Mirza polvonning kenja avlodi

Xalqimizda ota-bobolarining izdoshi bo‘lib, sulola sharafini munosib himoya qilayotganlar haqida gap ketganda “qonida bor”, “qoniga tortibdi” degan iboralar ko‘p qo‘llaniladi. Bu ibora ayniqsa, qadimiy va milliy sportimiz bo‘lgan ko‘pkari va kurash musobaqalarida ajdodi chavandoz yoki polvon bo‘lgan yoshlar g‘oliblikni qo‘lga kiritganda tez-tez aytiladi. Beshkapalik taniqli kurashchi Elbek Saidovning ham qonida polvonlik bor. U xalq o‘rtasida afsonaviy pahlavonga mengzaladigan Mirzapolvonning avlodi. Urgutlik keksa otaxonlarning aytishlaricha Mirzapolvon to‘ylarda kurash tushganda unga teng keladigani topilmagan.

1979 yili tug‘ilgan Elbek Saidov doimo ota-bobolarining munosib izdoshi bo‘lishga harakat qiladi. Polvon 1996 yil Urgut tumanidagi 22-umumta’lim maktabini tugatib, Vatan oldidagi yigitlik burchini o‘tashga otlandi. Harbiy xizmatdan so‘ng Urgut shahrida 3-sonli sport to‘garagini yo‘lga qo‘yib, yoshlarni sport mashg‘ulotlariga jalb qildi. Maqsadi qish­log‘ida tug‘ilib o‘sgan yoshlardan yurt bayrog‘ini yuksaklarga ko‘taradigan chempionlarni tayyorlash.

– Ajdodlarimiz orasidan, mahallamizdan juda ko‘p polvonlar yetishib chiqqan, – deydi Elbek Saidov faxr bilan. – Bizning katta bobomiz Mirzapolvon ne-ne polvonlarning kuragini yerga tekkizgani haqida hali-hanuz rivoyatga o‘xshagan gaplar yuradi. Bobomning qabri ziyoratgohga aylantirilgan bo‘lib, bu joy hozirda Ko‘ktosh ziyoratgohi deb ataladi. Shunday insonning avlodi sifatida yaqinlarimning yuzini yerga qaratmaslikka harakat qilayap­man. Qishlog‘imiz hamisha o‘z polvonlari bilan shuhrat qozonib kelmoqda. Abduraim, Sayfulla, Abrorxon, Abduaziz, Uzoq, Norqul, Ahmadqul, Turob, Rajab polvonlar o‘z davrida yurtda taniqli, mashhur kurashchilar bo‘lishgan. Zafar mashhur chavandoz ham polvon.

Ma’lumki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida sport, shu jumladan, bolalar sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ta’kidlash joiz, yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Urgutda ham sportni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sport turlarini ommalashtirish, yoshlarga o‘zi qiziqqan sport turining sir-asrorlarini o‘rgatishda Elbek Saidov kabi murabbiylarning xizmati katta bo‘layotir.

– Muhtaram Prezidentimiz sport insonga sog‘-salomat, bardam-baquvvat, hurfikr bo‘lib yurishi uchun yordam berishini, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘yini yanada oshirish, nufuzini yanada yuksaltirish uchun imkoniyat yaratishini ko‘p bora ta’kidlaydi, – deydi Elbek Saidov. – Darhaqiqat, sport bilan shug‘ullangan insonning salomatligi yaxshi, fikri tiniq bo‘ladi. Oilada, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga yordam beradi. Bugun urgutlik yoshlarning ham sportga qiziqishi juda katta. Ular sportning ko‘pgina turlari bilan ommaviy ravishda shug‘ullanmoqda. Kuzatishlarga asoslanib aytadigan bo‘lsak, yigitlar o‘rtasida ayniqsa, sharqona kurash ishqibozlari ko‘p. Ularni mohir sportchi qilib tarbiyalash uchun bor kuch-g‘ayratimni, taj­ribamni sarflayapman. Natija yomon emas. 2010 yildan buyon yuzdan ortiq yigit sportning bu turi bo‘yicha doimiy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘ydi va ularning orasidan ayrimlari tuman, viloyat, respublika musobaqalarida sovrinli o‘rinlar sohibi bo‘lmoqdalar.

Yana o‘qing:  MTMdan maktab sari

Chindan ham insonda, ayniqsa, yosh avlodda sportga ishtiyoq orta borgan sari yuksak marralarga intilish ham kuchayadi. Musobaqadan g‘alaba bilan qaytgan sportchini ko‘rganda havas uyg‘onadi va ayni paytda ana shunday muvaffaqiyatga erishishni o‘z oldiga maqsad qilib belgilaydi. Elbek Saidov ham malakali sportchilarning navqiron avlodini tarbiyalab yetishtirish maqsadida fidoyilik ko‘rsatib yoshlarga kurash sirlarini mukammal o‘rgatmoqda. Kelgusida shogirdlari orasidan mustaqil diyorimiz sharafini munosib himoya qilib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitadigan sportchilar yetishib chiqishiga ishonchimiz komil.

Munisa RAZZOQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: