“O‘zbekiston – bolalar nigohida” sahifasi va “Mening muassasam – mening oilam” loyihasi yakunlandi
O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi O‘zbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tanlovi asosida “Sog‘lom avlod” gazetasi tahririyati ham davlat grant-mablag‘ini qo‘lga kiritdi. Unda ota-ona qarovisiz qolgan, shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar muammolari, ushbu muassasalarning namunali tajribalari, bolalar iste’dodini yuksaltirishga ko‘maklashish bo‘yicha ijtimoiy maqolalar tayyorlash va chop etish vazifasi belgilab olingan edi.
Gazetada “O‘zbekiston – bolalar nigohida” rukni bilan sahifa tashkil etilib, unda “Mening muassasam – mening oilam” tanlovi ham e’lon qilindi. Loyihaning maqsad va vazifalari bilan tanishtirildi (09. 10. 2014. 41-son). Gazeta sayti “soglom. uz”da ham ushbu mavzu bo‘yicha alohida yo‘nalish tashkil etildi.
Avvalo, “Oiladagidek muhit, risoladagidek ta’lim-tarbiya” sarlavhasi ostida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i bilan suhbat uyushtirilib, “Mehribonlik” va “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilariga mamlakatimizda oiladagidek muhit, risoladagidek ta’lim-tarbiya berish maqsadida amalga oshirilayotgan huquqiy, ijtimoiy ishlar haqidagi suhbatni chop etdik (09. 10. 2014. 42-son).
“Ijtimoiy himoya namunasi” (09. 10. 2014. 43-son). sarlavhali maqolada esa respublikadagi ixtisoslashgan maktablardagi sharoit va ta’lim-tarbiyani yuksaltirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni hikoya qildik.
Undan keyin alohida muassasalarga e’tiborni qaratdik. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga, jumladan, ota-ona qarovisiz qolgan, shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar muammolarini o‘rganish va muassasalarning barchaga ma’qul hamda manzur tajribalari haqida maqolalar tayyorlab, bir yil davomida muntazam yoritib borildi. Eng asosiysi, “Mehribonlik” va “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilarining yurtimiz va o‘zlari kamol topayotgan muassasa haqidagi fikrlari, bu yo‘nalishdagi amalga oshirilgan ishlar – ular bilan suhbatlar, kichkintoylar, yoshlar ijodlaridan namunalar berish orqali keng ochib berildi. Shuningdek, “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilarining kollejni bitkazgach, kredit olib tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganlari haqida ham ularning dil so‘zlari orqali hikoya qildik (02. 04. 2015. 14-son); (11. 06. 2015. 24-son). “Mehribonlik” uylari va “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallasi” tarbiyalanuvchilarining keyingi hayoti, ta’lim tarbiyasi haqida (08. 01. 2015. 22-son) so‘z yuritdik. Provardida, yoshlar va bolalar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga, sog‘lom fikrlash ko‘nikmasini shakllantirishga, iste’dodini yo‘naltirishga, ma’naviyatini yuksaltirishga, jumladan, ularni el-yurt, oila, do‘stlarga muhabbat ruhida tarbiyalashga ko‘maklashishga intildik.
Zero, insonparvarlik va bag‘rikenglik ko‘ngli yarim bolalarga, nogironlarga – imkoniyati cheklangan insonlarga bo‘lgan munosabatda ko‘rinadi. Unda “Mehribonlik” uylaridagi va imkoniyati cheklangan bolalar muassasalaridagi shart-sharoitlar, bolalarga yaratilayotgan imkoniyatlar, davlatimizning g‘amxo‘rligi, shuningdek, bu sohadagi izlanishlar, imkoniyatlar yil davomida oltmishdan ortiq maqolalar orqali muntazam yoritib borildi. Shuningdek, sahifalarda muallif va bolalar tomonidan olingan 150 dan ortiq fotosuratlar, o‘quvchi-yoshlarning ijodidan namunalar, ya’ni chizgan rasmlari, badiiy asar va maqolalari hamda amaliy san’at namunalari e’lon qilindi. Loyiha yakunida o‘z iste’dodini namoyon etgan bolalar rag‘batlantirildi.
Ushbu sahifalar orqali mamlakatimizdagi 30 ta jami “Mehribonlik” uylari “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallasi” va shu tipdagi bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar muassasalari qamrab olindi. Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan bolalar muassasalariga ham keng e’tibor berildi. Loyiha oxirida “Eng namunali muassasa” sertifikati sohiblari aniqlashtirildi.
“Mening muassasam – mening oilam” tanlovi esa ko‘ngli yarim va imkoniyati cheklangan bolalarga o‘z qobiliyatlarini namoyon etish uchun mahorat maydoni bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda ularga qo‘shimcha ishtiyoq bag‘ishlab, iste’dodini yuksaltirishga ko‘maklasha oldi, desak xato bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, bolalarni ham ma’nan, ham jismonan qo‘llab-quvvatlashga, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shdi. Zero, bugungi kunda mamlakatimizda bolalarning iqtidorini tarbiyalash, ularning istiqbolini ta’minlash maqsadida ulug‘vor ishlar amalga oshirilyapti. Biz ham ushbu sahifa va tanlov orqali yuksak insoniy qadriyatlarga asoslangan hayotiy nuqtai nazarga ega bo‘lgan ma’naviy boy, axloqan yetuk, aql zakovati yuqori, bilimli, jismonan sog‘lom shaxsni kamol toptirishga munosib hissa qo‘sha oldik, degan umiddamiz.
Shuningdek, gazetamiz tahririyati ushbu mavzuni yoritishda faol qatnashgan mualliflarimizga, yosh ijodkorlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist