Shogirdlar kamoli ustoz umrining mazmunidir
Baxt sevinch ko‘ylagini kiygan, kun qadim Buxoroda Sharif aka va Salomat opa xonadonida chaqaloq dunyoga keldi. Oila ulug‘lari go‘dakka Yunus deb ism qo‘yishdi. Unib-o‘sib el koriga yarasin, deya duo qilishdi. Shu bolakay hozirda qutlug‘ sakson yosh asrafasida.
Noyob ovoz sohibi Yunus To‘rayev ayni paytda yuzlab talabalarga ijro sirlaridan saboq bermoqda.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi estrada xonandaligi kafedrasi o‘qituvchisi, dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yunus To‘rayev bilan bosib o‘tayotgan umr yo‘llari, yosh avlod tarbiyasida ustozning o‘rni, diltortar ohanglar ijrosi, soz va ovoz xususida suhbatlashdik.
– Otam va onam san’atga ixlosmand insonlar bo‘lishgan. Ayniqsa, tog‘am Azimjon Qozoqovning xalq qo‘shiqlari, dostonlarini kuylab el og‘ziga tushgani mening ham yuragimda ijrochilik va musiqaga havas uyg‘otgandi, – deydi Yunus aka bolalik davrlarni xotirlab. – Garchi bolaligim Ikkinchi Jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsada, mashhur opera qo‘shiqchilari Enriko Karuzo, Sergey Lemeshev, Ivan Kozlovskiy, Muhiddin Qori-Yoqubov, Ma’murjon Uzoqovlarning qo‘shiqlarini tinimsiz eshitardim. Qalbimdagi san’atga bo‘lgan ishtiyoqni anglagan ota-onam meni maktabdagi xor jamoasiga topshirishdi. O‘tgan asrning elliginchi yillarida xor jamoalarida qo‘shiq aytish, ko‘pchilik havaskorlarning bu yerda o‘z musiqiy mahoratlarini sinab ko‘rish holatlari ancha odat tusiga kirgan edi. Xor jamoasida ustozlarimdan ovozdan to‘la foydalanish, uni musiqaga mos tarzda uyg‘unlashtira olish sir-asrorlarini o‘rgana boshladim. Keyinchalik Buxoro musiqa bilim yurtida olgan bilimlarim O‘zbekiston davlat konservatoriyasidagi o‘qishimga va ijodimga tamal toshi bo‘ldi.
Bir kuni ustoz san’atkor Mutavakkil Burhonov yoniga taniqli kino arbobi san’atkor Malik Qayumov kelib, tasvirga olinayotgan yangi filmi uchun bir yaxshi qo‘shiq kerakligini aytibdi. (Har ikkalasining ham oxiratlari obod bo‘lsin). Oradan bir necha kun o‘tib buyurtmadan xabar olish uchun kelgan Malik aka tayyor qo‘shiqni ko‘rib xursand bo‘libdi. Azbaroyi shodlanganidan endi buni kim ijro etishi bilan qiziqadi. Shunda Mutavakkil Burhonov bu qo‘shiqni Yunus To‘rayev ijro etadi deya yuksak ishonch bildirgan ekan. Taniqli ustozlar nazariga tushganimdan shodlanib “Gul diyorim” qo‘shig‘ini yurak-yuragimdan, shunday ulug‘vor yurt farzandi ekanimdan shodlanib kuylagan edim. Konservatoriyada o‘qigan yillarim davomida estrada yo‘nalishi bilan bir qatorda opera qo‘shiqlarini ham mukammal ijro etishga intildim.
Yillar yillarni quvib o‘tardi. Ustozlarimdan olgan saboqlarimni esa yoshlarga o‘rgatib charchamasdim. 1974 yildan V. Uspenskiy nomidagi respublika musiqa akademik litseyida (sobiq Hamza nomidagi) akademik ijro yo‘nalishidan dars bera boshladim. Keyinchalik Estrada-sirk kollejining vokal bo‘limi mudiri sifatida faoliyatimni davom ettirdim. 1998 yildan esa O‘zbekiston davlat konservatoriyasining estrada xonandalik kafedrasida talabalarga yakkaxon ijrochilikdan saboq berib kelmoqdaman. Yoshlar bizning uchqur qanotimiz. Ularning intilishlarini ko‘rib ertangi kun egalarining orzulari nechog‘li ulug‘vor ekanini his etaman. O‘qituvchining zimmasiga nafaqat yoshlarga bilim berish, balki ularga har tomonlama o‘rnak bo‘lishdek yuksak mas’uliyat yuklangan. Odamiylik, odob-axloq, kiyinish, muomala madaniyati kabi insoniy munosabatlarni yoshlar ongiga singdirish uchun, avvalo, ustozning o‘zi shu fazilatlar egasi bo‘lishi lozim. Har bir yangilik ortidan yana bir muvaffaqiyat kelishiga ishongan muallim hamisha unga intiladi. San’at sohasi shunday cho‘qqiki unga yugurib emas, balki asta-sekin odimlab chiqiladi. San’atsevar xalqimiz dilga xush yoquvchi qo‘shiqlar shaydosi. Bunday qo‘shiqlar faqat va faqat ko‘ngildan yaratiladi, xolos.
Mustaqillik yillarida Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan yuzlab musiqa va san’at maktablarida tahsil olayotgan qo‘shiqsevar bolajonlarimiz kelgusida ana shunday kuy-qo‘shiqlar yaratishiga ishonaman. Chunki, oliy o‘quv yurtlarida o‘qish istagida bo‘lgan yigit-qizlar kuy va qo‘shiq borasidagi dastlabki ko‘nikmalarini ushbu bilim maskanlarida o‘rganishadi. Soz va ovoz ijrosi ham qo‘sha-qo‘sha bilimni talab etadi.
Ha, Yunus To‘rayev “og‘irning ostidan, yengilning ustidan yuradiganlar” toifasidan yiroq, fidoyi san’at jonkuyarlaridan biri. Ustozning tegrasi hamisha yoshlar bilan gavjum. U muhtasham “Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tgan “Mardu maydon” nomli qo‘shiqlar festivalida ishtirok etgan shogirdlarining kamolidan ko‘ngli to‘lib, dildan quvonadi. Yana ko‘plab nufuzli ko‘rik-tanlovlarlarda talabalarining nomi elga tanilayotganidan mamnun. Zamon yoshlarniki, degani shu bo‘lsa kerak.
– Har bir kasbning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Ana shu qiyinchiliklarni halol mehnat evaziga mardonavor yengib erishilgan muvaffaqiyatgina baxt sari yetaklar ekan. Baxtim bir-birimizga ko‘ngil qo‘yib turmush qurgan sevimli rafiqam Svetlanaxon bilan to‘rt o‘g‘il va bir qizni el koriga yaraydigan qilib voyaga yetkazganimiz.
Darhaqiqat, bugun Yunus To‘rayevning bosib o‘tgan umr yo‘llariga ko‘pchilik havas qilsa arziydi. Ustozning chop etilgan ko‘plab musiqiy o‘quv qo‘llanmalari yoshlar uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda.
Jamila HAYDAROVA