Yoshlar haftaligi yakunlandi
Poytaxtimizda “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida o‘tkazilgan Yoshlar haftaligi yakunlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi ezgu ishlarga rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Iste’dod” jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan Yoshlar haftaligi bu borada yirik loyihalardan biri bo‘ldi. Haftalik doirasida san’at va madaniyat namoyandalari, ilm-fan arboblari, kino va moda yo‘nalishida ijod qilayotgan xorijiy ekspertlar ishtirokida yetti yo‘nalishda o‘ndan ortiq tadbir o‘tkazildi.
Turli ko‘rgazma va festivallar, interfaol mahorat darslarida yoshlar o‘zlarining kino, moda va dizayn, teatr, turizm, ekologiya kabi sohalarni yanada rivojlantirishga doir bilim va salohiyatini namoyon qildi. “Quvnoqlar va zukkolar”, “Tafakkur sinovlari” ko‘rik-tanlovlari ishtirokchilarni qizg‘in bahs-munozaralarga chorladi. “XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostidagi ilmiy-amaliy anjuman yosh avlodning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, o‘z sohasi bo‘yicha tajriba to‘plash imkonini yaratdi.
Yoshlar ijod saroyida haftalik yakuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir doirasida yoshlarning Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbati, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish bilan bog‘liq g‘oyalari tasvirlangan foto, tasviriy san’at, haykaltaroshlik asarlari, milliy hunarmandchilik buyumlari, pazandalik namunalaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbirda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va “O‘zbekkino” milliy agentligi hamkorligida o‘tkazilgan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari festivali g‘oliblari taqdirlandi. Habibullo Lutfullayev suratga olgan yoshlar hayotidan hikoya qiluvchi “Oq bulut” melodramasi “Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film” deb topildi.
Muxtasar aytganda, Yoshlar haftaligi turli yo‘nalishlar, zamonaviy san’atdagi yangi nomlarni kashf etish, yosh iste’dod sohiblarini zamonaviy kino, moda, teatr san’ati yo‘nalishlari va tendensiyalari bilan tanishtirish, ularning shu soha mutaxassislari bilan hamkorlik o‘rnatishi uchun katta imkoniyat yaratdi.
Ch.XUSHVAQTOVA
“Sog‘lom avlod” muxbiri