Qo‘lini tiyganning mijjalari sog‘lom
govmijjaning oldini olish va oqibatlari xususida
Ba’zan ko‘z qovoqlarida govmijja paydo bo‘ladi. Bu xastalik bitta yoki bir necha kipriklarning ildizida joylashgan folikullalarning infeksiya tushishi natijasida yallig‘lanishi sababli yuzaga keladi. Qovoqlardagi bu yiringli “do‘mboqcha”, uning joylashishiga qarab ichki va tashqi govmijja ko‘rinishida bo‘ladi.
Agar bola kir qo‘llari bilan ko‘zini tez-tez ishqalasa, ko‘z sohasiga bakteriyalar tushishi sababli xastalik rivojlanadi. Ayniqsa, immuniteti (insonning kasallikka qarshi chidamliligi) past bolakaylarda ko‘p holatlarda tillarang stafilokokk qo‘zg‘atuvchisi sababli govmijja yuzaga keladi. Bemor go‘dak organizmida A, S va V guruhi vitaminlari yetishmasa ko‘z sohasida paydo bo‘lgan dard ota-onalarni ogohlantiradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qachonki, vujud qo‘rg‘oni himoyasi susaysa, unga qarshi bo‘lgan turli kasalliklar “bosh” ko‘taradi. Bunga sabab bemor bola tanasida mavjud me’da-ichak tizimi xastaliklari, gijjalar, turli surunkali dardlar va qandli diabet bo‘lishi mumkin. Moddalar almashinuvining buzilishi, avitaminoz (vitaminlar tanqisligi), kamqonlik, darmonsizlik, sovuqqotish, gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar tufayli immunitetning susayishi, shaxsiy gigiyenaga amal qilmaslik(kir qo‘llar bilan ko‘zni ishqalash) ham govmijja chiqishiga sabab bo‘ladi. Dastlab qovoqning nuqtadek joyi qizarib, shishadi va og‘riydi. Oradan 2-3 kun o‘tgach, o‘sha soha kattalashib, yiringli “do‘mboqcha” yumshaydi va yoriladi. Yiring chiqqach, og‘riq bosiladi. Va yara bita boshlaydi.
Bemorning ko‘p hollarda bitta qovog‘ida, ba’zan esa har ikkalasiga ham govmijja chiqishi mumkin. Dardmand inson qovog‘ining qichishi, undagi sanchuvchi og‘riq va ko‘z sohasining shishib ketishi og‘riq, ko‘z yoshlanishi hamda qizarishi, bosh og‘rig‘i, tana haroratining ko‘tarilishidan shikoyat qiladi. Ba’zi odamlarda bolaligida bir-ikki marta govmijja chiqadi, xolos. Ayrimlarida esa bu holat bir necha marotaba takrorlanib, bemorlarni biroz holdan toydirishi mumkin. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim yoshidagi va o‘tish davri(o‘smirlik chog‘i)da immun faoliyati sust bolalarda xastalik ko‘p kuzatiladi.
Kasallik qanday yuzaga keladi?
Bu dardning paydo bo‘lishiga asosan stofilokokli infeksiya sababchidir. Odatda teri yuzasi va burun bo‘shlig‘ida yashovchi bezarar bakteriya immunitet pasayishi bilan stofilokokli infeksiya manbaiga aylanadi. Bakteriya organizmning himoya kuchlari zaiflashganini sezgani zahotiyoq terida yoki qovoqlarda paydo bo‘lgan kichkina “tirqish”dan kirib, infeksiya chaqiradi.
Blefarit – ko‘z qovoqlarining yallig‘lanishi ham govmijja paydo bo‘lishi uchun asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Tashqi govmijja
Govmijjaning bu turi eng ko‘p tarqalgan. Xastalik o‘tkir (to‘satdan) boshlanadi. Qovoq cheti terisi ostidagi yog‘ bezlarining yiringli yallig‘lanishi – tashqi govmijja deyiladi.
Ichki govmijja
Meyboliy bezlari yo‘llarining yallig‘lanishi ichki govmijja hisoblanadi. Bu bezlar qovoqlarning ichki yuzasidagi sohada o‘rtada, ya’ni, kipriklar asosida joylashgan. Ular har bir qovoqda 50-70 tani tashkil etadi. Ushbu bezlar ko‘z namligini asraydi. Agar ular tiqilib qolsa va ichki govmijja o‘z vaqtida davolanmasa xalazion rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bu ko‘z xastaligi surunkali bo‘lib, qovoqlarning tog‘ay qismidagi meybom bezlarining yallig‘lanishi hisoblanadi. Ichki govmijja sekin rivojlanadi va tashqisiga nisbatan kuchli og‘riq beradi.
DIQQAT!
Umuman olganda govmijjani har qanday holatda siqish mumkin emas. Bu og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Ya’ni, ko‘z flegmonasi yoki miya ichki qavati pardasining yallig‘lanishi-meningitga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bemorning og‘riqli ko‘z sohasiga issiq narsa tutish ham ta’qiqlanadi. Chunki, issiq muolaja natijasida ko‘z sohasidagi qon tomirlar kengayib, yallig‘lanish jarayoni (yiring) yuzdagi boshqa to‘qimalarga tarqab, absess paydo qiladi. Absess – bu to‘qimalar yoki tana a’zolarining chegaralangan joyidagi yupqa parda ichida yiring yig‘ishidir.
Albatta, har bir ota-ona bemor bolasini o‘zboshimchalik bilan uyda davolamasdan uni oftolmolog ko‘rigidan o‘tkazishi zarur. Faqat malakali ko‘z shifokorigina bemorga zarur tavsiya va maslahatlar bera oladi.
Govmijja ilk boshlangan davrda uning rivojlanib ketishining oldini olish maqsadida quyidagi muolajalarni tavsiya etiladi:
Aloy – bu o‘simlikning seret bargini qaynagan iliq suvda yuvib steril doka orasiga o‘rab, quritib oling. So‘ngra 1 dona bargni siqib, uning sharbatiga 1: 10 nisbatda qaynagan iliq suv soling. Ya’ni, 1 tomchi aloy bargi sharbatiga 10 tomchi suv (suyuqliklarni ko‘z tomizg‘ich (pipetka)da o‘lchang) aralashtiring. Keyin ushbu dorivor aralashmaga steril dorixona bintini botirib, ko‘zingizga bozillama(primochka) qo‘ying. Kun davomida bu muolajani 2-3 maratoba takrorlang. Ko‘zga dori-darmon qo‘llashdan avval albatta qo‘llaringizni sovunlab yuvishni unutmang.
Shivit urug‘idan bir choy qoshiq olib, uni ikki stakan suvda qaynating. Iliq holdagi shifobaxsh qaynatmaga doka botirib, ko‘zingizga kun davomida bir necha marotaba bozillama qo‘ying.
Sarimsoqpiyozni po‘stidan tozalab, o‘rtasidan kesing. Uni ohistalik bilan yallig‘langan qovoqlaringizga surting. Ushbu sabzavot tarkibidagi fitonsidlar bakteriyalarga qiron keltiradi. Ya’ni, u antibiotikday ta’sir etadi. Muolaja kun davomida 3-4 marta qaytariladi.
Moychechak giyohidan 10-20 gr. olib, chinni idishga soling. Keyin ustidan qaynagan suv solib, damlab qo‘ying. Damlama iliq holga kelgach, toza(steril) salfetka olib, unga siqib olingan moychechak giyohini o‘rang. So‘ngra bu bozillamani ko‘zingizdagi og‘riqli sohaga qo‘ying. Kun davomida muolajani takrorlab turing. Shuningdek, bemor to‘yimli va sifatli ovqatlanishi hamda meva-sabzavotlar, ko‘katlar, baliq, sut, qatiq mahsulotlarini iste’mol qilishi zarur. Yana bemor zararli odatlar (ichish, chekish, giyohvand moddalarni iste’mol qilish), stress(ruhiy zo‘riqish), depressiya (tushkunlik)dan o‘zini asrashi, ortiqcha vaznini kamaytirishga harakat qilishi, kam harakatli hayot tarzidan voz kechishi lozim. Shovqin, chang-g‘uborli muhit immunitetini tushirib yuborishini ham yodda tutish kerak.