Oilaga tayyorlash maktabdan boshlanadi
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar: erishilgan natijalar va muammolar” mavzusidagi matbuot anjumani ana shu dolzarb masalaga bag‘ishlandi.
Jumladan, o‘tgan to‘qqiz oy davomida hamkorlik doirasida mahalla, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifatini o‘rganish, o‘quvchilarning dars jarayoniga jalb etilishi, hamda ularning dars qoldirmasliklari yuzasidan ota-onalari o‘rtasida ko‘plab targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, erta nikohlarning, oilaviy nizolarning oldini olish maqsadida “Kengashli to‘y tarqamas”, “Men baxtli ona bo‘laman”, “Oila va salomatlik” kabi mazularda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar bilan hamkorlikda ham madaniy-ma’rifiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Bevosita mahalla maslahatchilari tomonidan 6 mln. ga yaqin oila, (shundan 2 mln. dan ortig‘i yosh oila) o‘rganildi. Natijada 32, 4 mingta oilada aniqlangan turli nizolarning oldi olindi. 30 minga yaqin erta nikoh holatlariga barham berildi. 151 mingdan ortiq yosh oila tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Anjuman yakunida ommaviy-axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
M. XO‘JAMURODOVA