Elda ardoqli, oilada suyukli

Mamlakatimiz mus­taqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab har bir sohada bo‘lgani kabi stomatologiya sohasida ham samarali islohotlar amalga oshirildi. 1996 yilda xalqaro stomatologlar ko‘rgazmasida germaniyalik hamkasblarimiz tomonidan yaratilgan tish implantanti (tish vazifasini bajaruvchi sun’iy qoziq)ni sotib oldim. Uning ko‘plab qulay jihatlari mavjudligi meni implantant yasash sohasiga qiziqtirib qo‘ydi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay Germaniyaning “Friatek” firmasida bir oy mobaynida o‘qib implantant mutaxassisligi bo‘yicha sertifikat olib qaytdim. Va shu sohada faoliyatimni boshladim, – deydi poytaxtdagi 4-stomatologiya poliklinikasi implantant-stomatologi Abdufattoh Nabiyev.

Izlanuvchan shifokor Rossiyaning Moskva hamda Novosibirsk shaharlarida shu soha bo‘yicha tajriba orttirdi. Qo‘qonda joylashgan Respublika implantant o‘rnatish markazi A. Nabiyev uchun haqiqiy tajriba maydoni bo‘ldi.

– Bolalik – inson kelajagining poydevori deyishadi. Bolaning kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lishini u qiziqadigan o‘yinlariga qarab ham ilg‘ab olish mumkin. Ana shu davrdanoq ota-ona farzandiga e’tiborli bo‘lib, tanlagan kasbiga to‘g‘ri yo‘naltira olsa u kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishi shubhasiz, – deydi shifokor.

Abdufattoh to‘qqiz yoshligida tishi og‘rib maktab tish shifokoriga bordi. Shifokordan cho‘chib turgan tengdoshlarini ko‘rib, – men o‘g‘il bolaman, qo‘rqmasligim kerak, degan xayol bilan tibbiyot xonasiga kirdi. Shifokor unga ukol (emdori) qilgunicha og‘riqqa chidab turdi-da, birdan hushidan ketib, yiqildi. Ko‘zini ochganida esa tepasida turgan shifokor hamda sinfdoshlariga ko‘zi tushdi. – “Nega bunday bo‘ldi, men o‘zimdagi qo‘rquvni yengishim kerak. Chunki, kelajakda Abdurasul amakimga o‘xshab shifokor bo‘laman”, – degan edi o‘ziga-o‘zi o‘shanda.

Shu kundan boshlab u tibbiyotga oid kitoblarni o‘qiy boshladi. Bunda unga otasi Abduxalil aka hamda onasi Nazira opalar suyanchiq bo‘lishdi. Otasi 13-umumta’lim maktabida o‘qituvchi, onasi esa maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyachi edi. Ular to‘rt nafar farzandini bilimli, diyonatli, irodali qilib voyaga yetkazganlari bois bugungi kunda mehnatlari mevasidan bahramand bo‘lishmoqda.

1981 yilda maktabni tamomlagan Abdufattoh aka shifokor bo‘lish or­zusida Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ga hujjat topshirdi. U kirish imtihonlaridan o‘tolmagach, 15-shahar shifoxonasining qabul bo‘limiga sanitar bo‘lib ishga kirdi. Shifokorlarning harakatlarini kuzatish asnosida, ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandi. Yigitcha vaqtdan unumli foydalanib tayyorlov kursida bilimini charxladi. Va 1984 yilda u talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Ko‘hna meros

Talabalik davrida professor ustozlari poytaxtdagi 15-shahar klinikasi bosh shifokori Mirsoqi Mirxo‘jayev, Toshkent davlat tibbiyot institutining jarrohlik bo‘limi kafedra mudiri Ergash Mahkamov, Yelena Bogorodskaya va shu kabi sohaning yetuk mutaxassislaridan tibbiyot sohasini, keyinchalik stomatologiya sirlarini chuqur o‘rgandi.

– Tishi og‘rigan bola oq xalatli shifokordan qo‘rqqanidan og‘zini ochmay, xarxasha qilishi mumkin. Bunday vaziyatda shifokor bemorning ruhiyatini yaxshi anglashi – psixolog bo‘lishi, xushmuomalalik bilan bolani yo‘lga solishi kerak, – deydi Abdufattoh Nabiyev. – Ba’zida tishning ustki qismi yemirilsa-da, ildizi mustahkam bo‘ladi. Tish jarrohi qanchalik ehtiyotkorlik bilan o‘z ishiga yondoshmasin, ildiz qismi qolib ketishi mumkin. O‘z vaqtida buni bartaraf qilishda shifokorga bemorning yordami kerak. Shifokorlikning ana shunday nozik jihatlarini 9-bolalar poliklinikasida internaturani o‘tash davrida ustozim bosh shifokor Nasiba Ibragimovadan o‘rgandim.

Talabalik davrida 4-stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori Xurshid Mo‘minov hamda shifokor Abbos Umarovlar tomonidan o‘tkazilgan seminarda qiziquvchan talaba ustoz­lariga juda ko‘p savollar beradi. Seminardan keyin X. Mo‘minov uni yoniga chaqirib, o‘zi faoliyat olib borayotgan muassasaga ishga taklif etadi. Shundan so‘ng A. Nabiyevning mazkur muassasadagi faoliyati boshlandi.

2010–2013 yillarda O‘zbekiston Res­publikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan haj safari ziyoratchilarining salomatligini nazorat qiluvchi shifokor sifatida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatgani uchun bir guruh shifokorlar qatorida Abdufattoh Nabiyev ham faxriy yorliq bilan mukofotlangan.

Tajribali va malakali stomatolog, kamtarin inson Abdufattoh aka kursdoshi Nodiraxon opa bilan oila qurishdi. Abdufattoh aka oilada mehribon va talabchan ota, sadoqatli umr yo‘ldoshi. Dam olish kunlari shirin taom tayyorlab ota-onasi, oilasi davrasida suhbatlashib o‘tirishni xush ko‘radi. Ota sifatida farzand­lariga hayotda ibrat ko‘rsatib yashamoqda. O‘g‘illari Abdufarrux hamda Abdufotih, qizi Nazokatxonlar ham tibbiyot sohasini tanlashgan.

Shifokor qabuliga kelgan navbatdagi bemorni taklif etadi: – Keling, qanday shikoyatingiz bor? Sizni eshitaman…

Ha, xushmuomalalik, shirin so‘z bemor uchun birinchi shifo, keyin muolaja.

Bugungi kunda Abdufattoh Nabiyev bilan yonma-yon ishlab, uni o‘ziga ustoz sanaydigan yoshlar juda ko‘p. Ustoz ham ulardan o‘z bilimini ayamasdan, talabchanlik bilan soha sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Shogirdlari ustoz haqida bir so‘z bilan insonda qanday ijobiy xislatlar bo‘lsa, u kishida mujassam, deyishadi.

Yana o‘qing:  Ezgu maqsadlarimizning hayotiy ifodasi

El sog‘lig‘i yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilayotgan fidoyi, jonkuyar shifokor Abdufattoh Nabiyevga hayot yo‘lingiz doimo charog‘on bo‘lsin, deymiz. Zero, eli-yurti uchun mehnat qilgan inson hamisha xalq ardog‘ida bo‘ladi.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: