FARZANDLIK BURCHINGIZ YODINGIZDAMI?

Ota-ona duosi sehrli kuchga ega. “Oltin olma, duo ol”, deya xalqimiz bejiz aytmaydi. Zero, duoyi fotiha olgan kishi ikki dunyo saodatiga erishishi muqaddas kitoblarimizda ko‘p bor qayd qilingan. Ota-onaning ko‘ngliga qarash, ularning rizoligi yo‘lida ish qilish nechog‘li ahamiyatga ega ekanini har doim ham anglab yetavermaymizda. Shubhasiz, hech bir ota-ona farzandiga yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Ammo qilgan xatosi uchun bolasidan qattiq ranjishi mumkin.

Bu og‘riq juda tez unutilib ketsa-da, keyinchalik o‘zimiz qiynalamiz; “mehribonimning dilini ranjitdim”, deya ichdan ezilamiz.

Yaqinda mahalladosh bir do‘stimni uchratib qoldim. Bolalikdan birga o‘sganmiz. Ko‘pdan buyon ko‘rishmagandik. Hol-ahvol so‘rashgach, u birdan nolib qoldi. Aytishicha, qay bir ishga qo‘l urmasin, hech ishi o‘ngidan kelmayotgan, omad doim undan yuz o‘girayotgan emish.

– Birovning haqiga ko‘z olaytirmasam, halol yashasam. Nega bunday tushunolmayapman, – dedi u og‘ir xo‘rsinib.

– Qo‘y, siqilma, yaxshi bo‘lib ketar. Bugun undoq, ertaga bundoq-da. Hammamiz ham shu, – dedim qanday taskin berishni bilmay.

– Shu-shu ancha paytgacha ko‘rishmadik. Bir kuni deng, ko‘chada yana o‘sha do‘stimni uchratib qoldim.

– Ishlar yaxshimi? – dedim qiziqsinib.

– Avvalgidan besh battar! Ishim yurishishi uchun hamma narsa qilib ko‘rdim. Bir ota­xondan maslahat so‘ragandim, birovni qattiq ranjitgan bo‘lsang kerak, dedi.

Bu gapdan so‘ng bir voqea yodimga tushdi. Ikki-uch yil muqaddam shu do‘stimning uyiga borgandim. O‘sha kuni u to‘shakka yotib qolgan otasini hojatga olib chiqayotgani ustidan chiqdim. Do‘stim otasini yetaklab boryapti-yu, jahldan yuzi bo‘g‘riqib ketgan, “Ha” deb otaxonni turtkilaydi. Mushtdekkina bo‘lib qolgan qariya esa, xuddi yosh boladek mo‘ltirab, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan.

– Nega buncha asabiylashasan? – dedim sekingina.

– Ey ko‘rmaysanmi, har kuni shu ahvol! Bir kunda ikki- uch martalab olib chiqaman. Kasal odam sal nafsini tiysa o‘zigayam yaxshi-ku, yotib qolganiga ancha bo‘ldi. Hammamizni qiynab yubordi, axir! Tinmay suv so‘raydi. Yotib qolgandan keyin jim o‘tirsa-da, boshqalarga og‘irini ortmay!

– Qo‘y, o‘zingni bos, otang­ning balki so‘nggi kunlaridir, bu. Shunchalik beshavqatmi­san, – degandim o‘shanda dilim og‘rib.

U ko‘zlarini katta-katta ochib:

– Bu dunyoda hamma o‘ladi. Hech kim abadiy yashamaydi! Birov oldin, birov keyin.Otam yoshini yashab bo‘lgan, – degandi asabiy o‘shqirib.

Anchagacha shu kunni esdan chiqara olmay qiynalib yurdim, keyinchalik otaxon vafot etganini ham eshitdim. Do‘stim otasining ma’rakasiga atab dabdaba bilan el-yurtga osh berganini uzoq vaqtgacha maq­tanib yurdi.

Ko‘z o‘ngimda esa xali hamon mo‘ltirab turgan ota­xoning siymosi qotib qolgan edi. Tirikligida qilmaysanmi, shu yaxshiliklarni degandim ichimda.

– Nahot, kimni ranjitganingni eslay olmayapsan? – dedim shu kunlarni yodiga solmoqchi bo‘lib.

– Yo‘q, mabodo, mendan hafa bo‘lgan odam senmasmi? – dedi hazil aralash.

– Yo‘q, sen otangni ranjitganding, do‘stim. U kishi kasalla­nib yotgan paytlar o‘ksitganing, siltaganing yodimda..

Shundan so‘ng uning boshi xam bo‘ldi.

– Eh, attang, – dedi peshonasiga urib. – Otaginamning duosini endi qaylardan topay? Undan kechirim so‘rash uchun qaylarga izlab boray?

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.

O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi XIV bob, 66-modda.

Ha, bu yorug‘ olamda ota-ona duosidan ulug‘roq kuch, buyukroq martaba yo‘q. Do­nishmandlarimiz gunohlarning eng kattasi yolg‘ondan guvohlik berish, ota-onani ranjitishdir, deb bejiz aytishmagan. Biroq bugun oramizda ba’zi odamlar borki, ular o‘zining obro‘sini o‘ylab, boyligini ko‘z-ko‘z qilish­dan nariga o‘tmaydi.

Hadis-u shariflarda topgan mablag‘ingizning o‘n foizini ota-onaga bering, ana shundan davlatingiz ortadi, gunohlaringiz esa kechiriladi, deyilgan. To‘g‘ri, ota-onamiz bizdan hech narsa ta’ma qilmaydi. Shunchaki ularga yoqqan nimanidir olib borsak yoki ko‘ngillari tusagan joylarga sayohat qildirsak, behad quvonishadi, xolos. Bu quvonch, aslida, bizning eng bebaho boyligimiz, balo-yu qazolardan asrovchi tojimiz. Shunday ekan, tirikchilik tashvishi deb tinmay yelib-yugurayotganimiz mahal ota-onamizdan uzoqlashib ketmaylik. Ularni ertaga emas, aynan bugun, hayotligida e’zozlaylik, duolarini olib, g‘animat damlarning qadriga yetaylik, azizlar.

Ma’mura QOSIMXO‘JAYEVA

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: