Insonparvarlik tashkilotiga 90 yil
O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati faoliyatiga bu yil to‘qson yil to‘ldi. Milliy Matbuot markazida ana shu mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar 2011-2015 yillarda jamiyat tomonidan 20 mingdan ziyod fuqarolar va kam ta’minlangan oilalarga 1,5 mlrd. so‘mdan ortiqroq miqdorda moddiy yordam ko‘rsatilganini e’tirof etdilar. Tashkilot xodimlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnatkashlariga, o‘zgalar qaramog‘iga muhtoj, yolg‘iz qariyalar, nogironlar holidan manzilli xabar olib, ularga zarur yordam ko‘rsatishmoqda.
Oliy Majlis Parlament komissiyasi tomonidan “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida e’lon qilingan grant loyihasi bo‘yicha 75 ta g‘olib tashkilotning 13 tasi O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati va uning bo‘linmalaridir. Jumladan, jamiyatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahrida loyihalar ijrosini ta’minlash yo‘lida jamiyatning tashkilot va bo‘linmalariga davlat tomonidan 192 mln. so‘m miqdorida grant mablag‘lari ajratildi.
O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati tomonidan bugungi kunda 3,5 mingdan ziyod patronaj hamshiralari nogiron, yolg‘iz keksalarga yaqindan yordam berib kelishmoqda. Tashkilot Favqulodda Vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan 30 ta o‘quv qo‘mondonlik mashg‘ulotlarida ham ishtirok etdi. Maktab va akademik litseylarda yil davomida 832 ta sanitar postlar tashkil etilib, besh mingdan ziyod o‘quvchilar va 1 ming 500 nafarga yaqin o‘qituvchilar dastur doirasida favqulodda vaziyatlar jarayonida amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan malaka oshirdilar.
M. XO‘JAMURODOVA