BOLA quvonchi – OLAM quvonchi
Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bob, 64-moddasi
Hovliga kirganimiz zahoti atrofning saranjom-sarishtaligidan ko‘zimiz quvondi. Bizni “Muruvvat” nogiron bolalar 1-son internat uyi o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shoira opa Shermuhamedova ochiq yuz bilan kutib oldi. Maqsadimizni eshitgach, “Yuring ishni birinchi hovli bilan tanishishdan boshlaymiz”, deya taklif bildirdi.
– Mana bu bizning futbol, voleybol, basketbol o‘yingohimiz. Bu yerda tarbiyalanuvchilarimiz o‘z imkoniyatlari darajasida sportning barcha turlari bilan shug‘ullanadilar. Buning uchun ularga zarur sharoitlar yaratilgan. Hovlida bolalarning o‘tirishlari, bemalol chiqib-tushishlari uchun qulay so‘rilar joylashtirilgan.
Ichkariga kirishga chog‘lanayotgan paytimizda issiqxonaga ko‘zimiz tushdi.
– Shoira opa, anavi issiqxonami, – dedim qiziqishim ustun kelib.
– Ha, issiqxona. Bolalarni mehnatga o‘rgatish maqsadida tashkil qilganmiz. Ular bilan birgalikda issiqxonamizda turli xil sabzavot, ko‘katlar ekamiz. Mana, hatto limonlar ham yetishtirganmiz. Bolalar uchun o‘z mehnatlari bilan yetishtirgan hosilining rohati boshqacha-da.
Limonzorga bir qur nazar solaman. U yerda sap-sariq oltindek tovlanib turgan limonlar shoxi hosil mo‘lligidan egilib turibdi.
Ichkariga kirib borar ekanmiz, har bir xona alohida dizayn asosida jihozlanganiga guvoh bo‘ldik. Axborot resurs markazi, basseyn, turli to‘garak va yuvinish xonalarida tarbiyalanuvchilar uchun barcha qulayliklar mavjud. Bizning borishimiz bolalar uxlaydigan vaqtga to‘g‘ri kelgan edi. Shunga qaramay ularning ko‘pchiligi uyg‘oq… nimalarnidir xayol surayotgan bo‘lishsa ajab emas…
Ayni dam rasm to‘garagi xonasi ostonasidan bir zum jilmay qoldim. Burchakda yarmi yo‘q barmoqlariga zo‘rg‘a qalam tutgan bolaning suratida turli belgilar… sal nariroqda esa… mana bu qizning suratlarini ko‘rib hayratlanasan, kishi. Quvonch va g‘am uyg‘unligi, sokin ranglar jilosi qo‘li gul ijodkorning mehnat mahsuli. Har qanday kishini o‘ziga mahliyo qilgan ushbu suratlar oyoqlari yordamida mo‘yqalam tebratgan qizning ijod namunalari ekanligi hayratlanarli. Ushbu maskanda tarbiyalanuvchi bolalar to‘rt muchasi sog‘lom bolalardan tubdan farq qiladi. O‘ylab qolasan, axir ular ham sog‘lom bo‘lib dunyoga kelishlari mumkin edi… Qachonki, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga yo‘l qo‘yilmasa, yoshlar giyohvandlik va ichkilikbozlik, toksimaniya dardiga mubtalo bo‘lmasa bu yerdagi bolalar ham hozir o‘ynab-kulib yurishlari, jamiyatga foydasi tegadigan komil insonlar bo‘lib voyaga yetishlari mumkin edi. Ba’zida bo‘lajak onalarimiz, oila qurish ostonasidagi qiz va yigitlarimizning salomatligiga ozgina befarqligi ham nogiron bolalarning dunyoga kelishiga sabab bo‘layotganini bugun tibbiyot ham tasdiqlab turibdi.
Shu bilan bir qatorda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan onalik va bolalik muhofazasi, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar o‘z samarasini berayotganini aytib o‘tish lozim. Xo‘sh, shunday ekan bu vaziyatda asli aybdor, hayotimizga mas’ul shaxs o‘zimiz emasmi?
Shularni o‘ylab turib hozirgina bolasini ko‘rishga kelgan ayol – Sayyora opaning achchiq qismati yodimga tushdi. U bilan shu yerdan oqib o‘tadigan anhor bo‘yidagi o‘rindiqda uzoq suhbatlashdik.
– Qarindoshlarimning qistovi bilan amakimning o‘g‘liga turmushga chiqdim. Avvaliga turmushim juda ham shirin kechdi – deb so‘z boshladi Sayyora opa uzoq jimlikdan so‘ng. – Bir paytlar xolasining o‘g‘liga “axir u mening akam qatori akam”, deya turmushga chiqishdan bosh tortib “dod-voy” solgan dugonam ahvolini esa o‘zim farzandlik bo‘lgandagina tushundim. O‘shanda uning hasratiga befarq qaragandim, hatto kulgim qistagandi. Dugonam o‘z sevgan yigitiga turmushga chiqdi. To‘ylari unchalik dabdabali bo‘lmasa ham me’yor darajasida chiroyli o‘tdi. Hozir ulardan baxtli juftlik yo‘q nazarimda. O‘g‘li besh yosh bo‘lishiga qaramay sportning shaxmat turi bilan muntazam shug‘ullanadi, shahar, respublika miqyosida ham faxrli o‘rinlarni olib kelmoqda.
Men esa amakimning o‘g‘liga turmushga chiqdim. Avvaliga hamma turmushimizning chiroyliligiga va ikkalamizning ahilligimizga havas qildi, ammo farzandsiz oila oilami? Uzoq tibbiy ko‘riklardan so‘ng homilador ham bo‘ldim. Qalbimizda umid uyg‘ondi. Er-xotin shirin xayollarga berildik. Shifokorlar “o‘zingizni ehtiyot qiling” deya ko‘p marotaba uqtirishdi. Uch oydan so‘ng tibbiy tekshiruvlar natijasida tug‘ilajak farzandimning oyoqlari rivojlanmay qolgani ma’lum bo‘ldi. Ko‘z oldim qorong‘ulashib, yettinchi osmondan qanday qilib yerga tushganimni bilmay qoldim. Shifokorlar: “Oila-a’zolaringiz bilan maslahatlashing, xohlasangiz homilani olib tashlaymiz”, deyishdi. Chala-yarim tushunganlarimni uydagilarga yetkazdim. Qaynona-qaynotam: “Ular gapiraveradi, nasib qilsa nabiraginam sog‘lom dunyoga keladi”, deb rozilik bildirishmadi. Kunlarim tahlikali o‘ta boshladi. Yana olti oydan so‘ng farzandim dunyoga keldi. Endigina dunyo yuzini ko‘rgan, barmoqlari changak holda tug‘ilgan bolamga qo‘llarimni, uning rivojlanmay qolgan to‘mtoq oyoqlari o‘rniga oyoqlarimni kesib bergim keldi… Mana buyog‘i ko‘rib turganingizday bir oyog‘im uyda bo‘lsa, bir oyog‘im shahar markazidagi “Muruvvat” uyida…
***
“
Muruvvat” uyida atigi yarim kungina vaqtim o‘tgan bo‘lsada, o‘zim bilmagan holda mijjalarimga yosh quyilib kelaverdi. Bolalarga ko‘z, quloq, qo‘l, ham oyoq bo‘layotgan tarbiyachilar har kuni, har soat va har daqiqa men yarim kunlik ichgan achchiq zardobni qayta-qayta simiradilar. Ularga ona kabi mehribon, do‘st kabi sirdosh, otadek maslahatchi bo‘layotgan fidoyilar chin ma’nodagi jafokash insondir. Kezi kelganda onalar bolajonlarining “oyijon, mana bu nima?” degan savollariga javob berishga og‘rinishadi.
– Imkoniyati cheklangan bolalar bir savolni yuz martalab berishlari, hatto qoshig‘u ruchka ushlashni har kuni qayta-qayta o‘rganishlari turgan gap, – deydi uzoq yillardan beri shu yerda ishlab kelayotgan tarbiyachi opalardan biri. – Endigina ishga kelgan paytlarimda ich-ichimdan siqilib ketardim. Keyinchalik bolalarning yuz-ko‘zlariga qarab yig‘lay-yig‘lay, bu muhitga ham ko‘nika boshlaganman. Hozir ularning shodligini ko‘rsam ko‘zim quvnaydi. Bolalarning ham o‘zlari yashaydigan beg‘ubor olamlari bor. Bu olam bilan tanishish uchun ular bilan yaqin sirdosh bo‘lish kifoya…
***
Bolalik nimaligini anglamay yashayotgan bolalar bilan o‘zimcha xayrlashdim. Ammo ularning birlari ma’nosiz tikildi, yana biri shunchaki jilmayib qo‘ydi, yana biri menga parvo ham qilmadi. Tashqariga chiqarkanman, dilimni so‘ngsiz g‘ashlik egalladi. Bu holimni osmon ham kuzatib turgandek yuzimga yomg‘ir tomchilari urildi. Hozirgina quyosh chiqib turgan samoni bulut qopladi. Men fayzli, saranjom-sarishta hovlida o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan farishtasifat tarbiyachilar bilan xayrlashdim.
Tashqarida esa hayot qaynaydi. Ana katta yo‘ldan o‘tayotgan bolajonlarning shodon kulgulari jarangladi. Sumka orqalab maktabdan qaytayotgan jajji bolakaylarni ko‘rib o‘ylab qoldim. Ularning kulgularidan olam quvonchi, hayotning zavqini tuyasan, kishi. Ammo devor ortidagi bolalar bularning baridan bebahra ekanligi yana bir karra har bir insonni mulohaza yuritishga chorlaydi. Axir, beg‘ubor bolalikning unutilmas onlarini kim qaytarib beradi ularga? Buning badalini kim to‘laydi?! O‘ylang, fikr yuriting, mulohazayu mushohada qiling. Zero, bolalarning beg‘ubor kulgusidan-da go‘zalroq yana nima bor dunyoda? Bola kulsa olam kuladi, deb bejiz aytishmaydi.
Fayoza AVLAYEVA,
O‘zDJTU talabasi