Buyuk sulola ramzi

Hindiston iqlimi, tabiati, nabotot va hayvonot olami o‘ziga xos mamlakatdir. Ushbu g‘aroyib diyorga sayohatim davomida ajdodla­rimiz bunyod etgan Tojmahal va Humoyun maqbarasi atrofidagi bog‘larning kengliklarida qad rostlab turgan ikki ulug‘vor daraxt qalbimga cheksiz hayrat soldi. Hatto, Hindiston Tibetida o‘rmon qo‘ynida ham men unga o‘xshash ulkan o‘simlikni uchratmadim. Daraxtlar beixtiyor kishi e’tiborini o‘ziga jalb qiladi. Ular shunchalik haybatli va jozibador ediki, unga to‘rt-besh kishi qulochini yozib birlashsa-da yetishi amrimahol edi.

Ulug‘vor daraxtlar yurtimizda ham, dunyoning barcha kengliklarida ham uchraydi. Biroq, uning o‘ziga xosligi shundaki, o‘zak ildizidan yana ko‘plab daraxtlar o‘sib chiqqanda asosga tirmashib, o‘rilgan sochdek birlashib ko‘kka bo‘y cho‘zishgan. Go‘yo o‘zak daraxt Hindistonga kelib saltanat bunyod etgan Bobur Mirzo edi-yu, atrofidagi unga bag‘rini berib, chirmashib turgan daraxtlar uning avlodlari ramzidek tuyuladi. “Bu shunaqa tur daraxtmi yoki maxsus o‘stirilganmi?” bu savolimga tarjimon javob bera olmadi.

Ushbu mo‘jizani men “Boburiylar sulolasi” deb nomladim. Tojmahaldagi ulug‘vor daraxtning atrofini muhofazasi uchun temir erganaklar bilan o‘rab qo‘yishibdi. To‘rt tomoniga chorpoyalar qo‘yilgan. Soyasida ko‘plab odamlar, turfa millat vakillaridan iborat sayyohlar orom olishmoqda. Go‘yo u insonlarni birdamlikka, mehr-oqibatli bo‘lishga undayotganday.

Humoyun maqbarasidagi ushbu mo‘jizakor daraxt esa katta ekin maydonini egallagan. Uning quyuq soyasida dam olar ekansiz, qalbingizni osoyishtalik egallaydi. Shunday gavjum va tig‘iz Dehlida ana shunday osuda, huzurbaxsh go‘zal maskan, ulug‘vor kenglik, mo‘jizavor o‘simlik borligiga hayron qolasiz!

Dunyoda mo‘jizalar ko‘p. Birlashgan millatlar tashkiloti 2007-yildagi ro‘y­xatida Tojmahalni yetti mo‘jizaning biri deb tan oldi. Uni musulmon olamining injusi, Hindiston qurilish va bunyodkorlik ishlarining durdonasi deb ta’kidladi.

Ustoz-shogirdlik

Ma’ruzachi bir yig‘inda insonning ustozi bitta bo‘ladi, deb ta’kidladi. Uning so‘zlarini eshitib beixtiyor alloma Ali­sher Navoiyning “Mahbub -ul – qulub” (Ko‘ngillarning sevgani) asaridagi satrlarini esladim.

Haq yo‘lida kim senga bir harf

o‘qutmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin

yuz ganj ila.

Nahotki, ustoz birgina bo‘lsa. Bi­rinchi o‘qituvchimiz mashaqqat bilan bizga qalam ushlashni o‘rgatib, ko‘zimizni nurlantiradi. Qaysi bir murabbiyning saboqlaridan ruhla­nib, unga havas qilib, keyingi qadamlar uchun yo‘nalish ola­miz. Ko‘plab ustozlardan bilim olib, мehnat faoliya­timizni boshlaganimizda ham tinib-tinchimay o‘qib-o‘rganamiz. Bu yerda ham kimdir bizga ustozlik qiladi. Demak, bobomiz Mir Alisher Navoiy aytganlaridek, kimki bizga vaq­tini ajratib, bilganini qizg‘anmasdan, sabr-toqat bilan biror narsani o‘rgatsa, uning qar­zini yuz ganj (xazina, boylik) ila ado aylashimiz qiyin.

Яна ўқинг:  “Осмондан нур ёғар, муҳаббат ёғар...”

Biroq, u ma’ruzachining gapida ham jon bor. Avlod- ajdodlarimiz bitta kishini o‘zining piri hisoblashgan. Muhammad Xorazmshohlar piri Naj­middin Kubro, Amir Temur o‘zining ustozi – Mir Say­yid Baraka qabrini o‘zining qabri bilan yonma-yon qo‘ydirgan.

Pirlar odamlarni ruhan, ma’nan qo‘llab quvvatlab turishgan. Ular dunyoviy va diniy ilmlarni uyg‘unlikda olib borgan kishilardir. Xususan, Naqshbandiy, Ahmad Yassaviy, Imom A’zam G‘azzoliyning muridlari ko‘p, ularni ulug‘lashadi. Qadimdan ajdodlarimiz biror murakkab ishga qo‘l urishdan oldin “yo, pirim” deb xitob qilishgan. Bu odatlar bejiz emas, albatta. Shoir Munis o‘zidan ikki asr oldin o‘tgan Alisher Navoiyni piri-ustoz deb ta’riflaydi.

So‘z ichra Navoiy-ki, jahongir turur,

Munisga maoning yo‘lida pir turur!

Shoir Munis Alisher Navoiy bilan uchrashmagan, shaxsan ta’lim olmagan bo‘lsa-da, hayot yo‘lini kuzatib asarlarini o‘qib, saboq olgan, o‘zining ruhini tarbiyat etgan. Bunday holatlarni uvaysiy ustoz ya’ni pir deyiladi.

Darhaqiqat pir bitta, ustozlar esa ko‘p. Alloma Alisher Navoiyning ustoz muallimlarga qarata aytgan she’riy satrlari, hikmatlari ham mavjud:

Hunarni asrabon netgumdir, axir,

Olib tuproqqami ketgumdir oxir.

Ana shunday o‘z ilmini shogirdlarga o‘rgatishga intilgan shaxslar bu ustoz­lardir. Ustozlik olijanob an’analari­mizdan biridir. Bu yil mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov tomonidan bejizga Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilinmadi. Uning tub mohiyati, o‘q ildizi – go‘zal ustoz-shogirdlik an’analarini yanada asrab avaylashga, davom ettirishga da’vat etiladi.

Ra’no ZARIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: