“PAXTAKOR” – O‘N BIR KARRA O‘ZBEKISTON CHEMPIONI
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi bahslari yakunlandi.
Oliy ligada o‘n olti jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Chempion jamoa so‘nggi turda aniqlandi. Bu millionlar o‘yini mamlakatimizning barcha hududida izchil rivojlanayotgani, professional futbol klublarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, charm to‘p ustalarining mahorati va tajribasi oshib borayotganidan dalolatdir.
Toshkentning ikki jamoasi – “Paxtakor” va “Lokomotiv” musobaqalar davomida ajoyib o‘yin ko‘rsatib, chempionlik uchun da’vogarlik qildi. 75 ochko to‘plagan “Paxtakor” jamoasi O‘zbekiston milliy chempionati tarixida o‘n birinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritdi. Joriy mavsumda O‘zbekiston kubogi g‘olibi bo‘lgan Qarshining “Nasaf” jamoasi chempionatni uchinchi, poytaxtning yana bir jamoasi – “Bunyodkor” esa to‘rtinchi o‘rinda yakunladi.
Samarqandning “Dinamo” klubi esa 25 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasidan joy oldi.
T.ORTIQOVA