BAYRAM ShODIYONASI
Yangi yilni hammadan ham ko‘proq bolajonlar intizorlik bilan kutishadi. Zero, bu bayramning o‘ziga xos sehri mavjud bo‘lib, bolajonlar o‘zlarini tom ma’noda ertaklar mamlakatiga tushib qolgandek his qilishadi. Bolajonlarga ana shunday quvonch ulashish maqsadida joylarda Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar boshlab yuborildi. Yaqinda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 52-maktabgacha ta’lim muassasasi 7-9-rus guruhlarida ham bolajonlarning yil bo‘yi o‘rgangan mashg‘ulotlari asosida Yangi yil bayram tadbiri o‘tkazildi.
Turli xil ertak qahramonlari ko‘rinishidagi bolajonlar archa atrofini aylanib tarbiyachilari Zulxumor Xolmirzayeva, Olga Trush, logoped Gulnora Yoqubova, musiqa rahbari Kamola Almatovalarning o‘rgatgan she’r, qo‘shiq, va raqslarni zavq bilan ijro etdilar.
– Bolalarni maktabga tayyorlashda ularning nutqini o‘stirish, fikrlash, eslab qolish qobiliyati, qo‘l (barmoqlar) motorikasini rivojlantirish asosiy o‘rinni egallaydi. Bizning 57-maktabgacha maxsus ta’lim muassasamizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2010 yilda qabul qilingan “Bolajon” Dasturi bo‘yicha ish olib boramiz. Mazkur Dasturning maqsadi maktab yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’limning davlat va jamiyat talablari asosida bola shaxsiga, bolalarni sog‘lomlashtirish, ularning qobiliyati, ehtiyoji, imkoniyatiga moslashtirib rivojlantirishga katta e’tibor qaratishdan iborat, – deydi bog‘cha mudirasi Gulchehra Azimova.
Shuni ta’kidlash joizki, bolajonlar ertak qahramonlari bilan bir zum ertak ishtirokchisiga aylandilar. Ana shunday bayramona kayfiyat yil davomida bolajonlarning qalbida yashaydi.
M. XO‘JAMURODOVA