezgirligini aniqlamasdan tavsiya etsa, u faqatgina organizmga zarar keltiradi.
Quyida biz har bir xonadon bekasi oshxonasida uchraydigan yoki bozorlarda ko‘zingiz tushadigan tarkibida tabiiy antibiotiklar mavjud mahsulotlar haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
Sarimsoqpiyoz
Bu mahsulot tarkibida fitonsidlar ko‘p bo‘lib, u eng kuchli tabiiy antibiotik hisoblanadi. Chunki, u bir vaqtning o‘zida ham bakteriyalar, ham viruslar va parazitlarga qiron keltiradi. Ayniqsa, sutda chala pishirilgan sarimsoqpiyozga sariyog‘ va asal solib ichsa bemorni bezovta qilayotgan quruq yo‘tal xuruji chekinadi. Shuningdek, tabiiy dori vositasi bo‘lmish ushbu mahsulot gripp va O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiya)larda juda qo‘l keladi. Uni qirg‘ichdan o‘tkazib yoki mayda to‘g‘rab turli salatlarga solinsa nafaqat bemorning ishtahasi ochiladi, balki tezda darddan forig‘ ham bo‘ladi. Shuningdek, sarimsoqpiyoz qon bosimini ham tushiradi. Chunki, u qon tomirlar qayishqoqligi (elastikligi)ni ta’minlaydi. Uning devorlaridagi xiltlarni eritib yuboradi. Rak hujayralarini nobud qiladi. Uning tarkibiga kiruvchi dialid sulfid organizmning zaharlanishiga sabab bo‘luvchi Cambylobacter nomli turkumga kiruvchi bakteriyalarga qiron keltiradi.
Birinchi va Ikkinchi Jahon urushi davrida shifokorlar Rossiya va Angliya davlati qo‘shinlarida yaradorlarning jarohatlarini sarimsoqpiyozli eritma bilan yuvishgan. U bemorlarga xuddi antibiotikday ta’sir etgan.
Hozirgi davrda sarimsoqpiyozning antibakterial xususiyati 23 xil turdagi bakteriyalarda sinab ko‘rilgan. U stafilokokk, streptokokk, salmonella, ich terlama xastaligi va paratif kasalligi bakteriyalarini, bo‘g‘ma xastaligi tayoqchasini nobud qiladi, sil tayoqchasining rivojlanishini sekinlashtiradi. Xom sarimsoqpiyoz me’da-ichak tizimi yara kasalliklarida tavsiya etilmaydi. Ammo me’da yarasi rivojlanishiga sababchi bo‘ladigan Helicobacter Pylori bakteriyasiga samarali salbiy ta’sir ko‘rsatganligi sababli sarimsoqpiyozni bemor chala pishirib iste’mol qilishi mumkin.
Yerqalampir (xren)
Uning ildizi tarkibida lizotsim degan antibakterial modda bor. U bakterial hujayra qobig‘ini yemiradi. Shu sababli infeksiyani bartaraf etadi. Yana yerqalampir ildizi tarkibidagi benzilizotiotsianat tabiiy antibiotik hisoblanadi. Buyraklar, peshob yo‘llari va qovuqdagi yallig‘lanishlarni keltirib chiqaruvchi bakteriyalarga qarshi bu antibiotik samarali ta’sir etadi.
Asal
Tabiiy va shifobaxsh asalning foydali xususiyatlari bisyor. Organizm uchun zarur bo‘lgan barcha mikroelementlar unda mavjud. Shuningdek, asal bakterial infeksiyalarga qarshi kurashda ishonchli vositadir. Faqat uni bu mahsulotga allergiyasi bor, shuningdek, chilla yara (diatez), laringit xastaligi bilan og‘rigan bolalar hamda astma (ziqqinafas) kasalligi mavjud bemorlarga tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, tabiiy darmondorilar xazinasi bo‘lgan asal kamqonlikda, gripp, O‘RVI, me’da-ichak tizimining yallig‘lanish kasalliklarida shifobaxshdir.
Shuningdek, Yevropa va Rossiya o‘rmonlarida o‘sadigan brusnika, klyukva, qizil kalina hamda ryabina kabi mevalar va maymunjon, propolis (asalari mumi), mumiyo, dub daraxti po‘stlog‘i, isiriq sholg‘om, aloe, moychechak, tirnoqgul, marmarak, shifobaxsh efir moylari, choy daraxti moyi, evkalipt, yalpiz, oddiy qarag‘ay, oq qarag‘ay va dorivor lavanda moyi, Hindistonda yetishtiriladigan xushbo‘y qalampirmunchoq daraxti moyi ham antibakterial xususiyatlarga ega.
Ammo xushbo‘y moylarni allergiyasi mavjud bemorlarga tavsiya etilmaydi. Brusnika mevasi nefrit (buyrak kasalligi)da xasta odamga berilmaydi. Kalina mevasi esa faqatgina grippning oldini olish va bu kasallik epidemiyasi chog‘idagina qo‘llaniladi.
Malina
Bu meva juda mazali bo‘lib, u shifobaxsh xususiyatga ham ega. Uning nafaqat mevasi, balki quritilgan bargi va poyasi ham dorivordir. Quritilgan qismidan O‘RVI va grippda choy damlab ichish mumkin. Yallig‘lanishga qarshi va bakteriyalarga qiron keltiruvchi, antiseptik (zararsizlantiruvchi) hamda terlatuvchi xosiyatlari sababli malina xalq tabobatida qadrlanadi. Shuningdek, asab tizimi faoliyati buzilgan bemorlar ham tez-tez malina iste’mol qilib tursalar, uning ijobiy samarasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yuqorida nomlari tilga olingan tabiiy antibiotiklarday tumov, yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi, yo‘tal bezovta qilganda bu mevani ham tanovul etish foydali. Tarkibidagi salitsilat kislota sababli yuqori tana haroratini tushiradi. Yetilib pishgan malina mevasi tillarang stafilokokk, achitqi sporalari va mog‘or zamburug‘larining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Piyoz
Yana bir tabiiy antibiotiklar sirasiga piyozni kiritish mumkin. Uning ham tarkibida fitonsidlar mavjud. Bu mahsulot ham sarimsoqpiyozday streptokokk, stafilokokk, trixomonada, bo‘g‘ma, dizenteriya (ichburug‘) va sil tayoqchasiga salbiiy ta’sir etadi. Shuningdek, gripp va O‘RVI kasalliklari profilaktikasida piyozning o‘ziga xos o‘rni mavjud. Bemor yotgan xonaning bir necha joyiga likobchaga to‘g‘ralgan xom piyoz solib qo‘yish kerak. Yana xasta odam uni muntazam hidlab tursa ham tezda oyoqqa turib ketadi. Shuningdek, eshik-derazalarni kir sovunda sovunlab yuvish va toza lattada artish, xonalarni namlab, tozalab yuvib turish hamda uy havosini almashtirish ham mikroblarni nobud qiladi.
Piyozni xomligicha iste’mol qilish me’da-ichak yarasi, gastrit (me’da shilliq qavati yallig‘lanishi) mavjud bemorlarga tavsiya etilmaydi. U patogen (kasallik qo‘zg‘atuvchi) mikroorganizmlarga qarshi kurashda samarali ta’sir etadi. Ichak mikroflorasi faoliyatini yaxshilaydi. Yana ichaklardagi chirish jarayonining oldini oladi. Immunitetni ko‘taradi. Shuningdek, tumovda ham u yaxshi yordam beradi. Chipqon va shu kabi yiringli yaralarni qo‘rda yoki duxovkada po‘sti bilan pishirilgan piyozni jarohat sohasiga bog‘lab qo‘yib, uni yetiltirish mumkin. Keyin yara fasod boylab, yoriladi.
Turp
Uning yashil tusli (ko‘k) va qora rangli ichi oq turi mavjud. Ammo ularning navlari turli-tuman. Qora turp Rossiya va Yevropa mamlakatlarida yetishtiriladi. Hozirda bu mahsulot o‘zimizning bozorlarimizni ham to‘ldirib turibdi. Qora turp ham bakteriyalarning hujayra qobig‘ini yemiradi. Uning sharbati esa yara va jarohatlarning tez bitishiga ko‘maklashadi. Turpning ichini o‘yib, unga tabiiy asal solinsa, oradan biroz vaqt o‘tib, sharbat ajrala boshlaydi. Shu sharbatni bemor kun davomida 3-4 marta bir osh qoshiqdan ovqatlanishdan oldin iste’mol qilsa yo‘talni qoldiradi. Shuningdek, uning yashil tusli turi immunitetni ko‘taradi. Bu mahsulot angina (bodomcha bezlari yallig‘lanishi), gripp, O‘RVI, bronxit va shu kabi xastaliklarda shifobaxsh ta’sirga ega.
Anor
Abu Ali ibn Sino ham o‘zining tibbiy risolalarida anorning dorivor xususiyatlari haqida yozib qoldirgan. Bu mevaning barcha qismi shifobaxsh. Gippokrat davrida qadimgi greklar me’da-ichak tizimi kasalliklarida uning mevasidan foydalanishgan. Po‘chog‘i esa dizenteriya (ichketar) va uzoq vaqt bitmayotgan yaralarda kuchli antibiotik sifatida qo‘llanilgan.
Har kuni muntazam yarimta anor iste’mol qilgan odam organizmiga bakteriya va viruslar hujum qilmaydi. Quritilgan anor po‘chog‘i qaynatilgan suvda yallig‘langan tomoq, milklarni chayish mumkin. Agar oyoqda zamburug‘li kasalliklar bo‘lib, u hidlansa ham shu shifobaxsh qaynatma yordam beradi. Chunki, u burishtiruvchi xususiyatga ega. Shuningdek, anor po‘chog‘i qaynatilgan suv, xolera (vabo), salmonelyoz, me’da yarasi, kolit (yo‘g‘on ichak yallig‘lanishi), disbakterioz, qorin tifi (ich terlama) kabi xastaliklarni keltirib chiqaruvchi bakteriyalarni nobud qiladi. Bu meva gullari va po‘chog‘ining qaynatmasi ham tomoq og‘rig‘ida shifobaxsh ta’sir etadi. Sun’iy antibiotiklar organizmdagi foydali mikroorganizmlarni ham nobud qiladi. Ammo tabiiy antibiotiklar esa faqatgina ularning zararlilarinigina yo‘qotadi.
Gulchehra ShIRINOVA