SOVUQDAN HAM ALLERGIYa BO‘LADIMI?

Keyingi vaqtda allergik kasallik­larning aholi orasida ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu xastalikning bir turi xalq orasida “eshak yemi” nomli toshma bilan ma’lum. Sovuqdan allergiya mexanizmi boshqa allergik kasalliklardan farq qiladi. Kasallik kishida faqatgina toshma toshib, qichishishdek noxushlik keltiradi, deb bilsak, xato qilamiz. Sovuqdan allergiya psevdo (soxta) allergiya guruhiga kiradi. Bunday o‘ylab qarasak, sovuq ham allergen bo‘ladimi?

Aslida u allergen bo‘lmasa-da, tana toshmalarida og‘riq, jismoniy qichishishdek noxushlikni keltirib chiqaruvchi omildir. Uy sharoitida odam o‘zida sovuqdan allergiya ehtimoli bor ekanini tekshirishi mumkin. Kub shaklidagi muz qo‘l terisiga 5-8 daqiqaga qo‘yiladi. Agarda terida toshma, qichishish, kuygandek holatlar bo‘lsa, bilingki, sizda sovuqdan allergiya bo‘lish ehtimoli bor. Lekin bu xulosani, albatta, shifokor tasdiqlasagina sizda sovuqdan allergiya bor, deb hisoblanadi. Allergiyaning boshqa shakllari maxsus laboratoriyalarda tekshiriladi. Chunki, ovqat hazm qilish tizimi, o‘t yo‘li, jigar, me’da osti bezi, hatto ichak yoki jigarda parazitlar borligi tufayli organizmda talay o‘zgarishlar bo‘ladi. Bu holatlarda davo kompleks ravishda tashkil etiladi.

Bu kasallik bir necha xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Xususan, sovuqdan qichishish bo‘lsa, teridagi toshma qichitqi (krapiva) o‘tidan kuygandek ko‘rinishda bo‘ladi. Sovuqdan dermatitda qizarish, teri qurishi, qichishi, og‘ir holatda butunlay shishib ketishi kuzatiladi. Sovuqdan tumov ko‘rinishidagi psevdoallergiya tumov (rinit), aksa uraverish, burundan suv oqqandek noxush holatlar ro‘y beradi. Bemor issiq joyga kirsa, birdan “o‘zidan-o‘zi” tuzalib qolgandek bo‘ladi.

Psevdoallergik kon’yuktivit kasalligida (sovuq kunlarda) ko‘z achishishi, yoshlanishi kuzatiladi. Bu holatni aslo organizmning qishda bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy muhofaza reaksiyasi bilan adashtirmaslik lozim. Salqin va sovuqda sog‘lom odamda ham ko‘z yoshlanishi, burun oqishi tabiiy holdir. Har ikki holatda ham bunday noxushliklar issiq joyga kirilsa, o‘tib ketadi. Ba’zan sovuqdan astma (ziqqinafas) xuruji kuzatiladi. Hatto, nafas yetishmaslik, nafas qisish hollari ham uchraydi. Bu kasallik bilan allergologlar emas, pulmonologlar shug‘ullanadi.

Sovuqdan allergiyasi bo‘lgan kishi ko‘chaga chiqishidan oldin antigistamin (allergiyaga qarshi) mahsulot (hapdori, sprey, burun yoki ko‘z uchun tomchi)lardan foydalanishi samara beradi. Bu dori vositalari vaqtincha yengillik berishini unutmaslik kerak. Lekin harorat noldan pastga tushsa, kasallik ruju qilaverishi mumkin.

Yana o‘qing:  Tuya suti – tabiatning tansiq ne’mati

Keragidan ortiq qalin kiyinish hech qanday naf bermaydi. Sintetik va jun tolali ki­yimlar tanaga tegib turishidan ehtiyot bo‘ling. Ich kiyim va tanaga tegib turuvchi kiyimlar tabiiy tolali (ipak, paxta, zig‘ir tolali) bo‘lishi zarur. Aks holda kasallikning butun tanaga tezroq yoyilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lasiz.

Bizning keskin o‘zgaruvchan iqlimda qishning ayozli kunlarida, ayniqsa, kuz tonggida sovuqdan allergiya bo‘lishi kuzatiladi. Buning allergiya ekaniga e’tibor bermaganlar “shamollabman”, deb o‘ylab, o‘zlaricha muolaja boshlaydilar. Ayniqsa, mutaxassis bilan maslahatlashmay, antibiotiklardan najot qidiradilar. Yodingizda bo‘lsin: o‘zingiz yoki oilangizdagi bemorni kuzatishni odat qiling. Albatta ko‘p kuzatib, vaqtni o‘tkazish ham nojoiz. “Kuzatish” deganda bemorning hozirgi va bundan avval shamollagandagi yoki allergiya qo‘zg‘ashida qanday belgilar bo‘lganini qiyoslang, demoqchimiz. Sizning bu kuzatishlaringiz shifokor qabulida kechadigan savol-javoblarda juda qo‘l keladi.

Sovuqdan allergiya bo‘lmaslik uchun butun organizmni tibbiy-laborator tekshirtirish lozim. Allergolog va gas­troenterolog bemorga tegish­li parhezni belgilaydi, o‘t haydovchi, parazitlarga qarshi va shu kabi dori vositalarini tavsiya qiladi. Me’da shirasini me’yorga keltiradi. Biz me’dasida yallig‘lanish (gastrit) yoki yarasi bo‘lmagan bemorlarga bir necha kurs ma’danli suv ichishlarini tavsiya qilamiz. (Har bir bemor aynan qanday mineralli suv ichishi kerakligini shifokor bilan kelishib olgani maqsadga muvofiq.) Suvni nahorga, yarim-bir stakan, iliq-issiqroq holda yoki (kunduzi) ovqatdan kamida 30 daqiqa oldin ichish kerak. Va albatta allergiya chaqirishi mumkin bo‘lgan sun’iy rangli oziq-ovqat mahsulotlar hamda ichimliklarni iste’mol etmasligimiz zarur.

Keyingi tavsiyamiz: organizmni chiniqtirish kerak. (Albatta, shifokor bilan maslahatlashib, chiniqish rejasini tuzgandan so‘ng.) Avvalo chiniqishni qo‘ldan, kontrast vanna qabulidan boshlash zarur. Qo‘llarni 30 soniya oldin sovuq suvda, keyin issiq (qo‘lni kuydirmaydigan darajadagi) suvga solib, qo‘lni isitib olish kerak va yana 2-3 marta shu muolajani takrorlash zarur. Boshqa kuni oyoqlarni shunday chiniqtirish mumkin. Shu tariqa sekin-asta butun tanani chiniqtirishga o‘tiladi. Bir necha kundan so‘ng idish (vannacha)ga muzlatgichdagi katakchali idishdan yax olib, sovuq suvga solasiz. Shunda suv­ning haroratini borgan sari pasaytirib borish mumkin.

Kun birdan sovib, terida shish, qizarish yoki yengil qichish boshlanib kelayotganini sezsangiz, tezda yaqin oradagi issiq binoga kirib, choy yoki kofe iching. Unutmang, xastalikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal.

Yana o‘qing:  Shamollashni davolashda oddiy choralar

Munira ZUPAROVA,

Chilonzor tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: