DUNYODAGI ENG INGICHKA SUN’IY QON TOMIRI YARATILDI
Yaponiyalik olimlar kalamush tanasida diametri 1 millimetrdan oshmaydigan dunyodagi eng ingichka sun’iy qon tomiri yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Tomir sun’iy bo‘lishiga qaramay, uning kelib chiqishi tabiiy. Chunki, to‘lig‘icha kalamush organizmidagi oqsillardan tashkil topgan. Texnologiya shundan iboratki, kalamushning terisi ostiga 0, 6 mm qalinlikdagi zanglamaydigan materialdan (masalan, silikon) tayyorlangan tayoqcha kiritiladi. Organizm yot jismga ta’sir ko‘rsatadi va uning atrofida tayoqchani o‘rab oluvchi kollagen hosil bo‘ladi hamda bo‘lajak sun’iy tomir shakllanadi.
Yangi texnologiya kalamushda yarim yil davomida sinab ko‘rilgan va hech qanday muammo, jumladan, organizm yot jismni qabul qilmaslik holati kuzatilmagan.
Miya va yurak-qon-tomir izlanishlari milliy markazi tadqiqotchilari o‘z texnologiyalarini takomillashtirib, uning qo‘llanishini besh yil mobaynida odatiy tibbiy amaliyotga aylantirishni rejalashtirmoqda.
Muxlisa ABDUHAMIDOVA,
TTA talabasi