KEKSALARI E’ZOZLI YURT
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2015 yilning Yurtboshimiz tashabbusi bilan Keksalarni e’zozlash yili deb e’tirof etilishi va ushbu yo‘nalishda davlat dasturining qabul qilingani yurtimizda keksa avlodga bo‘lgan ehtiromning naqadar yuksakligini ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida ushbu mavzu yuzasidan tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar keksalarni imtiyozli sog‘lomlashtirish, ular uchun respublikamizning tarixiy hamda diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish, shuningdek, nuroniylar o‘rtasida turli sport musobaqalarini uyushtirish ko‘zda tutilganligi va bu borada qator ishlar amalga oshirilganligini qayd etdi.
Respublika miqyosida Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi 15 ta sihatgohda dam oluvchilar uchun har tomonlama zamonaviy qulayliklar yaratilib, rekonstruksiya va to‘liq ta’mirlash ishlarining amalga oshirilgani dam oluvchilarga bo‘lgan e’tiborning amaldagi ko‘rinishidir. 36 ta sanatoriyda 11 ming 458 nafar Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari davlat byudjeti tomonidan sog‘lomlashtirildi. Ushbu sanatoriylar atrofida joylashgan mahallalarda yashovchi 1 ming 722 nafar nuroniy tibbiy tashxisdan o‘tkazilib, ambulator sharoitida sog‘lomlashtirildi.
M.QURBONBOYEVA