Kundalik xush kayfiyatni yodga solib, tushkunlikni esdan chiqaradi
O‘quvchiligimizda kundalik daftar tutishni o‘rgatishgan. Har kuni daftarni to‘ldirib, hafta so‘ngida sinf rahbarimizga tekshirtirib, imzolatib olardik. Uyda esa ota-onamiz bir haftalik baholarimizni ko‘zdan kechirib, imzo qo‘yib berishardi. Mabodo biror darsdan pastroq baho olsak, albatta, buning uchun uydagilar bizdan izoh talab qilishar, shu bois doim yaxshi baho olishga, kundalikni esa avaylab, toza-ozoda tutishga intilardik…
So‘zimiz avvalida bularni yodga olishdan maqsad mana shu oddiygina maktab kundaligi bizni tartibga, qat’iyatga o‘rgatganini ta’kidlashdir. Bir eslab ko‘ring: yo erinchoqlik, yo yana boshqa biror sabab bilan kundalik daftaringiz to‘ldirilmay qolsa, qanday ahvolga tushgansiz? Shosha-pisha, tanaffusdagi vaqtdan foydalanib, biror sinfdoshingizdan ko‘chirib, daftarni to‘ldirgansiz, albatta. Chunki, hafta so‘ngidagi nazoratda kundalik uchun tanbeh eshitish tayin edi. Shu bois sinfimizda deyarli barcha o‘quvchi kundalikni har kuni yuritib borishga harakat qilardi. Darslarda bo‘lsa, o‘tilgan mavzuni avval daftarga, so‘ng kundalikka yozib qo‘yardik, agar shunday qilmasak, juda muhim ishni bajarmaganday his etardik o‘zimizni…
Kundalikning yana bir turi bor, bu – shaxsiy kundalik. Ya’ni maxsus tutilgan daftarga har kuni yoki vaziyatga qarab, har ikki-uch kunda, yo bo‘lmasa, biror muhim voqea ro‘y berganda shaxsiy taassurotlar yozib qo‘yiladi. Kundalik o‘ta shaxsiy buyum, unda faqat odamning o‘zigagina ma’lum shaxsiy olamning manzarasi chiziladi. Kundalik uning muallifi haqida ko‘p ma’lumot beradi. Kim uchundir kundalik mutlaqo keraksiz narsa. Bunday odam vaqtini nimalarnidir yozib o‘tirishga sarflashdan ko‘ra, biror foydaliroq yumush, masalan, ko‘proq pul topish bilan shug‘ullanishni afzal ko‘radi. Yana bir toifa kishilarning fikriga ko‘ra, kundalik daftar yuritish o‘smirlarga xos ermak, aqlli-hushli odam, ularning nazdida, bunday bolalarcha ish bilan mashg‘ul bo‘lmaydi. Ammo yurtdoshlarimiz orasida kundalik daftarni muntazam tutib, unga ayricha mehr bilan qaraydigan, vaqti-vaqti bilan daftar sahifalarini o‘z kechinmalari, fikr-mulohazalari bilan to‘ldirib borishdan erinmaydigan odamlar ham bor. Bir qarashda bu odat shoir yo adiblar, harqalay, ijodga yaqinligi bor kishilarga xos, deyish mumkin. Biroq faqatgina ijodkorlar emas, oddiy odamlar – boshqa kasb sohiblari ham kundalik daftar tutishlari bu shunchaki ijodiy ermak emasligidan dalolat beradi.
Ruhshunoslarning fikricha, shaxsiy kundalik tutish inson uchun nafaqat foydali, hatto zarur ekan. Eng avvalo, kundalik o‘z egasining ko‘zlagan maqsadiga erishishida yordam beradi. “Kishi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini aniq, tushunarli qilib yozib qo‘yishi darkor. Chunki, qog‘ozga tushirilgan maqsad-rejalar kishi xotirasiga tezroq muhrlanadi. Bundan tashqari, ular insonning ongosti holatidan ajralib chiqib, tabiiy bioquvvatga aylanadi. Maqsad yoki reja yozilgan zahotiyoq miya avtomatik tarzda uning ro‘yobga chiqishi uchun yo‘l izlay boshlaydi”, deydi mutaxassislar. Qolaversa, kundalik kishida kutilmaganda tug‘ilgan ajoyib g‘oyalarni saqlashga yordam beradi. Hammamizda ham vaqti-vaqti bilan ancha maqbul g‘oyalar, jo‘yali fikrlar tug‘iladi. Lekin ularni amalga oshirish uchun vaqt, qulay sharoit bo‘lmasligi mumkin. Kundalikka yozib qo‘yilsa, bu g‘oyalarni vaqti kelib amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Masalan, Leonardo da Vinchi o‘zining ilk g‘oyalarini ular eng hayratlanarli kashfiyotiga aylanmasidanoq kundaligiga yozib borgan ekan.
Ijod bilan shug‘ullanadigan ko‘pchilik kishilarning ta’kidlashicha, kundalik fikrni yaxshiroq ifodalash imkonini ham beradi. Bu ish bilan har kuni shug‘ullanish orqali, shubhasizki, odamning yozish malakasi, yozma nutq uslubi shakllanib, kun sayin takomillashib boradi. Adabiyot ixlosmandlari yaxshi bilishadiki, ko‘pgina yozuvchi-shoirlarning tarjimai holiga doir eng qiziqarli ma’lumotlar aynan ularning yoki zamondoshlarining shaxsiy kundaligidan olinadi. Bundan tashqari, jahon adabiyotida mashhur bo‘lgan asarlardan ayrimlari qahramonning kundaligi tarzida yaratilgan. Masalan, ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan M.Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” asarida bosh qahramon tabiati kundalikdagi qaydlar vositasida ochib beriladi. Turk adibi Rashod Nuri Guntekin ijodiga mansub “Choliqushi” romanining birinchi qismi kundalik tarzida yozilgan.
Darhaqiqat, oilada yoki ishxonada yuz bergan juda muhim voqeani yozib qo‘ysangiz, uning eng mayda-chuyda tafsilotlari ham yodingizdan chiqmaydi. Necha yil o‘tsa hamki, bu voqeani birdek aniqlik bilan eslay olasiz. Qolaversa, kundalik tutish o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga ham yordam berishi mumkin ekan. Ruhshunoslar kundalikka har kuni bugun bajargan beshta ishni yozib borish lozimligini ta’kidlashadi. Erishilgan yaxshi natijalar esa har safar o‘qiganda kishini beixtiyor quvontiradi va o‘ziga nisbatan ishonch paydo qiladi. Rost-da, modomiki, siz kecha yoki o‘tgan kuni biror ishni qoyillatib bajargan bo‘lsangiz, nega endi yana shunday qila olmas ekansiz?
Kundalikning yana bir foydali jihati shundaki, uning yordamida ruhiy tushkunlik, yomon kayfiyatdan tezroq xalos bo‘lish mumkin. Qog‘ozga tushirilgan ijobiy fikrlar kuchga kiradi. Negativ, ya’ni yomon, tushkun xayollar esa, aksincha, qog‘ozga ko‘chganida o‘z kuchini yo‘qotadi. “Agar kun davomida sizda salbiy kechinmalar yig‘ilib qolgan bo‘lsa, bunday zararli bioquvvatni yaqinlar va qarindoshlarga sochish kerak emas. Yaxshisi, o‘z o‘y-xayollaringizni kundalikka yozing. Shunda ham yengil tortasiz, ham boshqalar diliga ozor yetkazishdan saqlanasiz”, deya maslahat berishadi ruhshunoslar.
Kundalik tutgan odam o‘z-o‘ziga yaxshigina ustoz bo‘la oladi. Chunki daftarda kechagi, o‘tgan kungi, avvalgi oy va necha yillar muqaddam yuz bergan voqea-hodisalar aks etgan. Ularni har gal o‘qiganda kishi o‘zining xatti-harakatlariga turli taraflardan yondashishi, hech kimga ayta olmasa hamki, o‘z-o‘ziga kamchilik va xatolarini ta’kidlashi mumkin bo‘ladi. O‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolgan inson qalbining tubiga chuqurroq nazar tashlash, o‘zini-o‘zi tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi va bu uning shaxs sifatida shakllanishi, xatolarini tuzatishi, yon-atrofga teranroq qarashi, boshqalar bilan munosabatda ijobiy xulosalar chiqarishiga ko‘maklashadi.
Xulosa o‘rnida aytganda, kundalik tutish va uni muntazam to‘ldirib borish – foydali mashg‘ulot. Buning uchun vaqt ajratish esa har bir odam uchun naf keltiradi. O‘z hayotimizni kimdir o‘rganishi, yozishini kutib o‘tirmasdan uni o‘zimiz qog‘ozga tushirib borsak, bu keyinchalik qimmatli oilaviy merosga ham aylanadi.
Mutaxassislar kundalik yuritish xotirani mustahkamlashini ham ta’kidlashadi.
Xurshida ABDULLAYEVA