EZGU ISHNING SAODATI ULUG‘
Mard yigitning ko‘ksi olovga ham qalqondir
Kuz oylari. Yarim tun. Mirobod tumani IIB Yong‘in xavfsizligi bo‘limida ovoz kuchaytirgich orqali dispetcher yong‘in sodir bo‘lgan manzilni e’lon qildi. Ekipaj a’zolari shay holatdagi o‘t o‘chiruvchi mashinalardan ogohlik chirog‘ini yoqqanicha yo‘lga chiqdi. Shoshilish zarur.
O‘t o‘chirish guruhi yong‘in sodir bo‘layotgan manzilga yetib borganida yumshoq o‘yinchoqlar, tez yonuvchi vositalar, shuningdek, yonilg‘i saqlanadigan omborxona alanga ostida qolgan edi. Olovning hovuri bir necha metr naridan ham kishiga o‘z issiq taftini nashtardek sanchadi. Go‘yo ajdarho domining o‘zginasi. Olov tezlik bilan o‘rmalab borardi. Vaziyat jiddiy. Kasb yuzasidan olov balosi bilan ko‘p bora to‘qnashgan o‘t o‘chiruvchi xodimlar bu gal ham sarosimaga tushmadi. Bo‘linma xodimlari komandir Xayrulla Zaitovning ko‘rsatmalari bilan yong‘in qa’riga kirib borishga harakat qildi. Bunday paytlarda xavfsizlik yuzasidan ekipaj a’zolari sherigini ko‘zdan qochirmay, bir-biridan uzoqlashmasligi kerak. “ehtiyot bo‘l”, “suvni uzat”, “yon tomondan kirish kerak”, “mahkamroq ushla” kabi baland ovozdagi so‘zlar go‘yo olov yutib yuborayotgandek, elas-elas eshitiladi. O‘t o‘chiruvchi xodimlarning sa’y-harakati bilan olovning hovuri ancha pasaydi. Ammo xavf to‘liq bartaraf etilmadi. Olovni butkul o‘chirish maqsadida bino ichkarisiga Xayrulla aka do‘sti Bahrom Ergashev bilan kirib bordi. Birdan kishi ko‘nglini behuzur qiladigan achimsiq is dimoqqa urildi. Olov bino shiftining bolor qismini allaqachon mo‘rtlashtirib qo‘ygan ekan, to‘satdan shift qulab tushdi. Komandirning boshiga nimadir qattiq tegdiyu qulog‘i shang‘illab ketdi. Atrofini zulmat qopladi. “Bahrom, Bahrom, Bahrom….”
Qolgani yodida yo‘q. Ko‘zini ochsa shifoxonada. Badanining kuygan sohalari tortishib, achishib og‘rir, bosh qismidagi jarohatining azobidan tishini tishiga qo‘yib chidashdan o‘zga chorasi yo‘q edi.
– Olovni bartaraf eta olishdimikin? Hamkasblarimning hech biriga ziyon yetmadimi?! – Xayrulla aka o‘sha mash’um kunni xotirlab, xayolga cho‘madi. Bino ichkarisiga hamkasbi Bahrom bilan kirib borgani elas-elas yodiga tushdi-da, birdaniga jon holatida – Bahrom!!! – deb yubordi. Mirobod tumani IIB Yong‘in xavfsizligi bo‘limining yong‘in o‘chiruvchi xodimi Bahrom Ergashev voqea-hodisa joyida qattiq jarohatlanib shifoxonada vafot etgandi.
Ezgu ishning yo‘li qutlug‘, umri boqiy bo‘ladi. Aholining tinchligi va farovonligi yo‘lida ko‘rsatgan jonfidoligi tufayli Mirobod tumani IIB YOXBning bo‘linma komandiri Xayrulla Zaitov “Jasorat” medali, do‘sti va hamkasbi marhum Bahrom Ergashev esa “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Xayrullaning bu kasbni tanlashida otasi Jo‘ra aka Zaitovning o‘rni beqiyos. Yodida, bolalik kezlarida harbiy libos kiygan otasining ishdan ertaroq qaytishini kutar, uning ko‘rkam va toza kiyimlarini darhol kiyib, onasiga maqtanib qo‘yardi. Ana shu qiziqish va ishtiyoq uni yong‘in xavfsizligi bo‘limida ish boshlashga yetakladi. Sohaga mehri oshdi. O‘qidi, o‘rgandi. Ilk faoliyatini ham hozirda ish yuritib kelayotgan poytaxtimizning Mirobod tumani IIB Yong‘in xavfsizligi bo‘limida boshladi. Qattiqqo‘l, tajribali, shuningdek mehnatkash ustozlari Nurilla Ziyaev, Sa’dulla Zoitov, G‘ofir Qodirov yordamida ko‘p tajriba orttirdi. Xavfni tezda bartaraf etish ko‘nikmasini o‘zlashtirdi. Eng muhimi, er yigitga xos jasurlik, shijoat, tantilik, qo‘rquvni yengib, sarosimaga tushmasdan voqea joyini aniq va to‘g‘ri o‘rganib chiqib, tahlil etish qobiliyatini o‘zida shakllantira oldi.
Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi XI bob, 50-modda.
Huzur-halovatning asosi ogohlikdir
Xalqimiz har bir duosida “O‘t balosi, suv balosidan asra”, deya ko‘p bor tilak bildiradi. Bu esa yuqoridagi ofatning oqibati nechog‘li ayanchli ekanidan dalolat beradi. Xayrulla Zaitov va u kabi yong‘in xavfsizligi bo‘limida ishlab kelayotgan xodimlarni o‘z hayotini xavfga qo‘yib aholining molini, jonini o‘t balosidan asrab kelayotgan fidoyi kasb egalari sirasiga kiritsak arziydi. Bugungi kunda aholining tinch va osuda hayot kechirishida soha xodimlarining o‘rni beqiyos sanaladi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli so‘nggi yillarda respublikamizda sodir bo‘lgan yong‘in holatlari sezilarli darajada kamaygan. Buni Mirobod tumani IIB Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Soha xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar ortidan tumanda sodir bo‘lgan joriy yilgi yong‘inlarning umumiy soni o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga kamaygan.
– Joriy yilning shu vaqtiga qadar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan tuman hududida joylashgan va ro‘yxatga olingan manzillarda, yong‘inga qarshi holati tekshirilib borildi. Korxona va fuqarolarga xususiy mulk sifatida tegishli bo‘lgan 745 ta turar joylarning 10 ming 935 marotaba yong‘inga karshi holati tekshiruvdan o‘tkazildi, – deydi Xayrulla Zaitov. – Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda, tuman Tibbiyot birlashmasiga va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli bo‘lgan maskanlarda jami 457 ta yong‘inga qarshi tekshiruvlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida aholi istiqomat qilayotgan turar joy bilan birgalikda mahalla-ko‘yning joylashuvi, sim yog‘ochlarning tartibi, gaz quvurlarining xavfsizlik holatlari ham o‘rganib boriladi. Ammo shunga qaramay hanuzgacha aholi o‘rtasida qo‘lbola isitkich pechlardan foydalanish hollari uchrab turibdi. Gaz isitish pechlarining dudburonlarini tez-tez tozalab turishga ko‘p ham e’tibor qaratilmaydi. Elektr simlari nosoz holga kelguniga qadar bee’tiborlik bilan qarashadi. Natijada ko‘plab ko‘ngilsiz hollar yuzaga keladi.
Boy berilmagan umr
Erta tongdan navbatchilikni qabul qilib olgan qahramonimiz hamkasblari bilan ish boshlashidan oldin bugungi ish kunimiz tinch va xotirjam o‘tsin, deya ezgu tilak bildirib duoga qo‘l ochadi. Ba’zan navbatchilik xotirjam o‘tadi. Demakki, aholi tinch va osuda. Ammo hamisha ham shunday bo‘lavermaydi. Ba’zan bir kunda 10 ga yaqin yong‘in holatlari sodir bo‘ladi. Har safar yong‘in hududi xavotiri bilan guruh a’zolari yo‘lga chiqishar ekan, yo‘l-yo‘lakay manzil bilan tanishib, o‘t ketgan binoning hududiy chizmasini ko‘zdan kechirib borishadi. Mashina qaysi yo‘nalish bo‘ylab kirib borsa qulay, suv qudug‘i binoning qay tomonida o‘rnatilgan, deya tezkorlik bilan o‘zaro tahlil qilinadi. Bunday paytda manzilga tezda yetib borish bilan birgalikda hudud holatini o‘rganib chiqishda ham tadbir bilan ish ko‘rmoq lozim. Ichkarida jabrlanuvchi yo‘qmi, elektr sim qayerdan o‘tgan, gaz quvurlarning yo‘nalishi qay tartibda, mol-mulk binoning qaysi qismida?! Zero, yo‘l qo‘yilgan arzimas xato va e’tiborga olinmagan kichik jihatlar ham ayanchli holatlarga olib kelishi, kishining yillar davomida yig‘ib borgan mol-mulki zumda havoga sovurilishi mumkin.
Xayrulla Zaitov ko‘p yillik mehnati davomida hamkasblari Akmal Abdurazzoqov, Elmurod Dehqonov, Yusufjon Ahmedov, shogirdlaridan Olim Suyunboyev, Lutfulla Usmonqulov, Rustam Abdurahmonov, Doston Umarov bilan tajriba almashadi. Vaqti kelsa ularga o‘rgatadi, kezi kelganda o‘zi ham xodimlardan o‘rganadi. Sohaning pastu balandida, og‘ir va yengilida ular bilan taqdiri hayotning savobli, ezgu ishlar chorrahasida tutash kelganidan faxrlanadi.
Xayrulla aka ilk faoliyatini yodga olarkan, ko‘nglini qandaydir faxr, g‘urur tuyg‘ulari egalladi. Xizmat paytida olov qa’ridan olib chiqayotganida bo‘ynida mahkam quchib olgan bolakayning minnatdorlik izhori balqib turgan nigohlarini ko‘z oldiga keltirdi. Keksa yoshdagi otaxonga yordam berganida uni uzundan uzoq duo qilganini yodga oldi. Ha, Xayrulla Zaitovning kasbi ezgu ishga hamohang, savob ishga eshdir.
Qadimdan xonadonimiz nuroniylari “Pinakka ketishdan oldin mo‘ringga, so‘ringga, eshik-tirqishingga bir nigoh tashlab qo‘y”, deya bejizga aytishmagan. Zero, yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlarining e’tirof etishicha, asosiy yong‘in holatlari tunda sodir bo‘lar ekan. Bu esa ayrim fuqarolarning o‘z uyi, mol-mulki va oila a’zolarining hamda o‘zining hayotiga sovuqqonligi oqibatida kelib chiqadi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri